Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Sentabr, 2025   |   1 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:11
Peshin
12:20
Asr
16:31
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
23 Sentabr, 2025, 1 Rabi`us soni, 1447

Sahobalar hayoti: Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu

25.06.2022   1699   7 min.
Sahobalar hayoti: Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu

Abdulloh ibn Amr ibn Os ibn Voil Sahmiy Qurashiy. Makkada, hijratdan etti yil oldin tug'ildi. Otasi Amr ibn Osdan avval Islomni qabul qildi. Madinaga hijrat qildi. Nabiy alayhissalomdan ta'lim oldi. Ibodat va ilmga ruju qo'ydi. Oldiniga arab, keyin suryoniy yozuvini o'rgandi. Payg'ambarimiz alayhissalomning vahiy kotiblaridan. Misr fathida ishtirok etdi. Keyinchalik Misrda yashab, o'sha erda olamdan o'tdi.

Abdulloh ibn Amr ibn Os ibodatlarga berilar, ularni ado etishda jiddu jahd qilar, hatto nafsini qiynardi. Kunduz­lari ro'za tutar, kechalari namoz o'qirdi. Har tunda Qur'oni karimni xatm qilardi. Barcha vaqtini Alloh taoloning zikri, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salavot aytish, Qur'on tilovati va ta'limiga sarflardi. Bu ishlari bilan u odamlar orasida zarbulmasal bo'ldi.

Abdulloh roziyallohu anhu faqat ibodat bilan cheklanib qolmadi. U Payg'ambarimiz alayhissalomning xatti-harakatlarini kuzatdi, so'zlarini eshitdi va fe'llarini o'rgandi. Sunnatlarini qalbiga jo qildi. Keyin u zot alayhissalomdan ruxsat olib, hadislarini sahifalarga bitdi. Yozganlarini jamlab ”Ishonchli sahifalar” deb atadi. Abdulloh roziyallohu anhu bu tashabbusi tufayli hadislarni sahi­falarda jamlagan birinchi shaxsga aylandi. Ushbu sahifalar hijriy birinchi va ikkinchi asrlarda yashagan ulamo, hofiz va muhaddislarga nabaviy sunnatlarga eltuvchi ishonchli eshikni ochib berdi.

Sahobai kiromning sa'y-harakati va urinishlari hijriy uchinchi asrda o'z natijasini ko'rsatdi. Imom Buxoriy va Imom Muslim rahimahumalloh singari buyuk muhaddislar etishib chiqdi.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu mo'minlarning istiqboliga Alloh­ning kalomini taqdim etdi. Buning uchun u Qur'onni yod oldi. Sir-asrorlari va bayo­notlarini o'rgandi. Unda zikr etilgan dengizlarni tadqiq etdi. Mo''jizalarni kashf etdi. Mushafni kechayu kunduz tilovat qildi.

DOVUD ALAYHISSALOM RO'ZASI

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Abdulloh roziyallohu anhuning uzluksiz ro'za tutishidan xabar topdilar. Keyin unga: “Har oyda uch kun ro'za tutishing etarli bo'ladi”, dedilar. Abdulloh esa: “Bundan ko'piga ham toqatim etadi”, dedi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Haf­tada ikki kun ro'zador bo'lishing etar­lidir”, dedilar. Abdulloh yana: “Men bundan ko'piga qodirman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Unday bo'l­sa, sen uchun eng yaxshi ro'za Dovud alay­his­salomning ro'zasidir. U zot alayhis­salom bir kun ro'za tutib, bir kun tutmasdilar”, dedilar. So'ng: “Har kechada Qur'oni karimni xatm qilishingdan xabar topdim. Men umring uzun bo'lib, Qur'on qiroatidan malollanib qoli­shingdan xavotirdaman. Qur'onni oy­da bir marotaba yoki o'n kunda bir bor, yoxud uch kunda bir bor xatm qilgin”, dedilar. Yana nasihatlarida davom etib: “Men ro'za tutaman, og'zim ochiq ham bo'ladi. Namoz o'qiyman, uxlayman ham, ayollarga nikohlanaman. Kim sunnatimdan bosh tortsa, mendan emas”, dedilar.

Amr ibn Os Nabiy alayhissalom huzur­lariga ibodatlarida mubolag'a qilayotgani uchun o'g'li Abdullohdan yana shikoyat qilib keldi. Payg'ambarimiz alayhissalom Ab­dullohga: “Senga buyurgan narsamni qil va otangga bo'ysun. Albatta, ayolingning senda haqqi bor. Ko'zingning senda haqqi bor. Badaningning senda haqqi bor. Har bir haq egasiga haqqini ber”, dedilar.

Abdulloh Payg'ambarimiz alayhissa­lomdan ta'lim olishni davom ettirdi. Majlislarini qoldirmadi. U zot alay­hissalomdan ota-onaga itoat – Allohga ­toat; Holiqqa ma'siyat bo'lganida max­luqqa itoat yo'q; din engillik, qiyinchi­lik emas; ibodatlarda o'rtalikni tutish Is­lomning asosi; amallarning eng yaxshi­si o'rtacha va davomiyligi; ilm talab qilish har bir musulmonga farz ekani kabilarni o'rgandi.

IMOM HUSAYN

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu an­hu Masjidi Nabaviyda hamrohlari bilan birga o'tirarkan, oldilaridan Husayn ibn Ali roziyallohu anhumo o'tdi. Abdulloh ibn Amr: “Samo ahli uchun er ahlidan eng suyukli kishining xabarini berishimni istaysizmi? Bu inson hozirgina oldimizdan o'tgan Husayn ibn Ali roziyallohu anhumodir. Siffin kunidan beri menga biror narsa demadi. Mendan rozi bo'lishi, men uchun qizil ne'matdan yaxshiroq edi”, dedi. Abdulloh ibn Amr do'sti Abu Said Hudriy bilan Hasan ibn Ali roziyallohu anhumoni ziyorat qilishga kelishib oldi. Ikki birodar uchrashdi. Imom Husayn:

– (Siffin kuni) Muoviya bilan chiqi­shingga nima majbur qildi?

– O'shanda otam Amr ibn Os Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga shikoyat qilib: “Abdulloh kunduzlari ro'za tutib, tun bo'yi namoz o'qiydi”, dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Ey Abdulloh, namoz o'qi va orom ol, ro'za tut va og'zing ham ochiq bo'lsin. Otangga itoat qil”, dedilar. Siffin kuni otam menga ular bilan chiqishimni yolvorib so'radi. So'zlarini qay­tarolmadim. Lekin hech kimga qarshi qilich ko'tarmadim, nayza otmadim, o'q uzmadim.

* *

Abdulloh roziyallohu anhu umrining so'nggi kunlarida: “Qani endi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ruxsat­larini qabul qilganimda edi”, deb ko'p bora orzuladi.

Mo'min, obid, mard, qasami va va'­dasiga sodiq Abdulloh ibn Amr roziy­allohu anhuning tili doimo Allohning zikri bilan namlanardi. Ro'za tutib namoz o'qirdi. Shunday bo'lsa ham doimo: “Qaniydi Siffinda ishtirok etmagan bo'lsam...” der edi. Alloh undan rozi bo'lsin.

Manbalar asosida

Yulduz ASQAR qizi tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Islom-tinchlik va omonlik dini

23.09.2025   1590   1 min.
Islom-tinchlik va omonlik dini

Islom tinchlik va omonlik dini bo‘lishlik bilan bir qatorda, o‘zgalarni ham doimo tinchlikka ergashishlikka, uni asramoqlikka chaqiradi. Yaratgan tomonidan bu dinni Islom deb nomlanishi ham fikrimizning yaqqol isbotidir[1].

Islom so‘zi arabcha “salama” yoki “salima” so‘zlaridan olingan bo‘lib, bu so‘zlar “tinchlik”, “omonlik”, “xavfsizlik”, “salomat bo‘lish” kabi ma’nolarni anglatadi. Islom so‘zining lug‘aviy ma’nosidan shu ayon bo‘ladiki, Islom faqat va faqat tinchlikka da’vat etadi.

Din sifatida esa u o‘zida tinchlikni mujassamlagan va uning timsoliga aylangan. U bashariyatni sabr-toqatli, tinchliksevar, mehr-muruvvatli, tartibli, bag‘rikeng, qanoatli bo‘lishlikka targ‘ib etadi.

Agar Qur’oni karim yoki Hadislarda zikr etilgan muslim yoki mo‘min so‘zlarining ma’no, mazmuniga ahamiyat beradigan bo‘lsak, shu aniq bo‘ladiki Alloh va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallam nazdida, “muslim” o‘zida tinchlik va omonlikni mujassamlagan bo‘lsa, “mo‘min” esa mehr-muxabbat, tinchliksevar, bag‘rikenglik, og‘ir-bosiqlik, sokinlik, kabi asl insoniy fazilatlarga ega shahs tushuniladi.

The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi

 


[1] "Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir" (Oli Imron surasi, 19-oyat); "Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim" (Moida surasi, 3-oyat); "U sizlarni bundan oldin va (Qur’on)da Payg‘ambar sizlarga guvoh bo‘lishi uchun, sizlar esa, odamlarga guvohlar bo‘lishingiz uchun musulmonlar deb nomladi" (Haj surasi, 78-oyat).