Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari vazirligi bu yil o'z xizmatlarida zamonaviy texnologiyadan foydalanish maqsadida Smart Pilgrim ilovasini ishga tushirmoqda.
islam.ru xabariga ko'ra, ilova ziyoratchilarga xizmat ko'rsatuvchi provayderlar bilan muloqot qilish va har qanday qoidabuzarliklar haqida vazirlikka tezkor xabar etkazadi. Bu esa vazirlikka izoh va shikoyatlarni kechiktirmasdan ko'rib chiqish imkoniyati yaratadi.
Haj va umra ishlari vaziri o'rinbosari Hishom Saidning aytishicha, bu yilgi Haj mavsumi ziyoratchilarga yanada sifatli xizmat ko'rsatish uchun uchta yirik ilovani ishga tushirishdan tashqari, Haj smart-karta xizmatlarini ham kengaytirdi.
Uning qo'shimcha qilishicha, agar muammo o'z vaqtida hal etilmasa, shikoyat avtomatik tarzda Haj va Umra vazirligi huzuridagi operativ markazga yuboriladi. So'ngra maxsus guruh zudlik bilan qoidabuzarlik sodir bo'lgan joyga etib borib, muammoni bartaraf etish choralarini ko'radi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV