O'zbekiston elchixonasi Putrajayya shahrida o'tkazilgan Malayziya Islom turizmi haftaligining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirni mamlakat turizm, san'at va madaniyat vaziri Nensi Shukri hamda vazirlik huzuridagi Islom turizmi markazi Bosh direktori Mohmed Razip Hasan ochib berdi.
Nensi Shukri tomonidan turizm va mehmondo'stlik sohalari hamda ularga bevosita bog'liq bo'lgan iqtisodiyot tarmoqlarining to'liq tiklanishini ta'minlash maqsadida Malayziya hukumati xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor berayotganini ma'lum qildi. Shu o'rinda Malayziya tomoni xorijiy sheriklar, xususan birodar O'zbekiston bilan birgalikda o'zaro turizm salohiyatini keng targ'ib qilishga tayyorligini bildirdi.
Vazir Malayziya turizm salohiyatini keng va tizimli targ'ib qilish strategiyasiga to'xtalib, mamlakatning dunyodagi etakchi 10 ta sayyohlik yo'nalishlari sifatida o'rnini tiklash rejalari bilan o'rtoqlashdi. Mamlakat chegaralari joriy yil 1 aprelidan ochilganidan so'ng tashrif buyuruvchilar oqimi iyun' oyi holatiga ko'ra 2 milliondan oshgani sababli, yilning oxirigacha kamida 4,5 million sayyohni qabul qilish rejasi e'lon qilindi. Bugungi kunda sayyohlar oqimi asosan to'g'ridan-to'g'ri va muntazam reyslar amalga oshiriladigan mamlakatlar va qo'shni Singapur bilan tiklanib bormoqda.
Mohmed Hasan “Jahon musulmon turizmi indeksi” reytingida Malayziyaning joriy yilda ham birinchi o'rinni egallaganini ta'kidlab, mazkur yo'nalishdagi ilg'or tajribasi bilan o'rtoqlashdi.
Tadbir doirasida Malayziya mutasaddilari bilan muzokaralar o'tkazildi. Hususan, Islom turizmi markazi bosh direktori bu yil O'zbekiston xalqaro reytingda yana 7 pog'ona yuqorilab, 138 mamlakat orasida 9-o'rinni egallaganini alohida e'tirof etdi. Shu o'rinda, respublika turizm infratuzilmasining jadal rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar, jumladan Samarqand shahridagi zamonaviy aeroport ishga tushirilishi hamda barpo etilayotgan Samarqand xalqaro turizm markazi loyihasini Malayziya tomoni yuqori baholadi.
Turizm sohasida ikki mamlakat o'rtasida hamkorlik loyihalarining muhokamasi natijasida respublika Turizm va madaniy meros vazirligi bilan tuzilgan ishchi guruh faoliyatini jadallashtirish hamda Malayziya Islom turizmi markazi rahbariyatining O'zbekistonga tashrifini tashkil qilish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Bo'lajak tashrif doirasida O'zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi xodimlari, viloyat va shahar hokimlarining turizm masalalari bo'yicha o'rinbosarlari, turizm sohasi boshqa vakillarining malakasini oshirish va ilg'or tajriba almashish maqsadida o'quv seminari tashkil etish ko'zda tutilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakatimiz davlat tuzilishi, fuqarolar huquq va erkinliklari, davlat organlari hokimiyat tarkibi va ularning vakolatlari va jamiyat uchun huquqiy maydonni belgilaydigan eng oliy huquqiy hujjatdir. Asosiy qonun 1992 yilning 8 dekabrida Respublika Oliy Kengashida qabul qilingan.
Konstitutsiya lotincha constitutio – tuzilish, tuzuk degan ma’nolarini anglatadi. 2023 yil 30 aprelda o‘tkazilgan umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimizda demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga asoslanadi. Konstitutsiya 6 bo‘lim, 27 bob va 155 moddadan iborat.
Konstitutsiya har bir davlatning siyosiy va huquqiy tizimini belgilab beradigan eng muhim qonunlar majmuasidir. Shu bois Konstitutsiyani “bosh qonun” deb atashadi. Konstitutsiyaning eng muhim jihatlaridan biri u xalqning umumiy irodasini ifodalashidir. Shuning uchun Konstitutsiya faqatgina huquqshunoslar uchun emas, balki har bir fuqaro uchun muhim qo‘llanma hisoblanadi.
Har qanday konstitutsiyaning markaziy o‘rnida inson va uning huquqlari turadi. Zamonaviy konstitutsion tizimlarda inson qadr-qimmati, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar alohida ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiya mazkur huquqlarning daxlsizligini kafolatlab, davlat organlariga ularni himoya qilish va rioya etish majburiyatini yuklaydi. Bu esa demokratik jamiyat barpo etishda asosiy omillardan biridir.
Konstitutsiya, shuningdek, hokimiyat tarmoqlari — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati o‘rtasidagi mutanosiblikni belgilaydi. Bu tizim hokimiyatning bir qo‘lda to‘planib qolmasligi, samarali nazorat va muvozanat saqlanishi uchun juda muhimdir. Hokimiyatning chegaralangani va bir-birini tiyib turuvchi mexanizmlar mavjudligi davlat boshqaruvining barqaror va adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shu jihatlari bilan Konstitutsiya davlat hayotining asosiy ustuni, jamiyatning siyosiy taraqqiyoti va huquqiy madaniyatning bosh manbaidir. U qonun ustuvorligi, inson huquqlariga hurmat va fuqarolik jamiyati tamoyillariga asoslangan muhitni shakllantiradi. Mazkur hujjatning mavjudligi va unga amal qilinishi har qanday davlatning barqaror rivojlanishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakatimizda huquqiy, demokratik va ijtimoiy davlatni barpo etish, fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlash, davlat organlari va jamiyat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi eng asosiy hujjat. Uning amal qilish inson qadr-qimmatini ko‘tarib, mamlakatimiz taraqqiyoti, barqarorligi va farovonligiga xizmat qiladi.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi