Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyul, 2025   |   2 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:49
Xufton
21:17
Bismillah
27 Iyul, 2025, 2 Safar, 1447

Internetga asir tushmang!

01.07.2022   1147   3 min.
Internetga asir tushmang!

Musulmon odam har doim shariatga muvofiq ish ko'radi, hayot kechiradi. Agar o'zi ­(nafsi) istaganidek yashash tarziga o'tadigan bo'lsa, albatta, muvozanat buziladi, ruhi bo'g'iladi, mo'minligiga putur etadi.

Tahorat buzilganidek, axloq ham buziladi. Tahoratni buzadigan amallar bo'lganidek, xulqni buzuvchi illatlar ham bor. Bugun ularning koni internet atalmish ko'rinmas, ammo imkoni juda keng bo'lgan olamdir. Alloh saqlasin, loqayd bo'lsak, undan tarqalayotgan illatlar na­faqat o'zimiz, ahlimiz, balki farzandlarimizga ham zarar berishi mumkin.

Musulmon kishi birodarining joni va moli qatorida, uning sirini ham himoya qiladi. Bugun internet tarmoqlariga “mish-mish”larsiz kirish to'yga to'yonasiz borishday gap bo'lib bormoqda. Birovning sirini fosh qilish go'yo qahramonlikday, birga o'n qo'shib olib chiqishlar urf bo'l­moqda. Bular musulmon uchun o'ta xatarlidir. Biz tilimizni, ko'zimizni, farjimizni, oyog'imizni, qo'llarimizni asrashga mas'ulmiz. Axir Alloh taolo qiyomat kuni a'zolarimizni gapirtiradi. Ular bizga qarshi guvohlik beradi...

«Bugun Biz ularning og'izlarini muhrlab qo'ygaymiz. Bizga ularning qilib o'tgan ishlari haqida qo'llari so'zlab, oyoqlari guvohlik berur» (Yosin surasi, 65-oyat).

Shirk va kufrda bo'lgan bandalar qiyomat kuni dunyoda qilgan qilmishlaridan tonib, tillari bilan noto'g'ri guvohlik berishga harakat qilishar ekan. Qo'shnilari va qarindoshlari ularning mushrik bo'lgani haqida guvohlik berishsa ham, tan olishmas ekan. Alloh taolo ularning og'izlarini muhrlab qo'yishga buyurgach, qolgan a'zolari uning kirdikorlarini birma-bir aytib, guvohlik berar ekan.

Shunday ekan, kishi tahorati singanda qayta olgani, Ramazonda eb-ichishdan tiyilgani, doimo gunoh ishlardan uzoq turgani kabi internetdagi zararlardan ham saqlanish lozim. Ayni paytda, sahar yo iftor qilgani, jufti haloli bilan o'ynab-kulgani kabi, internetdan foydalanish joiz bo'lgan o'rinlarda foydalanadi.

Mo'min “zamon bilan hamnafas bo'lish” tushunchasini yanglish anglab, aldanmaydi. Qo'l telefoni, internet va media olami o'z domiga tortishi, taqvo, hilm, xushudan uzoqlashtirishi kabi ko'zga ko'rinmas illatlardan o'zini ehtiyot qiladi. “In­ternetni yosh bolalar ham ishlatib yurib­di-ku”, deb e'tiborsiz bo'lish yaramaydi. Biz qayerda, qaysi yoshda bo'lmaylik, Rasu­lulloh sollallohu alayhi va sallam tarbiya qilgan ummat bo'lib qolishimiz kerak.

Internet va qo'l telefoni bizni o'zgar­tirmasligi, aksincha, biz Allohning izni bilan, internetni, qo'l telefonini ham o'zgartirishimiz lozim. Ta'bir joiz bo'lsa, telefonimizni “tarbiya” qilishimiz, bu orqali o'zimizni isloh etishimiz kerak. Ho'sh, hozir telefoningizni bir “sinab” ko'ringchi, unda qancha keraksiz narsalar bor ekan?! Te­le­foningiz (ya'ni o'zingiz) nechog'lik tar­biyali, musulmonga xos axloqdan nasibador ekaningizni bilib olasiz!..

Muxtorxon JALOLOV,

Shahrisabz tumanidagi “Bobo Salim”

jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   10155   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).