Shu kunlarda minglab hojilarimiz muborak haj safarida bo'lib, uning muhim arkonlarini ado etish arafasidalar. Ayni damda ular umra amallarini bajarib, Baytullohda tavofu ibodatlar bilan bandlar.
Shunisi e'tiborga molikki, hojilarimizning ziyoratlarini munosib o'tkazish maqsadida guruh rahbarlari tomonidan ko'plab sa'y-harakatlar qilinmoqda. Hususan, bugun hojilarimiz istiqomat qilayotgan mehmonxonada imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari o'z guruhidagi yurtdoshlarimizga haj arkonlari, fazilati, ruknlari va odoblari, hojilik maqomiga munosib bo'lish, Mino, Arofat, Muzdalifada harakatlanish va u erda bajariladigan amallar fazilati haqida suhbatlar tashkil etilmokda. Shu orqali ziyoratchilarimiz haj amaliga ruhiy va ma'naviy tayyorgarlik ko'rib, hajlari mukammal bo'lishiga zamin hozirlamoqda.
Alloh taolo yurtdoshlarimizning safarlarini muborak, ibodatu duolarini ijobat, hajlarini mabrur aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati