O'zbekiston delegatsiyasi vakillari Voljskiy shahridagi Volgograd viloyati Markaziy musulmonlar diniy idorasi huzuridagi Payg'ambar Muhammad sollallohu alayhi va sallam nomidagi ma'naviyat va madaniyat markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda Islam.ru xabar berdi. Ushbu delegatsiya tarkibida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari Ibrohim domla Inomov bor edi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi vakillarini Volgograd viloyati muftiysi Bata Kifah Muhammad va Volgograd viloyati muftiysi birinchi o'rinbosari Surlan Abubakarov kutib oldi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohim domla Inomov O'zbekiston muftiysi Nuriddin domla Holiqnazarovning tabrigini etkazdi, Volgograd viloyati muftiysiga 2020 yilda pandemiya davrida yuzaga kelgan og'ir vaziyatda o'zbek xalqiga g'amxo'rlik qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Eslatib o'tamiz, Voljskiy shahridagi Payg'ambar Muhammad sollallohu alayhi va salam nomidagi ma'naviyat va madaniyat markazi 2020 yilda Voljskiyga ommaviy ravishda Rossiya temir yo'llarining Voljskiy – Toshkent maxsus reyslarida vataniga qaytishni istagan minglab o'zbekistonliklarni qabul qilgan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili Abdulloh hazratga esdalik sovg'a topshirdi, Volgograd muftiysi ham o'z navbatida Ibrohim domla Inomov va Ho'jabahlil Fazlitdinovichga Imom Buxoriyning kitoblarini sovg'a qilib, O'zbekistonning Islom madaniyatiga qo'shgan hissasini e'tirof etdi.
Tashrif davomida Ibrohim domla jome masjidlarda qavmga ma'ruza qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati