1992 yil 2 iyul' kuni “O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to'g'risida”gi qonun qabul qilingan. Unga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir.
Bugun ushbu muqaddas ramzni kattayu kichik birdek qadrlaydi. Unda jonajon O'zbekistonimizning tom ma'nodagi asl tasvirini ko'radi. Gerbimizga har bir hamyurtimiz alohida ehtirom bilan munosabatda bo'lishi mamlakatimizda ezgu qadriyatga aylangan.
O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi. Purviqor tog'lar, daryolar va so'l tomoni bug'doy boshoqlaridan, o'ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g'o'za shoxlaridan iborat chambarga o'ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turibdi. Bu esa o'xshashi yo'q diyorimiz maftunkorligiga o'ziga xos ishoradir. Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo'lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Ramz markazida baxt va erksevarlik ramzi – qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston», deb yozib qo'yilgan.
O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko'rinishida Humo qushi va daryolar – kumush rangida, quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi – oltin rangida, g'o'za shoxlari va barglari, tog'lar va vodiy – yashil rangda, chanoqlardagi paxta – oq rangda, lenta – O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda, sakkizburchak – oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda, yarim oy va yulduzlar – oq rangda tasvirlangan.
“O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to'g'risida”gi qonuning 4-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar, prokuratura organlari, O'zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga joylashtirilgan.
Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog'oz va tanga pullarda, qimmatli qog'ozlar va fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlarda aks ettirilgan.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro davlat ramzlari, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmat bilan munosabatda bo'lishi qonunchilik bilan belgilab qo'yilgan. Davlat ramzlariga bo'lgan hurmat mamlakatimizda maktabgacha ta'lim maskanlari, maktablardanoq yosh avlod ongiga singdiriladi. Bu esa ulg'ayib kelayotgan o'g'il-qizlarda o'zi tug'ilib o'sgan yurt taqdiri uchun daxldorlik, vatanparvarlik, fidoyilik, Vatan uchun cheksiz faxr va iftixor tuyg'ularini mustahkamlashda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
2 iyul' – O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi haqidagi qonun qabul qilingan kun munosabati bilan joylarda belgilangan tadbirlar keng miqyosda, ko'tarinki ruhda, yuqori saviyada o'tkazilishi rejalashtirilgan. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Madaniyat, Oliy va o'rta maxsus ta'lim, Halq ta'limi vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi kabi tashkilotlar hamkorligida “Davlat gerbi – mustaqillik timsoli!” shiori ostida ma'rifiy tadbirlar o'tkazish ko'zda tutilgan. Ularda taniqli olimlar, yozuvchilar, shoirlar, madaniyat va san'at namoyandalari, estrada xonandalari, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligining harbiy orkestrlari ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlarida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida o'tkazilayotgan “Ma'naviyat festivali” doirasida O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan madaniy-ma'rifiy tadbirlar o'tkaziladi.
Ushbu sanaga bag'ishlab telemarafonlar, Davlat gerbining ahamiyati, uni ulug'lashga qaratilgan interfaol madaniy-ma'rifiy tadbirlar, fleshmoblar, anjumanlar o'tkaziladi. Bularning barchasi Davlat gerbining ahamiyatini yosh avlod ongiga yanada mustahkam singdirish, ularni ulug' ajdodlarimizga munosib, yurtparvar insonlar etib kamolga etkazishdek maqsadlarga yo'naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Nazokat Usmonova, O'zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘tgan mavzularda hadislarni saqlash uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan turli uslublarni o‘rganib chiqdik. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, hadislarni yozib olish ularni saqlashning yagona usuli bo‘lmasa-da, ammo bu jarayon hech qachon e’tibordan chetda qolmagan.
Hadislarni to‘plash borasida sahobalarning urinishlariga nazar solsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u zotning to‘rt ulug‘ xalifalari vaqtlarida minglab hadislarning yozilganini ko‘rishimiz mumkin.
