Italiyaning «Askanews» axborot agentligida shu yil 16 - 20 may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o'tkazilgan «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumiga bag'ishlangan axborot materiali e'lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Unda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2018 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan «Ma'rifat va diniy bag'rikenglik» maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlab qo'yilgan qoidalar respublikada hayotga izchil tadbiq etilayotgani, O'zbekistonda inson huquqlari sohasidagi Milliy strategiya maqsadlariga erishish yo'lida ildam qadamlar tashlanayotgani qayd etilgan.
2019 yilda birinchi marta Toshkentda tashkil etilgan «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi bugun jahon hamjamiyatiga o'zbek xalqining boy madaniy, tarixiy, ilmiy va ma'naviy merosi, shuningdek, O'zbekistonning siyosiy-huquqiy, dinlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash, jamiyatda do'stlik va o'zaro tushunish muhitini qo'llab-quvvatlash borasidagi tajribasi bilan tanishish imkoniyatini beruvchi muhim platformaga aylandi.
Maqolada ta'kidlanganidek, ushbu forum 2019 yilda bo'lgani kabi Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va AQShdan taniqli diniy ulamolar, ilohiyotchilar, huquqshunoslar, davlat va jamoat arboblarini bir joyga to'pladi. O'zbekiston tomonidan turli konfessiyalar vakillari, ilohiyotchilar, diniy ulamolar, tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari ishtirok etdi.
Forum 19 may kuni Buxoro shahrida bo'lib o'tgan konferentsiya bilan yakunlandi. Unda forum doirasida o'tkazilgan ilmiy-amaliy seminarlar yakunlari sarhisob qilindi, diniy va dinlararo erkinlikni ta'minlash masalalari bo'yicha fikr almashildi va istiqboldagi hamkorlik bilan bog'liq sa'y-harakatlar kelishib olindi.
«Halqaro forum yakunida «Buxoro deklaratsiyasi» qabul qilindi. Ushbu hujjat avval qabul qilingan Marokash (2016), Jakarta (2017), Potomake (2018), Punto-del'-Este (2018) va Makka (2019) deklaratsiyalarning mantiqiy davomi bo'ldi», deb yozadi «Askanews».
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Salohiyatli avlodni yetishtirishni istasak, barcha narsadan oldin ushbu avlodni tarbiya qiladigan o‘qituvchi va murabbiylar haqida qayg‘urishimiz lozim. Bu borada mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr – Bilimlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigida: “Keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi”, deya ta’kidladilar.
Yurtimizning yanada taraqqiy etishi, xalqimiz turmushi bundan-da farovon, yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishlari uchun Yaponiyaning tajribasini qo‘llash kerak. Chunonchi, Yaponiya yuksak taraqqiy etgan davlat maqomiga erishishida o‘qituvchiga vazirning maoshi, imperatorning obro‘si, deputatning daxlsizligi qo‘llanilgani asosiy omil bo‘lgan.
Shu bilan birga, Yaponiyada o‘qituvchi talabalarga bunday der ekan: «Sening o‘qishdagi muvaffaqiyating Yaponiyaning muvaffaqiyatidir. Muvaffaqiyatsizliging Yaponiyaning muvaffaqiyatsizligidir».
Muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari payg‘ambarlar, shu jumladan, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar.
Bu haqda Qur’oni karimda: «U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur’on) va Hikmat (Hadis)ni o‘rgatadigan (bir) payg‘ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg‘ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar» (Jum’a surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.
Hadisi sharifda: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Bugun ustoz va murabbiylarimiz aziz farzandlarimizga Imom Qatoda rahimahullohning bir tuya kitobni yod olganini, Imom Sha’biyning: “Oq narsaga yozilgan har bir narsani yod oldim”, degan so‘zini, Ashraf Ali Tahonaviyning qisqa umri davomida bir yarim ming kitob yozganini, Ibn Rushd umri davomida ikki kecha: uylangan va otasi vafot etgan kecha kitob o‘qiy olmaganini bot-bot eslatib turishlari maqsadga muvofiqdir. Shundagina yurtimizdan yana Buxoriylar, Nasafiylar, Xorazmiylar, Beruniylar, Termiziylar, Navoiylar yetishib chiqadi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o‘rgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli, hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchining haqqiga duo qiladilar”(Imom Termiziy rivoyati).
Islom ta’limotiga ko‘ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai a’moliga savob to‘xtovsiz borib turadi.
Hadisi sharifda: “Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi. Faqat uch narsa tufayli (uning nomai a’moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya;foydali ilm; duoi xayr qiluvchi solih farzand”(Imom Muslim rivoyati), deyilgan.
Men o‘qituvchi va murabbiylarni vaqt bilan musobaqalashayotgan, bu jarayonga shogirdlarini ham jalb qilgan kishiga o‘xshataman. Islom tarixiga nazar solsak, vaqt bilan musobaqalashib, juda ko‘p muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan ulamolar borligiga amin bo‘lamiz. Buyuk vatandoshimiz, dunyo imom Imom Buxoriy rahmatullohi ilmga qiziqib, dunyo kezib, oltmish mingdan ziyod hadisni to‘plaganida bor-yo‘g‘i 16 yoshda edi.
Shuningdek, u zotning 63 yillik umri mobaynida ilm yo‘lida amalga oshirgan ulkan ishlarini, mana, oradan o‘n asrdan ziyodroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Islom olamidagi butun boshli ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rganib kelyapti. Tadqiqotlar natijasida u zotning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlariga barcha lol qolmoqda.
Muxtasar aytganda, bashariyat uchun ham, taraqqiyot uchun ham, tamaddun uchun ham faqat bir narsa kerak: bu – ilm, bilim va tafakkur. Shunday ekan, sharafli kasb egalari har qancha tahsinga sazovor.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz USTOZLAR!
Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi,
«Imom Buxoriy» ordeni sohibi