Hikmat inson hayotini tartibga solishga, sokin, sermazmun va sermahsul eishga, xato-kamchiliklardan, toyilishlardan xoli etishiga xizmat qiladigan yuksak bilimdir. Hikmat insonning aqlini charxlaydi, akovatini oshiradi. Hikmat bilan ish tutish insonning oiladagi, jamiyatdagi, hatto o'z nazdidagi martabasini ko'taradi. Hikmat kishiga hayot tajribasini tayyor xulosasini taqdim qiladi.
Bir hakimdan : “Inson bir necha yuz yil umr ko'rishi mumkinmi?” deb so'rashibdi. U: “Ha”, deb javob beribdi. “qanday qilib?” deyishibdi. Shunda hakim : “Kitob o'qib. Chunki kitob bir insonning bir necha yil, balki bir umrlik tajriba va bilimlarining xulosasi o'laroq dunyoga keladi. Uni o'qigan kishi o'shancha umr ko'rgan hisoblanadi”, deb aytgan ekan.
Insonga ana shunday asrlarga tatigulik umr baxsh etadigan kitoblar ichida eng qimmatlisi, shubhasiz, va'zu –hikmatga doir asarlardir. Binobarin, hikmatlarni o'ziga singdira bilgan odam ming yillab umr ko'rgandek tajribaga ega bo'ladi. Chunki ayrim hikmatlar butun bir inson umrining xulosasi o'laroq dunyoga kelgan. Ana shunday hikmatlarni o'rgangan kishi o'sha hikmatlarni aytgan insonlarning umricha hayot kechirgandek bo'ladi.
Islom ummati hikmatlarni o'rganishga, uni hayotga tatbiq etishga, uni hayotda aks ettirishga, har bir ish ortidagi hikmatlarni ochib berishga qadimdan intilib kelgan. Jumladan, bizning ulug' ajdodlarimiz ham haqiqiy hikmatparvar, hikmatga shaydo insonlar bo'lishgan. Shuning uchun ham ulug' bobokalonlarimizning ilmiy me'roslarida dunyodagi eng go'zal hikmatlar aks etgan.
Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:
يؤتي الحكمة من يشاء و من يؤت الحكمة فقد اوتي خيرا كثيرا
“U O'zi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) beradi. Kimga hikmat berilgan bo'lsa, bas, muhaqqaqki, unga ko'p yaxshilik berilibdi.” (Baqara surasi, 269 – oyat)
و قال صلئ الله عليه وسلم:
لا حسد الا في اثنتين رخل اتاه الله ما لا فسلطه علي هلكته في الخير و رجل اتاه الله الحكمة فهو يقضي بها و يعلمها الناس
Rosululloh s.a.v aytadilar:
“Hasad qilish mumkin emas, faqat ikki kishiga nisbatan hasad(havas) bundan mustasno:Alloh taolo mol bergan va uni yaxshilikka sarflashga muvaffaq qilib qo'yilgan kishi; Alloh taolo hikmat bergan, shu hikmat bilan hukm yuritadigan va shu hikmatni odamlarga o'rgatadigan kishi”.
Luqmoni Hakimdan naql qilinishicha, uning hovlisi eshigiga shunday deb bitilgan ekan: ”Bizning hikmatimizdan o'zini tanigan, nafsini o'z haddida to'xtatgan va boshiga tushgan ishlar tadbirini insof bilan amalga oshira oladigan insongina foydalana oladi. Kimda shu sifatlar bo'lsa, kirsin, yo'qsa, to shularni hosil qilguncha qaytib ketaversin”.
Alloh taolo hikmatni, hikmatli bandalarini shunday sevar ekan qanday qilib O'zining so'nggi va oxirzamon payg'ambariga yuborgan Buyuk Kalomi Qur'oni Karimni hikmat ila yubormasin?!
Alloh taolo O'z Kalomini buyuk hikmatlar ila yubordi. Qur'oni Karimni o'qiganingiz sari, ma'nolarini anglaganingiz sari yanada chuqur ma'nolar kelib chiqaveradi. Qur'oni Karimni har qanday soha vakili u xoh tibbiyot xodimi bo'lsin, xoh kimyogar, yohud adabiyotshunos uning mo'jizaviyligi, balog'ati va fasohati-yu, ulkan hikmatlariga duch keladi. Mana necha asrlar davomida Qur'oni Karimda kelgan oyatlarning ma'nolari ustida ishlab, ularni mag'zini chaqishga uringan sari fanga, insoniyatga noma'lum bo'lgan qanchadan – qancha ilmlar oshkor bo'lib bormoqda. Ha, azizlar Qur'oni Karim ana shunday ulug' va mo'jiza o'laroq biz insoniyatga yuborilgan Kitobki, qiyomatga qadar insoniyat uning ma'nolari ustida ilmiy izlanishlar olib boraveradi, izlanishlar ko'paygani sari Qur'onning naqadar Buyuk Qudrat va Hikmat egasi tomonidan yuborilganiga aqllar ishonaveradi. Alloh taolo Qur'onni o'zgacha uslublar ila bezadi, bu uslublar Qur'onning balog'ati-yu, fasohatiga yanada ko'rk bag'ishladi, uni hikmatlar bilan yanada boyitdi. Insoniyat har qancha urinmasin Qur'oni Karim oyatlariga o'xshash bir oyat ham keltira olishdan ojizligicha qolaveradi.
TII 403 – guruh talabasi O'rinova Lutfiya
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida imom-xatib va imom noiblari o‘rtasida “Zakovat” intellektual bellashuvi tashkil etildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari A. Qalandarov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili o‘rinbosari O. Avezov, Mir Arab oliy va o‘rta maxsus madrasasi ustozlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda ishtirokchilar qatnashdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar intellektual bellashuvlar diniy soha xodimlarining bilim va salohiyatini oshirish, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Bellashuvda viloyatning 13 ta hududidan saralangan ishtirokchilardan tashkil topgan “Abu Hafs Kabir”, “Muhaddislar”, “Faqihlar”, “Buxoriylar avlodi”, “Naqshbandiylar” va “Yangi O‘zbekiston” jamoalari o‘zaro bellashdi.
Musobaqa “Qur’on ilmlari”, “Tajvidga oid blis savollari” hamda “Topqirlik va chaqqonlik” shartlari asosida o‘tkazilib, ishtirokchilar diniy-ma’rifiy, tarixiy va umumiy bilimlarga oid savollarga javob berdilar.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra:
1-o‘rin — “Yangi O‘zbekiston” jamoasi;
2-o‘rin — “Abu Hafs Kabir” jamoasi;
3-o‘rin — “Buxoriylar avlodi” jamoasi.
G‘olib jamoaga “Qur’on tinchlikka buyuradi” intellektual bellashuvi kubogi tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, barcha faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, mazkur bellashuv diniy soha vakillari o‘rtasida bilim va tajriba almashish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatni oshirish hamda jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati