Haj ziyoratchilari kelishi davom etayotgani munosabati bilan Makka shahridagi “Masjidul Harom” javonlariga 80 mingga yaqin yangi Qur'oni Karim kitoblari joylashtirildi.
“Masjidul Harom” idorasi huzuridagi Qur'oni Karim tarqatish Hay'ati tomonidan haj ziyoratchilari foydalanishi uchun Qur'oni karim kitoblari taqdim etildi.
Hay'at rahbari Fahd al-Zabiyoniyning so'zlariga ko'ra, Masjidul Haromning turli joylarida 2 300 ta javon mavjud, ko'zi ojiz ziyoratchilar uchun “Brayl” alifbosidagi musulmonlarning muqaddas kitobi nusxalari ham masjid javonida alohida joylashtirilgan.
Bundan tashqari, az-Zabiyoniyning so'ziga ko'ra, ziyoratchilarga Hay'at tomonidan taqdim etilgan mobil' ilovalardan foydalanishlari mumkin bo'ladi.
Halqaro aloqalar bo'limi
Joriy yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazilib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirning navbatdagisi Bandixon tumanida o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili o‘rinbosari Abduxalil domla Abdunazarov boshchiligida o‘tkazilgan tadbirga Surxondaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Bandixon tumanidagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, Haj-2024 ziyoratchilari va mahalla raislari taklif qilinib ular ishtirokida ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan tumanda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar, jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, jazo muddatini o‘tab qaytganlar, muqaddam sudlanganlar, nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan umumiy hisobda 30 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib bordilar
So‘ng ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan xayrli ishlar”, “Mehr-oqibat va shukronalik fazilati”, “Tinchlik va osoyishtalik qadri” va “Masjidlarni obod qilish” kabi dolzarb mavzularda ma’ruza qilinib, bir yuz o‘ttiz besh nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Bandixon tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Surxondaryo viloyati tumanlar imom-xatiblari ish samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruhning faoliyati davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
matbuot xizmati