Qayta tirilishni inkor etgan, dunyo hayotida qilgan amallaridan hisob berish yo'q deb o'ylagan imonsizlarning o'lim arafasidagi ayanchli holatini Alloh taolo Qiyomat surasida bunday bayon etadi: «Darhaqiqat, (jon) halqumga etganda, (vafot etayotganga): “Dam soluvchi kishi bormi?” deb qolinganda, (jon taslim qilayotgan kimsaning) o'zi (bu dunyodan) ajralish ekanini anglaganda, (jon berish qiyinligidan) oyoq oyoqqa chalishib qolgan bir vaqtda yolg'iz Rabbingiz (huzuri)ga haydalish bordir. Na (Qur'on va payg'ambarni) tasdiq etdi (u) va na namoz o'qidi» (26–31-oyatlar).
Ushbu oyati karimalarda inson uchun umrning oxirgi – tavba eshigi yopilgan daqiqalari haqida so'z bormoqda. Odam bolasiga bundan og'ir musibat, ayanchli mag'lubiyat, bundan ko'ra achchiq nadomat yo'qdir. Chunki u johilligi, kibri, itoatsizligi bois hamma narsani shaytonga boy beradi. Buzuq e'tiqodi sababli o'zicha yaxshilik deb ishongan amallari ham chipkakka chiqadi.
Bunday vaziyatga tushishdan Alloh asrasin. Alloh taolo mo'minlarni johillarcha kibri sababli hayot jilovini butunlay nafsi va shaytonga topshirib qo'ygan zolimlardan yuz o'girishga, ulardan uzoq bo'lishga buyuradi. Shuningdek, taqvo qiluvchi bandalar uchun bunday zolimlarning qilmishlaridan hisob berish yo'qligini aytadi. Lekin gunohlardan saqlanishlari uchun eslatma bilan boshqalarni ogohlantirishlari lozimligini ta'kidlaydi: “Dinlarini o'yin va behuda narsa qilib olgan va bu dunyo hayoti aldab qo'yganlarni qo'yavering (ularga parvo qilmang)! Har bir jon (o'z) qilmishi sababli halok bo'lishi, Allohdan boshqa hech bir do'st va oqlovchi bo'lmasligi, badalning hammasini bersa ham, undan olinmasligini u (Qur'on) orqali eslating! (O'z) qilmishlari sababli azoblanadiganlar ana o'shalardir” (An'om surasi, 70-oyat).
Mo'minlar Alloh taoloning tavfiqi va rahmatidan bebahra qolmasliklari uchun yaxshi, solih amallardan vasila hozirlashlari lozim. “Ey imon keltirganlar! Allohdan qo'rqingiz va Unga (yaqinlashtiruvchi savobli ishlardan) vasila (vosita) izlangiz hamda Uning yo'li (toati)da jiddu jahd qilingiz, toki (oxiratda) najot topgaysiz!” (Moida surasi, 35-oyat). Namoz, ro'za, zakot, haj, Qur'on tilovati, zikr – bular hammasi Alloh roziligi uchun xolis ado etilsa, vasila bo'lishi aniq.
“Taqvodor” so'zining bir ma'nosi arab lug'atida “xolis”, “astoydil”, “chin qalbdan intiluvchi” demakdir. Ya'ni Alloh taoloning roziligiga intiluvchi. Lekin bu intilish salohiyatini Alloh taolo, avvalo, ota-onaning roziligi, ikkinchidan, solih zotlar – sahobalar, mujtahid imomlar, avliyolarga ehtirom, uchinchidan, payg'ambarlarga imon keltirish, muhabbat qo'yish bilan bog'lagan. Ya'ni solih, savobli amal ota-ona roziligi, solih zotlar duosi, payg'ambarlarga ishonch, ehtirom tufayli Alloh taoloning dargohida qabuldir, inshoalloh. Agar banda johil, kibri va shayton vasvasasiga berilib, ushbu bog'lanishlarni mensimasa, yaxshi amallarining ham yo'lini to'sgan bo'ladi.
Abduhakim ORTIQOV,
Chiroqchi tumani
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari 2026 yil 5 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud nomidagi Hadisi sharif akademiyasi Ilmiy Kengashiga a’zo bo‘ldilar.
Bu quvonchli voqea Yangi O‘zbekistonda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning xalqaro darajadagi yuksak e’tirofi bo‘lib, Muftiy hazratlarining din rivoji, ummat saodati va xalqlar hamjihatligi yo‘lidagi xizmatlariga berilgan yuksak bahodir.
Zero, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi yirik hadis ilmi olimlari – buyuk muhaddislar zaminidagi ulamoning Islom olamidagi eng nufuzli muassasa hisoblangan Hadisi sharif akademiyasi a’zoligiga qabul qilinishi haqli e’tirofdir. Yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar natijasida, kelgusida yana buxoriylar, termiziylar yetishib chiqadi, insha Alloh.
Ushbu xalqaro akademiya Muftiy hazratlari a’zo bo‘lgan oltinchi xalqaro tashkilot bo‘lib, bundan avval (https://www.forumforpeace.net/ar/home)Abu Dabi tinchlik forumi (BAA, 2023 y.), Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (https://t.me/muslimuzportal/34021) (Qatar, 2023 y.), Musulmon donishmandlar kengashi (https://t.me/muslimuzportal/36463) (BAA, 2024 y.), Islomiy fiqh akademiyasi (https://t.me/muslimuzportal/37344) (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) va Islom olami uyushmasi (https://t.me/muslimuzportal/37365) (Saudiya Arabistoni, 2024 y.) a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, akademiya hadislarni jamlash, tasniflash, tadqiq etish, nashr qilish va mazkur yo‘nalishlarda o‘quv dasturlari va kadrlar tayyorlash, anjumanlar, musobaqalar o‘tkazish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, xalqaro hamkorlik qilishga e’tibor qaratadi. Shuningdek, tashkilot dinda chuqur ketish, mutaassiblik kabilardan qaytaradi va mo‘tadillikka targ‘ib etadi.
Akademiya 2017 yilda Podshoh Salmon farmoni bilan tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Madina shahrida joylashgan. Mazkur akademiya va uning huzuridagi Ilmiy Kengashga Saudiya Arabistoni yirik Ulamolar Hay’ati a’zosi Shayx Muhammad ibn Hasan Oli Shayx rahbarlik qiladi.
Qayd etish kerakki, Muftiy hazratlarining ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lishlari Alloh taoloning irodasi bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini ma’rifatini keng yoyish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlashdagi mehnatlari samarasidir. Faoliyatlariga oid batafsil ma’lumot bilan quyidagi havola (https://muslim.uz/oz/e/post/44277-xalq-saodati-vatan-ravnaqi-va-din-rivoji-yo-lidagi-xizmatlar-mukofoti-2) orqali tanishish mumkin.
Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Hadisi sharif akademiyasidagi faoliyatlarida Alloh taolodan kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati