Hazrat Navoiyning “Hamsa” asarini varaqlar ekanmiz, unda islomiy istilohlar, Qur'on va hadisdan iqtiboslar, fiqhiy atamalarga ko'p duch kelamiz. Lekin ularning ma'no va mazmunini yaxshi tushunmaganimiz bois shoir ko'zlagan maqsadni etarlicha ilg'ay olmaymiz.
“Hayratul abror” dostonining dastlabki boblari tavhid, Islom ilmi va madaniyati, Allohning qudrati va rahmati, Haq taoloning karami, Muhammad sollallohu alayhi va sallam zikri, Me'roj voqealariga bag'ishlangan. Ya'ni bir bob hamd, to'rt bob munojot va besh bob na't bilan boshlanadi. Bu o'sha davr an'anasiga muvofiq edi.
Bu haqda ulug' shoir “Badoyeul bidoya”da: “Har harf g'azaliyotining avvalg'i g'azali Tengri taolo hamdi bila muvashshah, yo Rasul alayhissalom na'ti bila mufattah, yo mav'iza bila muvazzah”, – deb qayd etadi.
Islomda ko'p tilga olinadigan, har bir niyat, ibodat va amaliy harakatlar oldidan aytiladigan oyat “Bismillahir rohmanir rohim”.
Basmalaning fazilati to'g'risida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadislarining birida bunday marhamat qilganlar: «E'tiborli har bir ish “Bismillah” bilan boshlanmas ekan, uning oxiri kesikdir (barakasi bo'lmaydi, oxiriga etmaydi)» (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Alisher Navoiy “Hayratul abror” dostonining matlaini bunday satrlar bilan boshlaydi:
Bismillohir rahmonir rahim,
Rishtag'a chekti necha durri yatim...
Ulug' shoir mazkur bobda Basmalaning har bir harfini poetik sharhlaydi. Hulosada ma'no rishtalarini bir markazga qaratadi:
Yo'l yomonu yaxshisidan ema g'am,
Bismilloh degilu qo'yg'il qadam.
Dostondan o'rin olgan to'rt munojotdagi qarashlar bir-birini takrorlamaydi. Birinchi munojotda Haq taoloning yakkayu yolg'izligi, husnu jamol sohibi ekani, husnini tomosha qilish uchun oyna sifatida olamni yaratgani to'g'risida fikr yuritilsa, ikkinchi munojotda Allohning xoliqiyati, barcha mavjudotlar unga sajda qilishi to'g'risidagi g'oyalar o'z ifodasini topgan.
Uchinchi munojotda esa, Allohning Qahhoru Rahmonligi, insonni mukarram qilib yaratgani, barcha narsani ajoyib muvofiqlik bilan harakatlantiruvchi ekani hamda qiyomat tasviri va u kundagi Muhammad alayhissalom shafoati yuksak ehtiros bilan tarannum etilgan va oxirgi munojotda Alloh taoloning karam egasi va kechirimli zot ekani bayon qilingan.
Atoqli navoiyshunos Abduqodir Hayitmetov o'rinli ta'kidlaganidek: «Bundan shu xulosa chiqadiki, diniy masalalar va mavzular bilan bog'liq qaysi narsani bayon qilmasin, butun “Hamsa” davomida Navoiy birinchi navbatda Qur'on oyatlariga asoslangan holda qalam tebratgan va ularni shu negizda badiiy talqin etgan».
“Hayratul abror”dagi munojotlarda oyat va hadislarni baytda qisman yoki to'liq qo'llash, oyatlarning to'liq yoki ma'lum bo'lagini tarjima qilib keltirish, oyatlarga ishora qilish yoxud ularning mazmunini ifodalash tarzida istifoda etilganiga guvoh bo'lamiz.
“Hayratul abror” maqolotlarida bayon qilingan fikrlar “Hamsa”ning boshqa dostonlarida keng ko'lamda, obrazlar vositasida badiiy ifodasini topgan.
Abdug'afur Razzoq BUHORIY,
“Mir Arab” oliy madrasasi
mudarrisi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati