Bugun O'zbekiston musulmonlari idorasida 27 iyun' – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” ga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Diniy idora bo'limlarining mudir va xodimlari, “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijodiy uyi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla Ishmatbekov so'z olib, Diniy idora tizimidagi matbuot xizmati va nashriyot xodimlarini 27 iyun' – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” bayrami bilan muborakbod etib, bunday dedi:
– Biz yashayotgan axborot asrida bu soha xodimlarining faoliyati nihoyatda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bugungi tekzorlik zamonida ma'lum yangilik bir zumda dunyo bo'ylab yoyilmoqda.
Qolaversa, keyingi yillarda jurnalistikaning zamonaviy tarmoqlari taboro kengayib borayotirki, bu butun ommani o'ziga qamrab olmoqda. OAV o'rtasida raqobat ham kuni sayin ortib borayotir.
Mazkur axborot makonida diniy-ma'rifiy jurnalistika yo'nalishida ham katta o'zgarishlar bo'lib, diniy bilimi etuk kadrlariga ehtiyoj sezilmoqda.
Shu bois bu yo'nalish e'tiborimiz markazida va uning yuqori bosqichlarga ko'tarilishiga xayrihohmiz.
Homidjon domla Ishmatbekov so'zi yakunida Diniy idoraning Matbuot va Axborot tahlil bo'limi hamda “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijodiy uyi jamoasiga “Tashakkurnoma”larni taqdim etib, kasb bayrami bilan ijodiy jamoani muborakbod etdi.
Tadbir davomida Diniy idora tizimida ommaviy axborot vositalariga daxldor bo'lgan xodimlarni bayram munosabati bilan munosib rag'batlantirish ma'lum qilindi.
Bunday tadbirlar O'zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari, diniy ta'lim muassasalarida ham tashkil etilib, fidoyi va joykuyar soha xodimlariga e'tirom ko'rsatildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Har yili bahorning so‘nggi kunlarida yurtimizdagi minglab maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bu kun — yillar davomida olingan bilimlarning sarhisobi, katta hayot bo‘sag‘asidagi ilk qadamdir. Ammo, ming afsuski, keyingi yillarda bu quvonchli kun ba’zi oilalar uchun bitmas-tuganmas kuyinish, ayriliq va falokat kuniga aylanib bormoqda. Ko‘z-ko‘z qilish, maqtanish va mas’uliyatsizlik oqibatida yosh umrlar zavol topmoqda.
Omonatga xiyonat va nafsga qullik.
Islom dini inson hayotini eng oliy qadriyat deb biladi. Alloh taolo bandalariga o‘z jonini xatarga qo‘yishni, behuda halok qilishni taqiqlab, Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamang! Yaxshilik qiling! Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni yaxshi ko‘radi» (Baqara surasi, 195-oyat).
Bitiruv kuni yoshlarga qimmatbaho mashinalarni ishonib topshirish, ularning tezlikni oshirib, ko‘chalarda tartibsizlik (avtokalonnalar) uyushtirishiga ko‘z yumish — mana shu oyatga zid ish tutishdir. Bu ota-onalar tomonidan farzand hayotini o‘z qo‘li bilan halokatga topshirish bilan barobardir.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hadislarida marhamat qiladilar: "Hech bir banda qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini nimaga sarf qilgani, yoshligini qanday o‘tkazgani, mol-davlatini qayerdan topib, nimaga sarflagani va ilmiga qanday amal qilgani haqida" (Imom Termiziy rivoyati).
Bitiruvchi yoshlar va ularning ota-onalari «biz yoshligimizni va topgan molimizni shu bir kunlik dabdabaga qanday sarfladik?» degan savolga javob berishni unutmasliklari lozim.
Isrof va soxta obro‘ ilinji «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida restoranlardagi dabdabali bazmlar, qimmatbaho sovg‘alar va kiyim-boshlar uchun qilinadigan xarajatlar isrofning oliy namunasidir. Vaholanki, o‘sha mablag‘larni bolaning oliy ta’lim olishiga, kitoblariga yoki kasb-hunar o‘rganishiga yo‘naltirish mumkin edi.
Islom dini isrofni qattiq qoralaydi. Alloh taolo aytadi:
«Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mo‘l-ko‘l yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir...» (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
Shaytonning do‘stiga aylanib, Alloh bergan ne’matni ko‘kka sovurish hech bir mo‘minga to‘g‘ri kelmaydi. Bir kunlik «orzu-havas» deb qilingan isrof ortidan qancha oilalar qarz botqog‘iga botayotgani ham sir emas.
Achchiq, ammo hayotiy misollar: Har yili 25 may kuni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bir xil mazmundagi mudhish xabarlar tarqaladi: «Bitiruvchilar ishtirokida mudhish YTH sodir bo‘ldi: 3 nafar yigit voqea joyida halok bo‘ldi...» yoki «Daraxtga borib urilgan Kaptiva ichidagi maktab bitiruvchilari shifoxonaga yotqizildi...». Bu shunchaki statistika emas, bu — buzilgan oilalar, farzand dog‘ida kuyayotgan onalar, sochlari bir kechada oqargan otalar fojiasidir. Kuni kecha maktab foyasida attestat olayotgan o‘g‘il yoki qizning ertasiga qabr ichida yotganini ko‘rishdan ko‘ra dahshatliroq musibat bormi?!
Hali hayot nimaligini tushunib yetmagan, oila qurib, jamiyatga nafi tegmagan yosh nihollarning o‘z xatosi yoki ota-onaning «bolam boshqalardan kam bo‘lmasin» degan soxta g‘ururi tufayli tuproqqa qorilishi — eng katta tragediyadir.
Nima qilmoq kerak? Mavzuni shunchaki muhokama qilish kifoya emas, amaliy choralar ko‘rish vaqti keldi: Ota-onalar mas’uliyati: Farzandingizga qimmat mashina kalitini emas, kelajakka bo‘lgan mas’uliyat hissini bering. So‘nggi qo‘ng‘iroq kuni ularning qayerda va kim bilan ekanini qattiq nazorat qiling.
Yoshlar farosati: Siz — ota-onangizning umidisiz. Bir lahzalik maqtanish va tezlik ishqi sizni tiriklik ne’matidan, ota-onangizni esa sizdan judo qilmasin.
Tadbirlarni ilmga yo‘naltirish: Restorandagi bazmlar o‘rniga, maktab kutubxonasiga kitob sovg‘a qilish, ehtiyojmand sinfdoshlarga yordam berish kabi xayrli amallarni an’anaga aylantirish lozim.
Xulosa shuki «So‘nggi qo‘ng‘iroq» hayotning tugaganini emas, balki go‘zal va mas’uliyatli yangi bir bosqich boshlanganini bildiruvchi ramz bo‘lishi kerak. Shoshqaloqlik, manmanlik va isrof bilan bu kunni motamga aylantirmaylik. Zero, Alloh taolo bizga bergan hayot va farzand ne’mati — ertaga Qiyomatda har bir soniyasi uchun javob beriladigan ulug‘ omonatdir!
Islomxon Hamidov,
Namangan shaxar Boqimirzo jome masjidi imom noibi