Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida Qur'oni karim oyatlarini tafsir qilib berganlar. Shunga ko'ra, muhaddislar asarlariga “Tafsir kitobi” nomli alohida bo'lim kiritib, unda oyatlar tafsiriga oid hadislarni keltirishgan.
“Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim”da “Kitab at-Tafsir”, ya'ni “Tafsir kitobi” nomli bo'lim bor. “Sunati Termiziy”da va Imom Nasoiyning “Sunani Kubro”sida “Kitabut tafsir” nomi bilan tafsirga oid hadislarni keltirgan.
Hadis asarlaridagi tafsir kitobi boblari oyatlar nomi bilan nomlangan. Ushbu boblarda shu oyatga bog'liq hadislar naql qilingan. “Tafsir kitobi”da kelgan hadisi shariflarda suralarning barcha oyatlari tafsiri bayon qilinmagan, balki ba'zi oyatlar tafsiri keltirilgan.
Bunga quyidagi hadislarni misol qilib keltirish mumkin.
“Sahihi Buxoriy”ning “Tafsir kitobi”da Kavsar surasi bobida: «Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytdi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam osmonga ko'tarilgan paytlari bunday deganlar: “Bir anhor oldidan o'tdim. Ikki qirg'oqi g'ovak durdan chodirlar. “Bu nima, ey Jabroil?” dedim”. U: “Bu Kavsar”, dedi»1, degan hadis keltirilgan.
Keyingi hadisda bunday deyilgan: «Abu Ubaydadan rivoyat qilinadi. Oysha roziyallohu anhodan Alloh taoloning “Biz senga Kavsarni ato etdik”2, degan so'zi haqida so'radim. U: “Bu Nabiyingiz sollallohu alayhi va sallamga berilgan anhor bo'lib, uning ikki qirg'og'i g'ovak durdir. Idishlari yulduzlar adadichadir”, dedi»3.
“Sahihi Muslim”ning “Tafsir kitobi”da keltiriladi: «Oysha roziyallohu anhodan Alloh taoloning: “Kim kambag'al bo'lsa, to'g'rilik bilan esin”4 so'zi haqida bunday rivoyat qilinadi: “Bu oyat etimning molini tasarruf qilib turuvchi va uni yaxshi saqlovchi valiy, agar muhtoj bo'lsa, undan eyaverishi haqida nozil bo'lgan”»5.
Shuningdek, “Sunani Termiziy”ning “Qur'on tafsiri kitobi”dagi “Fajr surasi bobi”da ushbu hadis keltirilgan: «Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam “shaf'” va “vatr” haqida so'raldilar. U zot: “Uning ba'zisi juft va ba'zisi toq bo'lgan namozdir”, dedilar».
Hadis asarlarining “Tafsir kitobi”da sura va oyatlarning nozil bo'lishi haqidagi hadislar keltirilgan. Bunga ushbu hadisni misol qilish mumkin: «Abu Ishoqdan rivoyat qilinadi. U kishi aytadi: “Men Baro roziyallohu anhudan bunday deyayotganlarini eshitdim: “Ansorlar haj qilib qaytib kelishsa, uylariga faqat orqa tomonidan kirishardi. Ansorlardan bo'lgan bir kishi (hajdan) kelib, uyining eshigidan kirgan edi, mana shu narsa borasida unga (har xil gaplar) aytildi. Shunda: “Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas...”6 oyati nozil bo'ldi»7.
Shuningdek, hadis asarlaridagi “Tafsir kitobi”da nosix va mansux oyatlar, avvalgi va oxirgi nozil bo'lgan oyatlar, qiroatlar va bundan boshqa ma'nolarga dalolat qiladigan oyatlar haqidagi hadislar keltirilgan. .
Shokirjon MADAMINOV,
O'HIA 2-bosqich magistranti
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.