Qur'on kitob shaklidagi darvoza loyihasi muallifi bu ishini faoliyatidagi asosiy yutug'i deb biladi va faxrlanadi.
Jidda — Makka avtomobil' yo'lida Qur'on stendiga o'xshab ko'ringan «Makka darvozasi» musulmon bo'lmaganlar kirishi taqiqlangan chegarani belgilab beradi.
«Makka darvozasi» qariyb 40 yildan buyon Jidda — Makka avtomobil' yo'li bo'ylab muqaddas shaharga kiruvchi sayohatchilarni kutib oladi. Shahardan 5 kilometr uzoqlikda joylashgan katta arkli inshootning balandligi 152 metr, eni esa 31 metrni tashkil qiladi. Turli naqshlar bilan bezatilgan, kechalari esa chiroqlar bilan yoritilgan. Yodgorlik 1979 yilda taniqli saudiyalik rassom, haykaltarosh va fotograf Dia Aziz Dia tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, u zamonaviy arab san'atiga qo'shgan hissasi bilan tanilgan.
Arkning yaratilishi haqida rassom shunday deydi:
«Darvozaning dizayni ishonib topshirilgan kompaniya ular qanday ko'rinishga ega bo'lishi kerakligini bilmas edi. Menga aytilgan yagona istak shu ediki, darvoza shaharga olib boruvchi asosiy magistralda bo'lsin... Men o'yladim: Nima Makkani o'ziga xos qiladi? Bu payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning tug'ilgan joylari, Ka'ba shu erda joylashgan... Lekin, eng muhimi, Makka – Qur'on shahri degan fikr meni hayratga soldi. Hammasi Qur'onning erga nozil bo'lishi bilan boshlandi va men bu fikrni qanday ifodalash haqida o'ylay boshladim... Bir necha kunlik mulohazalardan so'ng menga strendda Qur'on ko'rinishidagi darvoza yaratish g'oyasi keldi".
Rassomning g'oyasi kompaniya tomonidan ma'qullanadi va Dia Aziz Dia arxitektorlar, qurilish muhandislari va xattotlar bilan yakuniy eskizni amalga oshirish hamda darvozaning kichik modelini yaratish uchun ishga kirishadi.
“Men Makka shahrining o'sha paytdagi hokimi Abdulqodir Kushakning ishxonasiga borib, unga loyihani taqdim qildim. Taxminan ikki oy o'tgach, qirol Fahd darvoza va uning atrofidagi bog'ning yaratilishini ma'qullagani e'lon qilindi, — deydi rassom.
Darvoza 1985 yilda qurib bitkazildi.
Dia loyihaga qo'shmoqchi bo'lgan bitta reja bor edi — darvoza tepasidagi katta chiroq (projektor). Ammo bu fikr amalga oshmadi:
“Makka nafaqat musulmonlar, balki butun er yuzi uchun mayoq bo'lganidek, Qur'oni Karim ham umid va tinchlik chirog'i ekanini ko'rsatmoqchi edim”, — deydi u.
Dia Aziz Dia uning g'oyasi qachondir hayotga tatbiq etilishi va darvoza dizayni tugallanishiga umid qilmoqda.
Rassom Makka darvozalari faqat Saudiya Arabistoni loyihasi ekanini ta'kidlaydi:
“Ko'pchilik buni asosan saudiyaliklar amalga oshirganini bilmaydi. Chet elliklar unga jalb qilingan, degan fikr keng tarqalgan. Aslida, bu darvozalar Saudiya me'morlari, xattotlari va muhandislarining ishi”.
Dia Saudiya Arabistonidagi eng keksa va eng muvaffaqiyatli rassomlardan biri bo'lib, ko'plab mukofotlarga sazovor bo'lgan. Shuningdek, u Jidda shahridagi Tahliya ko'chasidagi “Al-Ahli” futbol klubi yodgorligi, samolyot qismlaridan yasalgan “Odam orzusi” yodgorligi, 2006 yilda Saudiya Arabistonidan Meksikaga sovg'a qilingan haykal va boshqa muhim loyihalarga ham mualliflik qilgan.
Ammo rassom faoliyatidagi eng muhim asar "Makka darvozalari"ni o'z merosi deb biladi:
“Bu faoliyatimning boshidan to o'limgacha bo'lgan hayotimdagi asosiy yutug'im. Undan muhimroq narsa yo'q. Makka dunyodagi har bir musulmonning qalbidagi shahar. Men uning darvozalarining loyihachisi bo'lishimni Alloh taolo menga berganiga ishonaman”, — deydi faxr bilan u.
Bahriniso To'xtasin qizi tayyorladi.
O‘z xohish-istaklariga qattiq berilish va Allohga itoat etishdan bosh tortish – nafsning egizak sifatlaridir va barcha muvaffaqiyatlar yo‘lini to‘suvchidir. Aynan shuning uchun ham buzg‘unchi nafs jazolanishlikka loyiqdir. Ya’ni gunohga undovchi nafsni sindirish uchun unga qarshi kurashish, buning uchun nafsni barcha manfurligi, qabohati va razolatini o‘ziga ko‘rsatgan holda kamsitish yo‘li bilan jazolash lozim. G‘azab olovida alangalanayotgan nafsga qarshi turishning eng yaxshi yo‘li bu uni chiroyli axloq bilan jilovlab, yumshoqlik va beozorlik bilan so‘ndirishdan iboratdir.
Taqvo sohibi Zununi Misriy quddisa sirruhu marhamat qiladilar:
“Insondagi axloqiy fasod va tubanlashuvning sababi oltitadir:
Birinchisi – oxirati uchun bajaradigan amallarda niyatning zaifligi;
Ikkinchisi – vujudning hirsu shahvatlar tutquniga aylanishi;
Uchinchisi – o‘lim yaqinligiga qaramay, uzundan uzoq orzu havaslar girdobida g‘arq bo‘lish.
To‘rtinchisi – odamlar rizoligini Alloh rizoligidan afzal ko‘rishi.
Beshinchisi – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tark etib, havoyi nafsiga ergashishi.
Oltinchisi – o‘zining gunohlarini oqlash uchun o‘tgan solihlarning ozgina kamchiliklarini dastak qilishi, ularning ko‘p yaxshi, o‘rnakli amallariga esa ergashmasligi[1]”.
Ulug‘ shayxlarning ishonchli, mo‘tabar kitoblarida nafsga qarshi kurashning ko‘plab usul va yo‘llari mavjudligi aytilgan. Allohning roziligiga erishmoqchi bo‘lganlar doimo yodlarida tutishlari uchun ulardan ba’zlarini keltirib o‘tamiz.
Xudoni tanigan azizlardan birlari aytgan ekanlar:
“Biz tasavvufni qandaydir so‘z va iboralardan emas, balki ochlik, dunyo lazzatlaridan voz kechish, yomon odatlarni tark etish, Allohning buyurganlarini bajarib, qaytarganlaridan qaytish bilan topdik”.
Boshqa bir donishmanddan so‘rabdilar:
– Nafsni jilovlamoq uchun unga qanday mone’lik qilish zarur?
U zot javob beribdilar:
– Ochlik va tashnalik bilan kishanla, shon-shuhratga, ulug‘likka bo‘lgan intilishlarini va xohishlarini so‘ndirib kamsit, boy kishilarga xos bo‘lgan odatu sifatlardan uni mahrum et.
Abu Yazid quddisa sirruhudan naql etadilar:
Tushimda Allohni ko‘rdim va Undan so‘radim:
– Ey yaratgan Egam, menga O‘zingga eltadigan yo‘lini ko‘rsat!
Alloh taolo marhamat qildi:
– Nafsingni qoldir-da, Menga kel.
Shayxlardan birlari shunday debdilar:
“Bizning yo‘limiz (tariqat) uchta qoidaga asoslangan: faqat och qolganda yeyish, beiloj bo‘lgandagina uxlash va eng zarur paytdagina so‘zlash!”.
Pirlardan yana birlari muridiga shunday nasihat qilibdi:
– Musibat uch sababga ko‘ra keladi: badxulqlik, yomon odatlardan qaytmaslik va yomon do‘stlikdan.
Talaba so‘rabdi:
– Badxulqlik nedir?
Pir javob beribdi:
– Harom yemoq.
Shogird so‘rabdi:
– Odatlardan qaytmaslik deganda nimani tushunamiz?
Pir javob beribdi:
– Bu ko‘z va quloqni tiymaslik — haromga qarash, g‘iybatga o‘ch bo‘lishlik.
Murid yana so‘rabdi:
– Yomon do‘stlik degani nimadir?
Bunga pirning javobi shunday bo‘libdi:
– Ko‘ngilda paydo bo‘lgan nafsoniy istakka darhol ergashishlik.
Taniqli ilohiyatchilardan biri bunday deydi:
“Bizning vazifamiz bizga yomon munosabatda bo‘lganlardan qasos olish emas, aksincha, kamtarinlik va oddiylik bilan ulardan uzr so‘rashdir. Kimgadir tuyilgan nafrat tuyg‘ularidan ko‘ngilni poklash uchun o‘sha odamga muruvvat ko‘rsatish kerak emasmi?!”
Shunday qilib, kimki nafsini ulug‘lasa, din uning uchun qadrsizdir. Va aksincha, kim dinini qadrlasa, nafs uning uchun manfurdir (nafratlangandir).
Oddiy odamlar o‘z xatti-harakatlarini tuzatishlikka intiladilar, mumtoz zotlar esa o‘zlarining ruhoniy dunyolari va ichki ahvolarini yaxshilashga e’tibor qaratadilar.
Allohga ibodat qilishda ochlikka chidash va tungi bedorliklarga bardosh berishlik u qadar qiyin ish emas. Ammo kishining o‘z fe’l-xuyini bo‘lmag‘ur odatlardan tozalashligi xususida gapiradigan bo‘lsak, bu o‘ta og‘ir va mushkul ishdir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] Masalan, hazrati Ali va Muoviya roziyallohu anhumning o‘rtalaridagi ixtiloflarni noto‘g‘ri talqin qilishib, ularning maqtovga sazovor go‘zal xislatlaridan ko‘z yumadilar. Muharrir.