Barcha bolalar sayilgohlarga, o'yingohlarga, turli xil arg'imchoqlari bo'lgan bog'larga borishni istashadi. Oilaviy sharoiti o'rtacha bo'lgan, ayniqsa, oylik maosh hisobigagina kun kechiradigan biz kabi oilalar bunday sayrlarga har doim ham imkon topa olmaymiz. Shuning uchun men bolalarimning xursandchiliklarini o'ylab xonamdagi tortmamga bir konvert solib qo'yganman. Qo'limga pul tushganda bir-ikki junayhdan (Misr pul birligi) bo'lsa ham o'sha konvertga solib qo'yaman. Bir ikki oyga bormasdan bolalarni bir marta aylantirib kelishga etadigan pul yig'iladi. Keyin dadasini qiynamasdan o'sha pulga bolalarni o'ynatib kelamiz. Arg'imchoqlarda uchiramiz, muzqaymoqlar, shirinliklar, ichimliklar olib beramiz. Dadasi ham xursand, bolalar ham, men ham. Bu konvertimni “Shodlik konverti” deb nomlaganman. Chunki bu konvertdagi pullar sabab bolalarimiz shodlanishadi, farzandlarimiz quvonchini ko'rib bizning ham qalbimiz farah tuyadi.
Ko'plab ota-onalar “Bizda bunday narsalarga sharoit yo'q”, “Bunday joylarga boylar boradi” deb bahona qilishadi. Agar oilada ayol tadbirli bo'lsa, faqat bolalarini sayr qildirishga emas, boshqa xarajatlar, masalan kir yuvish vositalari yoki oshxona anjomlariga o'xshash ko'proq mablag' talab qiladigan narsalarni eriga bildirmasdan, ya'ni uning cho'ntagiga “zarar” etkazmasdan olishi mumkin. Buning uchun xuddi bizning “Shodlik konverti”mizga o'xshagan bir necha konvert tashkil qilish va unga muntazam ravishda oz-ozdan bo'lsa-da pul yig'ib borish kifoya.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston va Iordaniyani boy islomiy ma’naviy meros, ilm-fanga hurmat va madaniy an’analarni asrab-avaylashga intilish bog‘lab turadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi Sarvar Kamolov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu umumiylik yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikda amaliy ifodasini topmoqda.
"Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Iordaniya Butunjahon islom fanlari va ta’limi universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi," - dedi S.Kamolov.
Uning fikricha, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlar islom sivilizatsiyasi, tarixi va arabshunosligini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochib, ikki mamlakat olimlarining ilmiy salohiyatini birlashtiradi.
"Bunday format ilg‘or metodikalarni almashish va xalqaro maydonda islomning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi," - deya xulosa qildi u.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati