Bugun, 29 iyun' kuni Din ishlari bo'yicha qo'mitada “Konstitutsiya – millatlararo totuvlik, dinlararo bag'rikenglik va e'tiqod erkinligimiz garovidir” mavzusida tadbir bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi, yuridik fanlari doktori, akademik Akmal Saidov ma'ruzachi sifatida ishtirok etdi.
ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan anjumanda Diniy qo'mitaning hududiy boshqarmalari xodimlari, viloyat hokimlari o'rinbosarlari, viloyat, shahar-tumanlar bosh imom-xatiblari, diniy ta'lim muassasalari rahbar va o'qituvchilari, noislomiy diniy tashkilotlar vakillari hamda OAV xodimlari qatnashdi.
Yig'ilish avvalida Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Davronbek Maxsudov kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasini e'lon qilgani, unda asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o'zgartishlar kiritish hamda 16 ta normani o'z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo'shish taklif etilgani, ushbu qonun loyihasida Din ishlari bo'yicha qo'mita tomonidan berilgan takliflar ham o'rin olganini ta'kidladi. Shu bilan birga keyingi yillarda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilik va o'zgarishlar haqida ma'lumot berdi.
Shundan so'ng akademik Akmal Saidov so'zga chiqib, so'nggi besh yilda hayotimizning barcha jabhalarida keng qamrovli islohotlar olib borilayotgani, buning zamirida avvalo inson xuquq va erkinliklariga bo'lgan e'tibor, uning sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, inson huquqlarining eng oliy qadriyat sifatida tan olinishi kabi hayotiy tamoyil yotgani e'tirof etib, bugungi islohotlar davrida Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritishga katta ehtiyoj sezilayotganini alohida ta'kidladi.
Tadbir davomida Yangi O'zbekistonga hamda uning taraqqiyotiga javob beradigan yangi qoidalarni kiritish kerakligi qayd etilib, u Yangi O'zbekiston taraqqiyotining huquqiy asosi ekani, fuqarolarning burch va majburiyatlari, inson huquq va erkinliklarini himoyalashi, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilishi, ta'lim, fan, madaniyat hamda ma'naviyat rivojida muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilishi to'g'risida batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati