Abdulloh ibn Amr ibn Os ibn Voil Sahmiy Qurashiy. Makkada, hijratdan etti yil oldin tug'ildi. Otasi Amr ibn Osdan avval Islomni qabul qildi. Madinaga hijrat qildi. Nabiy alayhissalomdan ta'lim oldi. Ibodat va ilmga ruju qo'ydi. Oldiniga arab, keyin suryoniy yozuvini o'rgandi. Payg'ambarimiz alayhissalomning vahiy kotiblaridan. Misr fathida ishtirok etdi. Keyinchalik Misrda yashab, o'sha erda olamdan o'tdi.
Abdulloh roziyallohu anhu faqat ibodat bilan cheklanib qolmadi. U Payg'ambarimiz alayhissalomning xatti-harakatlarini kuzatdi, so'zlarini eshitdi va fe'llarini o'rgandi. Sunnatlarini qalbiga jo qildi. Keyin u zot alayhissalomdan ruxsat olib, hadislarini sahifalarga bitdi. Yozganlarini jamlab ”Ishonchli sahifalar” deb atadi. Abdulloh roziyallohu anhu bu tashabbusi tufayli hadislarni sahifalarda jamlagan birinchi shaxsga aylandi. Ushbu sahifalar hijriy birinchi va ikkinchi asrlarda yashagan ulamo, hofiz va muhaddislarga nabaviy sunnatlarga eltuvchi ishonchli eshikni ochib berdi.
Sahobai kiromning sa'y-harakati va urinishlari hijriy uchinchi asrda o'z natijasini ko'rsatdi. Imom Buxoriy va Imom Muslim rahimahumalloh singari buyuk muhaddislar etishib chiqdi.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu mo'minlarning istiqboliga Allohning kalomini taqdim etdi. Buning uchun u Qur'onni yod oldi. Sir-asrorlari va bayonotlarini o'rgandi. Unda zikr etilgan dengizlarni tadqiq etdi. Mo''jizalarni kashf etdi. Mushafni kechayu kunduz tilovat qildi.
DOVUD ALAYHISSALOM RO'ZASI
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Abdulloh roziyallohu anhuning uzluksiz ro'za tutishidan xabar topdilar. Keyin unga: “Har oyda uch kun ro'za tutishing etarli bo'ladi”, dedilar. Abdulloh esa: “Bundan ko'piga ham toqatim etadi”, dedi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Haftada ikki kun ro'zador bo'lishing etarlidir”, dedilar. Abdulloh yana: “Men bundan ko'piga qodirman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Unday bo'lsa, sen uchun eng yaxshi ro'za Dovud alayhissalomning ro'zasidir. U zot alayhissalom bir kun ro'za tutib, bir kun tutmasdilar”, dedilar. So'ng: “Har kechada Qur'oni karimni xatm qilishingdan xabar topdim. Men umring uzun bo'lib, Qur'on qiroatidan malollanib qolishingdan xavotirdaman. Qur'onni oyda bir marotaba yoki o'n kunda bir bor, yoxud uch kunda bir bor xatm qilgin”, dedilar. Yana nasihatlarida davom etib: “Men ro'za tutaman, og'zim ochiq ham bo'ladi. Namoz o'qiyman, uxlayman ham, ayollarga nikohlanaman. Kim sunnatimdan bosh tortsa, mendan emas”, dedilar.
Amr ibn Os Nabiy alayhissalom huzurlariga ibodatlarida mubolag'a qilayotgani uchun o'g'li Abdullohdan yana shikoyat qilib keldi. Payg'ambarimiz alayhissalom Abdullohga: “Senga buyurgan narsamni qil va otangga bo'ysun. Albatta, ayolingning senda haqqi bor. Ko'zingning senda haqqi bor. Badaningning senda haqqi bor. Har bir haq egasiga haqqini ber”, dedilar.
Abdulloh Payg'ambarimiz alayhissalomdan ta'lim olishni davom ettirdi. Majlislarini qoldirmadi. U zot alayhissalomdan ota-onaga itoat – Allohga toat; Holiqqa ma'siyat bo'lganida maxluqqa itoat yo'q; din engillik, qiyinchilik emas; ibodatlarda o'rtalikni tutish Islomning asosi; amallarning eng yaxshisi o'rtacha va davomiyligi; ilm talab qilish har bir musulmonga farz ekani kabilarni o'rgandi.
IMOM HUSAYN
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu Masjidi Nabaviyda hamrohlari bilan birga o'tirarkan, oldilaridan Husayn ibn Ali roziyallohu anhumo o'tdi. Abdulloh ibn Amr: “Samo ahli uchun er ahlidan eng suyukli kishining xabarini berishimni istaysizmi? Bu inson hozirgina oldimizdan o'tgan Husayn ibn Ali roziyallohu anhumodir. Siffin kunidan beri menga biror narsa demadi. Mendan rozi bo'lishi, men uchun qizil ne'matdan yaxshiroq edi”, dedi. Abdulloh ibn Amr do'sti Abu Said Hudriy bilan Hasan ibn Ali roziyallohu anhumoni ziyorat qilishga kelishib oldi. Ikki birodar uchrashdi. Imom Husayn:
– (Siffin kuni) Muoviya bilan chiqishingga nima majbur qildi?
– O'shanda otam Amr ibn Os Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga shikoyat qilib: “Abdulloh kunduzlari ro'za tutib, tun bo'yi namoz o'qiydi”, dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Ey Abdulloh, namoz o'qi va orom ol, ro'za tut va og'zing ham ochiq bo'lsin. Otangga itoat qil”, dedilar. Siffin kuni otam menga ular bilan chiqishimni yolvorib so'radi. So'zlarini qaytarolmadim. Lekin hech kimga qarshi qilich ko'tarmadim, nayza otmadim, o'q uzmadim.
* * *
Abdulloh roziyallohu anhu umrining so'nggi kunlarida: “Qani endi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ruxsatlarini qabul qilganimda edi”, deb ko'p bora orzuladi.
Mo'min, obid, mard, qasami va va'dasiga sodiq Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuning tili doimo Allohning zikri bilan namlanardi. Ro'za tutib namoz o'qirdi. Shunday bo'lsa ham doimo: “Qaniydi Siffinda ishtirok etmagan bo'lsam...” der edi. Alloh undan rozi bo'lsin.
Manbalar asosida
Yulduz ASQAR qizi tayyorladi.
Inson hayoti tafsilotlardan iborat. Ba’zan oddiy ko‘ringan amallar orqasida yuksak hikmatlar yashiringan bo‘ladi. Ana shunday amallardan biri – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sut ichgandan so‘ng og‘izlarini suv bilan chayganlaridir. Bu holat bizga faqat bir sunnat emas, balki poklik, hushyorlik va tafakkur darsi hamdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sut ichdilar, so‘ng og‘izlarini suv bilan chayqadilar va dedilar: “Albatta, uning yog‘i bor” (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Ayniqsa, kechasi uxlashdan oldin sut ichib og‘izni chaymaslik kariyes (chirish) va gingivit (yallig‘lanish) kabi kasalliklarni tezlashtiradi. Shuning uchun ham tibbiyotda og‘izni chayish og‘izdagi bakterial muvozanatni saqlash, tishlar orasini tozalash, yaxshi nafas olish va kasallikning oldini olish uchun juda ham muhimdir.
Kechki payt, ayniqsa uyqu oldidan ichilgan sutdan so‘ng og‘izni chaymaslik tishlarning tunda erib borishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, kofe, meva sharbati, gazli ichimliklar kislotali muhitga sabab bo‘lsa, sut esa aksincha – ishqoriy muhit hosil qiladi. Ammo uni chaymaslik bakteriyalar uchun “sherik” topish bilan barobardir. Shu boisdan tajribali stomatologlar sut ichgandan keyin kamida 20–30 soniya davomida suv bilan og‘iz chayishni tavsiya qiladilar.
Aslida, bu amal faqat gigiyena emas, balki ongli va shuurli yashash madaniyatini ham o‘rgatadi. Inson har bir amalda e’tiborli bo‘lishi kerak. Ya’ni inson doimo o‘ziga: “Qanday ovqat yeyapman? Yeyayotgan taomim zararli emasmi? Og‘zimda nima qolmoqda?” kabi savollarni berib turishi kerak.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ta’kidlaganlaridek, poklik – iymonning bir qismidir. Zero, og‘iz faqat ovqat yo‘li emas – u zikr, ibodat va tilovat yo‘li hamdir. Uning tozaligi – zikr va ibodatdan hosil bo‘ladigan qalb tozaligiga ham ta’sir qiladi.
Sut ichib og‘iz chayish – bu shunchaki suvni og‘izda aylantirish emas. Bu – badan pokligi, ilmga asoslangan sog‘liq himoyasi va sunnatga e’tibor demakdir. Bugun biz uni har tong, har kech, har stakan ichimlikdan so‘ng amalga oshirsak, bu nafaqat sog‘lig‘imizni saqlaydi, balki ruhiy salomatligimizga ham foyda beradi.
Alloh bizga sunnatni sevishni va amal qilishni, uning orqasidagi hikmatni anglab yashashni nasib etsin!
Ruqayya YUSUFIY,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasi.