Qozog'iston poytaxtida yangi masjid oldida 300 metrlik favvorali xiyobon paydo bo'ladi, deb xabar bermoqda Nur-Sulton shahar ma'muriyati matbuot xizmati.
islam.ru ma'lum qilishicha, ushbu yangi masjid Qozog'iston va butun Markaziy Osiyodagi eng katta masjid bo'lib, gumbazining balandligi 90 metr, minoralari 130 metr, masjid sig'imi 30 ming kishigacha etadi.
Masjid qurilishi va hududni obodonlashtirish ishlari homiylar va xayriya mablag'lari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Yangi masjid oldida hozirda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu jamoat maydoni fuqarolar va shahar mehmonlari uchun qulay dam olish maskaniga aylanadi.
Favvora bo'ylab soyabonlari va kichik me'moriy shakllar o'rnatiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati