Halqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri bo'lgan muborak Qurbon hayitining mazmun-mohiyatida mujassam bo'lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an'ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ'ib etish, ushbu ulug' bayramni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida:
1. Joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9 iyul' – shanba kuniga to'g'ri kelishi to'g'risida O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, mamlakatimizda 2022 yil 9 iyul' kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 dekabrdagi “2022 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo'shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko'chirish to'g'risida”gi PF–35-son Farmoni bilan 2022 yil 11-12 iyul' kunlari dam olish kunlari sifatida belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo'yicha qo'mita, Mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy va diniy an'analariga mos ravishda o'tkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Turizm va madaniy meros vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo''tabar yodgorlik va qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
4. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog'liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari ilovaga muvofiq o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV
Toshkent shahri,
2022 yil 1 iyul'
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk magistrantlariga diplom topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirliklar, idoralar vakillari, taniqli ulamo va imom-xatiblar, o‘qituvchi va talabalar, soha faxriylari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar keyingi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida diniy ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida misli ko‘rilmagan tarixiy natijalarga erishilgani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, bitiruvchi magistrantlar yurtimiz va xorijiy nashrlarda 52 ta ilmiy maqola nashr ettirgani, “Sahihi Buxoriy”, “Sunani Termiziy”, "Tafsiri Nasafiy", "Hidoya", "Aqoidi Nasafiy" kabi mo‘tabar manbalar bo‘yicha 53 ta ilmiy ijozat shahodatnomasi olgani, barchasining umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 90% dan yuqori bo‘lgani, til bo‘yicha mahalliy va xalqaro sertifikatlar bilan birga raqamli texnologiyalar, 3D modellashtirish va xalqaro Islom moliyasi hujjati (CPSS) sohibi ekanlari yuqori baholandi.
Mana shunday yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan bitiruvchi magistrlarga Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov Davlatimiz Rahbarining 20 million so‘mdan pul mukofoti sertifikatlarini tantanali ravishda topshirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati