Haji akbar – eng ulug' haj, katta haj ma'nosini anglatadi. Mo''tabar kitoblarimizda bu hajning ajri va fazilati katta ekanligi aytiladi. Hajji akbar haqida ulamolar, xususan, hanafiy olimlari alohida risolalar bitganlar.
عَنْ طَلْحَةَ بْنِ عُبَيْدِ اللهِ قَالَ صَلَّى اللَّهُ تَعَالَى عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: »أَفْضَلُ الْأَيَّامِ يَوْمُ عَرَفَةَ وَإِذَا وَافَقَ يَوْمَ جُمُعَةٍ فَهُوَ أَفْضَلُ مِنْ سَبْعِينَ حِجَّةٍ فِي غَيْرِ يَوْمِ جُمُعَةٍ« أَخْرَجَهُ رَزِينٌ.
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kunlarning eng afzali arafa kunidir. Agar u juma kuniga to'g'ri kelsa, jumadan boshqa kunga to'g'ri kelmagan etmishta hajdan afzaldir!», dedilar” (Imom Raziyn rivoyati).
To'g'ri, ushbu hadisning sanadi borasida biroz mulohazalar bo'lsada fazilatli amallar borasida unga amal qilsa bo'ladi.
Bir amalning ajri-savobi uni muborak zamon va muborak makonda qilinishiga qarab ham ziyoda bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Haj – Arafotdir” deganlari va juma kunining juda ko'p fazilati borligi hamda Hajjatul vado'lari ham ayni juma kuniga to'g'ri kelgani shu va shunga o'xshagan qator sabablar yuqoridagi hadisi sharifni quvvatlaydi.
Shuningdek, haji akbar to'g'risida Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu-ning 9 hijriy sanada qilgan hajlari, Rasululloh sollallohu alayhi vasal-lamning hajlari, Qurbon hayiti jumaga kuniga to'g'ri kelsa, Arafot maydonida turish juma kuniga to'g'ri kelsa, Minoda turish kunlari juma kuniga to'g'ri kelsa, Qiron haji hajji akbar ifrod haji hajji asg'ar deyiladi, haj haji akbar, umra haji asg'ar, deyiladi kabi qarashlar ham mavjud. Ushbu turli qarashlarning har birining dalillari mavjud. Bu xilma-xillik Qadr kechasi haqidagi xilma-xillikka o'xshaydi. Nima bo'lganda ham, barcha fazilatlar muborak haj ziyoratiga tegishlidir.
Hulosa qilib aytganda ushbu masala halol-harom haqida bӯlmagani sababli odamlarni imon-ixlosi, muhabbatiga qarab, savobli ishlarga rag'batini oshirish maqsadida bu kabi fazilatni qilish, unga targ'ib etish mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.