Navbatdagi mavzularda aynan shu erta davrda eng mashhur bo‘lgan hadis to‘plamlarining tavsifi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Bu ma’lumotlar hech bo‘lmaganda hadislar dastlabki uch asr mobaynida to‘planmagan degan noto‘g‘ri tasavvurni rad etadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga binoan yozilgan hadislar
Avvalo shu haqiqatni anglab olishim kerakki, ko‘pgina hadislar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari tomonidan yozdirilgan va yozilgan holatda saqlanilishiga buyurilgan. Uni quyidagilar orqali bilish mumkin:
Sadaqa (zakot) kitobi
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zakot borasidagi shar’iy hukmlarni o‘zida jamlagan, zakot chiqarilishi kerak bo‘lgan turli mol-mulklar bilan bog‘liq bo‘lgan zakot nisobi va uning zakot chiqarish miqdorlarini belgilab bergan mukammal hujjatlar yozdirdilar. Bu hujjat “Kitobu-s-sadaqa” (Sadaqa kitobi) deya nomlangan.
Bu haqda Abdulloh ibn Umar bunday deydi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sadaqa (zakot) kitobini yozdirdilar va uni vafot etadigan vaqtlarida voliylarga yubordilar. U Zot bularni qilichiga osib qo‘ygan edi. U zotning vafotlaridan zo‘ng Abu Bakr ham vafotlariga qadar bunga amal qildi. So‘ngra Umar ham o‘limiga qadar bunga ko‘ra ish tutdi. Bu kitobda quyidagilar qayt etilgan edi: Besh tuyadan bir echki olinadi…. ”
Bu hujjatning matni “Sunan Abu Dovud” kitobida keltirilgan. Mashhur muhadddis Imom Zuhriy bu hujjatni o‘quvchilariga o‘rgatar edi. U bunday yozadi: “Bu zakot ahkomlari haqidagi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan yozdirilgan hujjat matni bo‘lib, Hazrat Umarning farzandlaridan topilgan asl qo‘lyozmadir. Bu matnni menga Hazrat Umarning nabirasi Salim ta’lim berdi va men uni o‘rgandim. Umar ibn Abdulaziz bu matnning bir nusxasini Hazrat Umarning nabiralari Salim va Abdullohdan olgan edi. Xuddi shu matnning bir nusxasidan menda ham bor”.
Amr ibn Hazm roziyallohu anhuning nusxasi. Hijriy 10 yili Najron musulmonlar tomonidan fath qilingandan so‘ng, Amr ibn Hazm Yaman viloyatining voliysi etib tayinlandi. Shu vaqtda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Ka’bga mufassal bir maktub yozdirib, uni Amr ibn Hazmga berdilar. Bu maktub ba’zi bir umumiy tavsiyalar bilan birga tahorat, namoz, zakot, ushr, haj, umra, jihod, o‘ljalar, soliqlar, hun (qon) haqqi, boshqaruv, ta’lim-tarbiya kabi mavzulardagi shar’iy hukmlarni o‘z ichiga olgan edi.
Amr ibn Hazm Yaman voliysi sifatidagi o‘z vazifalarini ushbu maktub asosida bajardi. Uning vafotidan so‘ng ushbu hujjat uning nabirasi Abu Bakrda qoldi. Imom Zuhriy undan o‘rganib, bir nusxa ko‘chirib oldi, talabalariga undan ta’lim berdi.
Boshqa hukmdorlarga yozma ko‘rsatmalar
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarini turli viloyatlarga voliy yoki qozi qilib tayinlaganlarida, ularga o‘z vazifalarini ado etishda bajarilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatmalari aks etgan hujjatlarni yozdirib berardilar.
Abu Hurayra va A’la ibn Hazramiyni Hajar zardushtiylariga elchi etib tayinlaganlarida, ularga zakot va ushr haqidagi shar’iy hukmlarni o‘z ichiga olgan ko‘rsatmalar yozdirib berganlar.
Xuddi shuningdek, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu (vaf.18/639) va Molik ibn Murarahlarni Yamanga yuborayotganlarida ularga ham shar’iy hukmlarni o‘z ichiga olgan hujjat yozdirib berganlar.
Qabila vakillariga yozma ko‘rsatma
Madinadan olis masofalarda joylashgan o‘lkalarda yashovchi mashhur arab qabilalari Islom dini qabul qilgandan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o‘z vakillarini yuborishar edi. Bu vakillar Madinada bir muddat qolib, Islom ta’limotlarini, Qur’on tilovatini o‘rganishar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlarini tinglashardi. Qavmlariga qaytayotgan vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘zlari va qabilalari uchun ba’zi ta’limotlarni yozib berishlarini iltimos qilishardi. Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam ularga eng muhim bo‘lgan shar’iy hukumlarni yozdirib berar edilar.
1. Voil ibn Hujr Yamandan kelgan va o‘z qavmiga qaytishdan oldin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan:
اكتب لي إلى قومي كتابا
“Menga qavmim uchun bir maktub yozib bering”, deb iltimos qildi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoviya roziyallohu anhuga uch dona hujjat yozdirdilar. Ularning bittasi Voil ibn Hujrning shaxsiy muammolariga bag‘ishlangan edi, qolgan ikkitasi esa namoz, zakot, harom qilingan ichimliklar ichish, sudxo‘rlik va boshqa ayrim masalalar bilan bog‘liq umumiy qoidalarni qamrab olgandi.
2. Abdulqays qabilasidan bo‘lgan Munkiz ibn Hayyan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib Islomni qabul qildi. Qabilasiga qaytayotganida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga bir hujjat berdilar. Uyiga qaytganida uni xech kimga ko‘rsatmadi. Uning da’vati bilan qaynotasi musulmon bo‘lgandan so‘ng, bu hujjatlarni unga berdi va ularni qabilasiga o‘qib bergach insonlar Islomni qabul qila boshlashdi.
Ushbu hadisning batafsil tafsilotlarini Imom Buhoriy va Imom Muslim kitoblaridan topish mumkin.
3. G‘omid qabilasidan bir guruh odamlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzulariga kelib Islomni qabul qilishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Qur’on ta’lim berish uchun Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuni yubordilar. Ubay roziyallohu anhu aytadi:
و كتب لهم رسول الله ﷺ كتابا فيه شرائع الإسلام
"Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga Islomning sha’riy hukmlarini ifoda etgan bir maktub yozdirib berdilar"[1].
4. Xasam qabilasi vakillari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelishdi. Bu haqda Ibn Sa’d turli ishonchli roviylarga asoslanib bunday ma’lum qiladi:
فقالوا آمنا بالله و رسوله و ما جاء من عند الله فاكتب لنا كتابا نتبع ما فيه فكتب لهم كتابا شهد فيه جرير بن عبد الله و من حضر
“Ular: “Biz Allohga va Uning Rasuliga hamda Allohdan kelgan (narsa)larga iymon keldirdik. Bir hujjat yozib bersangiz, undagi yozilgan narsalarga ergashar edik”, dedilar”. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular uchun bir hujjat yozdirdilar. Bunga Jarir ibn Abdulloh va o‘sha yerda hozir bo‘lganlar guvoh bo‘lishdi”.
5. Sumala va Huddan qabilalari vakillari Makka fathidan so‘ng keldilar. Islomni qabul qildilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular uchun zakot bilan bog‘liq bo‘lgan ta’limotlarni o‘z ichiga olgan bir hujjat yozdirib berdilar. Hujjatni Sobit ibn Qays yozdi va Sa’d ibn Uboda bilan Muhammad ibn Muslim guvoh bo‘ldilar.
6. Sobit ibn Qays roziyallohu anhu Eslam qabilasi vakillari uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytib turgan hujjatni yozdi. Bunga Abu Ubayda ibn Jarroh va Umar ibn Hattob guvoh bo‘ldilar.
Albatta, bu ayrim qisqa misollardir, xolos. Bunga o‘xshash misollarga bag‘ishlangan alohida (Ibn Sa’dning "Taboqat" nomli kitobi singari) kitoblar yozilgan.
Yuqoridagi misollardan Payg‘amabarimiz sollallohu alayhi vasallam faqatgina islomning umumiy hukmlari bayon etilgan hujjatlarni yozdirganlarini ko‘rish mumkin. U zot boshqa holatlar bilan bog‘liq hujjatlar ham yozdirganlar. Bu mavzudagi hujjatlarning ko‘pligi sababli ularning barchasini qisqa bir bobda yoritishning imkoni yo‘q. Bu hujjatlarning hammasi Sunnatning bir qismini tashkil qiladi va ulardan Islomning aksariyat hukmlari olingan.
Qisqacha qilib aytganda, biz faqat doktor Muhammad Hamidullohning "Al-Vasaiq as-Siyosiyya" nomli tadqiqotiga murojaat qildik, unda juda ko‘p sonli hujjatlar to‘plagan.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
[1] Ibn Sa’d. Tabaqot. J.1. – B. 34.