Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Sentabr, 2025   |   29 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:51
Quyosh
06:09
Peshin
12:21
Asr
16:34
Shom
18:26
Xufton
19:38
Bismillah
21 Sentabr, 2025, 29 Rabi`ul avval, 1447

Internetga asir tushmang!

01.07.2022   1188   3 min.
Internetga asir tushmang!

Musulmon odam har doim shariatga muvofiq ish ko'radi, hayot kechiradi. Agar o'zi ­(nafsi) istaganidek yashash tarziga o'tadigan bo'lsa, albatta, muvozanat buziladi, ruhi bo'g'iladi, mo'minligiga putur etadi.

Tahorat buzilganidek, axloq ham buziladi. Tahoratni buzadigan amallar bo'lganidek, xulqni buzuvchi illatlar ham bor. Bugun ularning koni internet atalmish ko'rinmas, ammo imkoni juda keng bo'lgan olamdir. Alloh saqlasin, loqayd bo'lsak, undan tarqalayotgan illatlar na­faqat o'zimiz, ahlimiz, balki farzandlarimizga ham zarar berishi mumkin.

Musulmon kishi birodarining joni va moli qatorida, uning sirini ham himoya qiladi. Bugun internet tarmoqlariga “mish-mish”larsiz kirish to'yga to'yonasiz borishday gap bo'lib bormoqda. Birovning sirini fosh qilish go'yo qahramonlikday, birga o'n qo'shib olib chiqishlar urf bo'l­moqda. Bular musulmon uchun o'ta xatarlidir. Biz tilimizni, ko'zimizni, farjimizni, oyog'imizni, qo'llarimizni asrashga mas'ulmiz. Axir Alloh taolo qiyomat kuni a'zolarimizni gapirtiradi. Ular bizga qarshi guvohlik beradi...

«Bugun Biz ularning og'izlarini muhrlab qo'ygaymiz. Bizga ularning qilib o'tgan ishlari haqida qo'llari so'zlab, oyoqlari guvohlik berur» (Yosin surasi, 65-oyat).

Shirk va kufrda bo'lgan bandalar qiyomat kuni dunyoda qilgan qilmishlaridan tonib, tillari bilan noto'g'ri guvohlik berishga harakat qilishar ekan. Qo'shnilari va qarindoshlari ularning mushrik bo'lgani haqida guvohlik berishsa ham, tan olishmas ekan. Alloh taolo ularning og'izlarini muhrlab qo'yishga buyurgach, qolgan a'zolari uning kirdikorlarini birma-bir aytib, guvohlik berar ekan.

Shunday ekan, kishi tahorati singanda qayta olgani, Ramazonda eb-ichishdan tiyilgani, doimo gunoh ishlardan uzoq turgani kabi internetdagi zararlardan ham saqlanish lozim. Ayni paytda, sahar yo iftor qilgani, jufti haloli bilan o'ynab-kulgani kabi, internetdan foydalanish joiz bo'lgan o'rinlarda foydalanadi.

Mo'min “zamon bilan hamnafas bo'lish” tushunchasini yanglish anglab, aldanmaydi. Qo'l telefoni, internet va media olami o'z domiga tortishi, taqvo, hilm, xushudan uzoqlashtirishi kabi ko'zga ko'rinmas illatlardan o'zini ehtiyot qiladi. “In­ternetni yosh bolalar ham ishlatib yurib­di-ku”, deb e'tiborsiz bo'lish yaramaydi. Biz qayerda, qaysi yoshda bo'lmaylik, Rasu­lulloh sollallohu alayhi va sallam tarbiya qilgan ummat bo'lib qolishimiz kerak.

Internet va qo'l telefoni bizni o'zgar­tirmasligi, aksincha, biz Allohning izni bilan, internetni, qo'l telefonini ham o'zgartirishimiz lozim. Ta'bir joiz bo'lsa, telefonimizni “tarbiya” qilishimiz, bu orqali o'zimizni isloh etishimiz kerak. Ho'sh, hozir telefoningizni bir “sinab” ko'ringchi, unda qancha keraksiz narsalar bor ekan?! Te­le­foningiz (ya'ni o'zingiz) nechog'lik tar­biyali, musulmonga xos axloqdan nasibador ekaningizni bilib olasiz!..

Muxtorxon JALOLOV,

Shahrisabz tumanidagi “Bobo Salim”

jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida

20.09.2025   6490   3 min.

Mamlakatimizning bir guruh diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi xodimi Muhammadamin Nasriyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev va bir nechta soha mutaxassislari bor.

Dastlab Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri o‘rinbosari Abdulloh A’qiyl hamda Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi vakili Ismoil Habbat bilan muloqot o‘tkazildi. Samimiy muloqotda tomonlar o‘rtasida soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqot hamda o‘quv-uslubiy, shuningdek, ekstremizm hamda radikalizmning oldini olish yo‘nalishida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi. Shuningdek, Iordaniya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun stipendiya, grant ajratish va yotoqxona bilan ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritildi. Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishchi rejasini tasdiqlash kerakligi ta’kidlandi.

Tashrif davomida Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti rektori Ja’far al-Fanatseh bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Ikki mamlakat oliy diniy ta’lim muassasalarida hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini aniqlash, o‘quv dasturlarini o‘rganish va bir-biriga muvofiqlashtirish haqida so‘z yuritildi. Pedagoglar, ilmiy tadqiqotchilar va mutaxassislarni o‘zaro jalb qilish, malaka oshirish va stajirovka, mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishga kelishib olindi. Suhbatda Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent islom instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumlarini imzolash masalasi bo‘yicha so‘z yuritildi.

Iordaniya xalqaro islom fanlari universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzularida fikr almashildi. Mamlakatning mavjud qonunlari va universitet ichki tartib qoidalariga rioya etish tushuntirildi, Iordaniyada yurtimiz allomalari ilmiy merosi va turizm salohiyati targ‘ibotini amalga oshirish tavsiya qilindi.

Delegatsiya a’zolari mazkur universitetning Shariat va qonun fakulteti dekani, professor Shayx Saloh Abulhoj va hanafiy mazhabi mutaxassislari bilan uchrashdilar. Muloqot chog‘ida Shayx Saloh Abulhoj yurtimiz vakillarini Iordaniyada ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Uchrashuvda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, vakillarimiz tomonidan O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, buyuk allomalarni yetishtirib chiqargan yurt ekani, o‘zbek xalqining bag‘rikeng va mehmondo‘stligi Iordaniyalik professor-o‘qituvchilarga tanishtirildi.

Manba: https://www.iiau.uz

Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida Diniy-ma’rifiy soha vakillari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida