Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2026   |   17 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:54
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:45
Bismillah
02 Iyul, 2026, 17 Muharram, 1448

Libos – insonning “ID kartasi”

23.06.2022   1744   7 min.
Libos – insonning “ID kartasi”

Qadimdan libos insonning ijtimoiy mavqei, kasb-korini anglatgan. Boyonlar, musofir darveshlar, hunarmand-savdogarlar, shuningdek, urug' va elatlarni-da libosiga qarab tanisa bo'ladi. Boisi kiyim madaniyat ko'zgusi. Bugun yirtiq-yamoq shim, kalta paypoq kiygan yoshlar ko'payib bormoqda. Bu ham madaniyat belgisi, deguvchilar topiladi. Ammo bu kabi “urf”lar xalqimizning qadimdan meros kiyinish madaniyatiga ta'sir ko'rsatayotganini ko'rib, og'rinamiz.

Biz “O'zbekiston belgisi” ko'krak nishoni sovrindori, P.Ben'kov nomidagi Respublika rassomlar tayyorlash maktabining liboslar dizayni katta o'qituvchisi Malika Qo'ziyeva bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

– Libos inson xususiyati, fe'l-atvoriga qanchalik bog'liq va qadimda turkiy xalqlarda qanday kiyinish uslublari bo'lgan? 

– Libos insonning turli xususiyati, madaniyati, tarbiyasi, didi va fe'l-atvorini ta'riflab beruvchi ko'zgudir. Turkiy xalqlarning eng qadimgi va ilk muhim bo'g'inlaridan biri bu – og'uz beklari, ya'ni ona sut bergan ilk farzandi – o'zbeklar bo'lgan deyishadi. Shuning uchun ham turkiy xalqlar ichida eng katta tarixga ega bugungi turklar O'zbekistonni ota yurtimiz, deb atashadi. Shu sabab turkiy xalqlar madaniyati bir-biriga yaqin.

Kamoliddin Behzod chizib qoldirgan bebaho miniatyura asarlarida ham ota-bobolarimizda kiyinish madaniyati yuksak bo'lganini ko'rish mumkin. Undan ham avvalgi, Afrosiyob (Samarqand), Varaxsha (Buxoro), Holchayon (Surxondaryo), Qizyotgan qal'a (Qadim Horazm-Qoraqalpog'iston) kabi qadimgi devoriy suratlar orqali hatto eramizdan avvalgi, bugungi ko'plab xalqlar hali er yuzida bo'lmagan davrlarda vatanimiz hududida o'ziga xos liboslar mavjud bo'lganini kuzatamiz. Qolaversa, qadimdan O'zbekiston Buyuk ipak yo'li orqali G'arb va Sharqqa kiyim-kechak, poyabzal va bosh kiyimlar uchun barcha iqlim va o'lkalarga zarur bo'lgan paxta, ipak, qorako'l, momiq, oshlangan ko'n va teri etishtirib etkazib bergani va bugungi kunda ham yurtimiz dunyoga turli libos uchun qimmatbaho tabiiy materiallarni etishtiruvchi eng yirik eksportyorlardan bo'lib kelayotgani bejiz emas. Bu o'zbek xalqining qadimdan yuksak did bilan kiyinish madaniyatiga ega xalqlardan bo'lganini isbotlaydi.

– Liboslarning jamiyatdagi ahamiyati va ularning mutanosibligi haqida ham to'xtalib o'tsangiz?

– Libos, ayniqsa, bosh kiyim hamma davrlarda, hamma xalqlarda muhim ahamiyatga ega bo'lgan. Bosh kiyimga qarab odamning ijtimoiy mavqei, millati, qaysi elat yoki urug'ga mansubligi, qaysi tabaqadan ekani, yoshi, jinsi, oilaviy maqomigacha bilish mumkin bo'lgan. Bejiz hukmdorlar toj, qalandar-darveshlar qalpoq, ma'lum yoshga qarab xorazmliklar cho'girmani turli rangdagisini, toshkentlik yigitlar uylangan yoki bo'ydoqligiga, unashtirilganini bildiruvchi kashtali do'ppilar kiymagan. Shuning uchun bosh kiyim avvalo egasining maqomini ko'rsatib turuvchi “ma'lumotnoma” bo'lgan. Bosh kiyim ustki libos bilan mutanosib bo'lishi ham kerak. Nafaqat kiyinish uslubi, balki liboslar ranglari ham bir-biriga mos bo'lsa, nur ustiga nur (bu mutanosiblikni, ayniqsa, ayol-qizlar qoyillatadi). Sababi libos insonning butun boshli “ID kartasi” vazifasini bajaradi.

Mashhur rus yozuvchisi Konstantin Paustovskiyning 1916 yilda o'zi ko'rgan va uni dahshatga solgan voqea – Vatan ozodligi uchun kurashgan minglab o'zbeklarni Moskva ko'chalari bo'ylab bir necha kun davomida haydab o'tilgani haqida yozar ekan, ularning boshidagi do'ppisini asosiy belgi sifatida ko'rsatadi: “Ko'chalar bo'ylab soqchilar yashil rang chopondagi minglab o'zbeklarni haydab borishardi. O'rta Osiyodagi qo'zg'olonlar bostirilgach, o'zbeklarni Murmansk sari, shimoliy qutb temir yo'lini qurib, o'lib ketmog'i sari boshlab ketar edi. Quruq qor uchqunlari ularning kumushrang naqshli qora do'ppilarini qoplardi. Bu mahkumlarning o'tishi bir necha kunlab davom etdi…” – deb yozadi u.

– Liboslar tarixi mutaxassisi sifatida qaysi qadimgi libosni hozirgi davrga qaytarishni xohlaysiz?

– Men aslida liboslar dizayneriman. Ko'pincha tarixiy libos va kiyimlar loyihalari ustida ishlaganim tufayli va Pavel Ben'kov nomidagi rassomlar maktabida uzoq yillardan buyon liboslar tarixidan dars berib kelayotganim sabab ko'p yillardan buyon o'zbek va jahon xalqlari liboslari tarixini o'rganaman. Tabiiyki, o'z ijodimda ham bu juda qo'l keladi. Parijda, Londonda, Moskvada, Lyuksemburgda, Urumchida bo'lib o'tgan ko'plab xalqaro libos tanlovlari va festivallarda taqdirlangan liboslarim aynan tarixiy mavzuda ishlangani va dizaynida an'anaviy o'zbek matolaridan keng foydalanilgani – bular barchasi ushbu sohada hali katta ijodiy imkoniyatlar borligini ko'rsatadi.

Keyingi yillarda milliy o'zlikni anglashga katta e'tibor qaratilmoqda, maqom, baxshichilik, milliy hunarmandchilik kabi yo'nalishlar rivojlantirilmoqda. Bu albatta milliy liboslar rivojiga, ularni ommalashtirishga xizmat qildi. Ammo shu bilan birga, milliy matolarimizdan, ayniqsa, ayollar kiyimlarida ishlatiladigan ipak matolardan didsizlarcha foydalanish hollari afsuski ko'paydi. Bu muammolarning echimi milliy liboslar tarixini chuqur tahlil qilib o'rganishda, deb hisoblayman.

– Yoshlar kiyinishda G'arbga ko'r-ko'rona taqlid qilishi haqida fikringiz qanday?

– Bilasizmi, bunday mavzularning kun mavzusi qilib katta muhokamaga olib chiqilishi nafaqat yoshlar, balki aksariyat katta yoshli yurtdoshlarimizda ham kiyinish bobida bilim va zakovat etarli emasligidan dalolat beradi. Bu holatni men yoshlarimizning zamonaviy bo'laman deb yarashsa-yarashmasa kiyib, begona madaniyatlarga ergashib ketayotgani, xalqimizning tarixiy merosidan, kiyinish madaniyatidan bexabar bo'lib qolayotganidan deb tushunaman. Bunday mavzularni katta muhokamaga olib chiqishdan ko'ra yoshlarga o'rnak bo'ladigan milliy dizayndagi liboslarni urfga aylantirish borasida bosh qotirsak yaxshi bo'lar edi.

 

Yulduz O'RMONOVA

suhbatlashdi.

 

Manba: O'zbekiston milliy axborot agentligi 

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Allohga shukr. Alloh baraka bersin

02.07.2026   503   2 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Allohga shukr. Alloh baraka bersin

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ko‘pchilik xo‘l mevaning eng chiroyli va pishgan bo‘lagini tanlaydi. Ammo otam (Alloh rahmatiga olsin) boshqacha yo‘l tutar edilar.

Otam joriy qilgan oilaviy an’analarning eng go‘zallaridan biri — har kuni kechki ovqatni butun oila davrasida qilish edi. U kishi kun davomida har kim o‘z ishi bilan band bo‘lsa ham, hech bo‘lmaganda kechki taom paytida hammamiz bir dasturxon atrofida yig‘ilib, bir-birimizning holimizdan xabar olishimizni istar edilar.

Taomdan oldin meva qo‘yilganda esa, otam har safar bir xil ishni qilardilar. U kishi doimo dog‘ tushgan mevani tanlar edilar. Mevaning uringan qismini kesib tashlar, qolgan qismini esa iste’mol qilardilar.

Bolaligimdan boshlab, otam vafot etgunlariga qadar bu holatni minglab marta ko‘rganman. O‘sha oddiy odat menga so‘zsiz, nasihatsiz juda katta saboq berdi. Bu – ne’matning qadriga yetish.

Axir dasturxonimizga kelgan har bir meva ortida qancha mehnat yotadi: dehqon yer haydaydi, urug‘ qadaydi, suv beradi, parvarish qiladi, hosilni yig‘adi, odamlar uni tashiydi va nihoyat u bizning dasturxonimizga yetib keladi.

Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqatning katta qismi isrof qilinmoqda.

2022 yil dunyoda 1 milliard 52 million tonna oziq-ovqat isrof qilingan. Bu iste’molchilarga yetib borgan oziq-ovqatning qariyb 19 foizi, ya’ni har beshta ne’matdan bittasi tashlab yuborilganini anglatadi. Bu holat dunyoda 783 million inson ochlikdan aziyat chekayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

Otam menga biror nuqsonli narsani butunlay tashlab yubormaslikni, agar bir qismi buzilgan bo‘lsa, faqat o‘sha qismini olib tashlab, qolganini iste’mol qilishni o‘rgatganlar.

Otamning yana bir odatlari bor edi. Har safar ovqatdan keyin: Alhamdulillah. Allohga shukr. Alloh baraka bersin, der edilar.

Otam mevani yer edilar, men esa ne’matning qadriga yetishni o‘rganar edim. Otam dunyodan o‘tganlaridan keyin bu oddiy odatlarning asl qadrini yanada chuqurroq angladim.

Alloh barcha o‘tgan ota-onalarimizni O‘z rahmatiga olsin, hayotdagilarining umrlarini uzoq, rizqlarini barakali qilsin.


Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar