Bugun, 30 iyun' kuni “Haj – 2022” mavsumining so'nggi ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo'nab ketdi. Ularni kuzatish uchun O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o'rinbosari
Homidjon domla Ishmatbekov, mutasaddilar va OAV vakillari ushbu joyda jam bo'lishdi.
Yurtdoshlarimizni kuzatish jarayonida Homidjon domla Ishmatbekov Haq taoloning bayti sari yo'l olayotgan ziyoratchilar eson-omon muborak qadamjolarni ziyorat qilib kelishi, ushbu ziyoratni yurtimiz va butun dunyo musulmonlariga bardavom qilishini so'rab xayrli duolar qildi.
Eslatib o'tamiz, ziyoratchilarimiz shu yil 18-30 iyun' kunlari Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina yo'nalishlari bo'yicha haj safariga kuzatildi va 14-31 iyul' kunlari yurtimizga qaytib keladi.
Alloh taolo Haj safariga otlanayotgan yurtdoshlarimizning safarlarini bexatar, ibodat va duolarini mukammal, duolari mustajob bo'lishini nasib aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati