Mehribon va rahmli Alloh bandalariga halol kasb qilishni va haromdan qochishni amr etdi.
Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam halol kasb qilish va halol yashash yo'llarini ummatlariga tushuntirib, o'z hayotlarida amalga oshirib, ko'rsatib berdilar.
Ma'lumki, inson hayotining aksar qismi moliyaviy muomala bilan va shunga doir muammolar ta'sirida o'tadi. Chunki turmush shuni taqozo etadi. Agar moliyaviy muomala, oldi berdilar yo'lga qo'yilmasa, zaruriy qoidalar ishlab chiqilmasa, turmush qiyinlashib, odamlar orasida kelishmovchiliklar ko'payib ketgan bo'lardi.
Dinimiz insonlar o'rtasidagi munosabatlarda hamisha adolat, insof, halollik bo'lishini talab etadi va musulmonlarni shunga chaqiradi. Bu munosabatlar orasida savdo-sotiq ham alohida ahamiyatga egadir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan: "Alloh savdoni halol, riboni harom qildi" (Baqara surasi, 275-oyat).
Alloh taolo Qur'oni karimda barcha mo'minlarga o'z toqatilariga yarasha kasb qilishni farz qildi: "Bas, qachonki, namoz ado qilingach, erda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringlar! Allohni ko'p yod etingizlar, shoyad (shunda) najot topursizlar" (Jum'a surasi, 10-oyat).
Ya'ni, Alloh taolo bu oyati karimada mo'min musulmonlarni namozni ado etgach, er yuziga tarqalib, halol yo'l bilan rizq topishga targ'ib qilmoqda va bu ishni Alloh taoloning fazlidan talab qilish, deb nomlamoqda. Namozdan keyin kim savdosiga, kim kasal ko'rgani, kim ilm talabiga – har kim o'z ishiga qaytishi mumkin. Chunki er yuzi bo'ylab tarqalish buyrug'i majburiy emas. Lekin ba'zi kishilar bu amrga jiddiy amal qilishgan.
Ibn Abu Hotimdan rivoyat qilinadi. Irok ibn Molik roziyallohu anhu juma namozidan so'ng masjid eshigidan chiqarkanlar: “Ey bor Hudoyo, men da'vatingga javob qildim, farz namozingni o'qidim va aytganingdek er yuziga tarqaldim. Menga O'z fazlingdan rizq bergin, Sen eng yaxshi rizq beruvchisan”, der ekanlar.
Qur'oni karimda bu ma'nodagi boshqa oyatlar ham mavjud. Jumladan, Mulk surasining 15 oyatida aytiladi: “U (Alloh) sizlarga erni xoksor (bo'ysunuvchi) qilib qo'ygan zotdir. Bas, u(Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringlar va (Allohning bergan) rizqidan englar. Tirilib chiqish Uning huzurigadir”.
Ulamolarimiz qadimdan ushbu oyati karimaning tafsirini Islomda mehnatga chorlash, rizq terish maqsadida er yuzining turli joylarida harakat qilish joizligiga dalil qilib keltirishadi. Bu oyatdagi “yuring” degan xitob musulmonlarni doimo kasb-korga undagan va dangasalik, bekorchilikdan chetlanishga chaqirgan. Shu bilan birga, rizq Alloh taolodan bo'lishini unutmaslik zarurligini eslatgan. Ya'ni, musulmon odam er yuzida rizq talabida bo'lishi va halol yo'l bilan kasb qilishi kerak.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu dedilar: “Ey bechoralar jamosi, boshlaringni ko'taringlar va savdogardik qilinglar, albatta, yo'lga ko'z tikkan va odamlarga muhtoj bo'ladigan faqir bo'lmanglar”.
Hazrati Umar roziyallohu anhu dedilar: “Kimiki dinda faqih bo'lmasa, ya'ni savdo qilishning ilmini bilmasa, bozorda savdogarlik qilmasin”.
Dinimiz rostgo'y va halol savdogarlarga yuksak martabalarni va'da qilgan. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Rostgo'y savdogar Qiyomat kunida arshning soyasidadir” (Imom Daylamiy rivoyati).
Savdo-sotiqda rostgo'y bo'lmagan va taqvo qilmagan kimsalar Qiyomat kunida gunohkor holatda tiriladilar.
Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey, savdogarlar jamoasi!” dedilar. Hamma qaradi, shunda u zot alayhissalom: “Albatta, savdogarlar qiyomat kunida gunohkor holatda tiriladilar, faqat kim (savdoda) Allohdan qo'rqsa, solih amallarni qilsa va rost so'zlasa bundan mustasno”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Bu hadisi sharifdan tijorat sharafli kasb bo'lishi bilan birga rostgo'y va taqvodor bo'lishni talab qiladigan o'ta mas'uliyatli kasb ekani ma'lum bo'lmoqda.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning Bishr ismli savdoda sheriklari bor edi. Bishr savdo qilish maqsadida Misrga qarab yo'l oldi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh unga ipak matodan etmishta kiyim yubordilar. Sheriklariga yuborgan molning ma'lum qismi aybli ekani, ularni sotayotgan vaqtda oluvchiga aybini aytib sotishi lozimligini tayinlab xat yozdilar. Bishr mollarni hammasini sotib Kufaga qaytdi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh undan: “Ipak matoli kiyimlarni aybini aytib sotdingmi”? deb so'radilar. "Ularni aytish yodimdan ko'tarilibdi" – dedi Bishr hijolat bo'ldilar. Shunda Abu Hanifa rahmatullohi alayh savdodan tushgan foyda katta bo'lishiga qaramasdan uni hammasini sadaqa qilib yuborganlar. Mazhabboshimizning bu parhezkorliklari va boshqaning haqqidan hazar qilishlari barchamizga namuna va o'rnak bo'lishi lozim.
Ba'zi hukamolar dedilar: “Har vaqtiki, savdo qilguvchida uch xislat bo'lmasa, ikki dunyoda muhtoj bo'lgay. Avvali – tili uch narsadan pok bo'lgay: yolg'ondan, lag'vdan, ya'ni, behudago'ylikdan va qasamdan. Ikkinchi – dili uch narsadan sof bo'lgay: yomon niyat, xiyonat va hasaddan. Uchinchi – uch narsaga doimiy e'tibor qaratmoq lozim: juma namoziga va jamoat bilan namoz o'qimoqqa va ba'zi vaqtlarda ilm talab qilmoqqa va boshqa odamdan Alloh taoloning rizoligi va xursandligini ixtiyor qilmoqqa”.
Mu'oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kasblarning eng yaxshisi – tijoratchilarning kasbidir. Ular gapirsalar yolg'on gapirmaydilar, ularga omonat qo'yilsa xiyonat qilmaydilar, va'da bersalar xilof qilmaydilar, sotib olayotgalarini pastga urmaydilar, sotayotganlarini bo'rttirmaydilar, qarzlarini berishni cho'zib yurmaydilar va birovga qarz berganlarida uni qistamaydilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki kun bo'yi ishdan, mehnatdan charchab, kechqurun halol mehnatning charchog'i bilan yotsa bomdodgacha Alloh uning gunohini kechiradi”,dedilar.
Halol mehnatning fazilati, halol kasbning sharofati gunohlarini kechirishlikka, toatlarning qabuliga, farzandlarni halol pokiza rizq bilan boqishlikka sabab bo'ladi.
Mana shunday halol kasblardan, pokiza ishlardan Alloh va Rasuli rozi bo'ladigan amallardan biri “halol tijoratdir”.
Alloh taolo vatanimiz ravnaqiga hissa qo'shayotgan, iqtisodiy sohada xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizga O'zi tavfiq, kuch-quvvat ato qilsin, qiyomat kunida va'da qilingan ulug' ajrlarni barchalariga nasib etsin.
Manbalar asosida Ho'jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi
Muhammad Quddus Abdulmannon tayyorladi.
24 noyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida «Qur’on va qiroat ilmlari» fan oyligi doirasida an’anaviy Qur’oni karim musobaqasining final bosqichi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, rais o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Muhammad Olim domla Muhammadsiddiqov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov, «Qur’on ilmlari» kafedrasi ustozlari, taniqli qorilar, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Musobaqani ochib bergan Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov yurtimizda Qur’on ilmlarini o‘rganish borasida salmoqli yutuqlarga erishilayotgani, xususan, joriy yilda ma’had tarixida ilk bor «Tafsir va Qur’on ilmlari» bo‘yicha magistrlik mutaxassisligi ochilganini ta’kidlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov yig‘ilganlarni Muftiy hazratlari va idora rahbariyati nomidan tabrikladi. U yurtimizda qorilarning son va sifat jihatidan yuksalib borayotgani, buning samarasi Ramazon oyidagi xatmi Qur’onlarda yaqqol namoyon bo‘layotganini qayd etib, mazkur musobaqa mohir qorilarni saralash va yoshlarni yuksak qorilik maqomiga rag‘batlantirishga xizmat qilishini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov davlatimiz rahbari tomonidan Qur’on ahli va hofizi kalomlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor hamda moddiy-ma’naviy rag‘bat xususida to‘xtalib, ma’had sovg‘alaridan tashqari Muftiy hazratlari nomlaridan ham qo‘shimcha munosib mukofotlar ajratilganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammad Olim domla Muhammadsiddiqov kelgusi yildan 10 ta o‘rta maxsus va 4 ta oliy diniy ta’lim muassasasi o‘rtasida Qur’on musobaqalarini keng miqyosda qayta jonlantirish rejalashtirilayotganini aytib, ustozlar oldida xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taradigan mohir qorilarni tayyorlash vazifasi turganiga urg‘u berdi.
Bu yilgi musobaqaning muhim yangiligi sifatida tilovat yo‘nalishida ilk bor modul ta’lim tizimida tahsil olayotgan imom va noiblar ham qatnashdi. Bellashuvda ishtirokchilarning Qur’oni karimni yoddan o‘qishi, tajvid qoidalariga rioya etishi, oyatlarni tajvidiy tahlil qilishi hamda ovoz va tarannum mahorati sinovdan o‘tkazildi.
Ishtirokchilarning chiqishlarini «Qur’on ilmlari» kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov raisligidagi, tajribali ustozlar hamda misrlik Islom Abdulatiy qoridan iborat hakamlar hay’ati odilona baholab bordi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar g‘olib va sovrindor bo‘ldilar:
Hifz yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rin: Abdulhay Hasanov (101-guruh talabasi) va Muhammad Amin Musayev (304-guruh talabasi);
2-o‘rin: Shukrulloh Abdullayev (404-guruh talabasi);
3-o‘rin: Biloliddin Ibrohimjonov (202-guruh talabasi).
Tilovat yo‘nalishi bo‘yicha (modul ta’lim talabalari o‘rtasida):
1-o‘rin: Zohidjon Nomonov;
2-o‘rin: Abdulboqiy Ahmedov;
3-o‘rin: Biloliddin Qamardinov.
Har ikki yo‘nalish g‘oliblariga Muftiy hazratlari nomlaridan: ▪️ 1-o‘rin uchun — 7 million so‘m; ▪️ 2-o‘rin uchun — 5 million so‘m; ▪️ 3-o‘rin uchun — 3 million so‘m pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, ma’had va homiylar tomonidan g‘olib hamda sovrindorlarga iPad, planshet, changyutgich va sharbat chiqargich kabi qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Ushbu musobaqa iqtidorli qorilarni kashf etish, yoshlarda Kalomullohga muhabbatni oshirish hamda xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan mohir hofizi Qur’onlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati