Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

“Bismilloh degilu qo'yg'il qadam...”

23.06.2022   2400   4 min.
“Bismilloh degilu qo'yg'il qadam...”

Hazrat Navoiyning “Hamsa” asarini varaqlar ekanmiz, unda islomiy istilohlar, Qur'on va hadisdan iqtiboslar, fiqhiy atamalarga ko'p duch kelamiz. Lekin ularning ma'no va mazmunini yaxshi tushunmaganimiz bois shoir ko'zlagan maqsadni etarlicha ilg'ay olmaymiz.

“Hayratul abror” dostonining dastlabki boblari tavhid, Islom ilmi va madaniyati, Allohning qudrati va rahmati, Haq taoloning karami, Muhammad sollallohu alayhi va sallam zikri, Me'roj voqea­lariga bag'ishlangan. Ya'ni bir bob hamd, to'rt bob munojot va besh bob na't bilan boshlanadi. Bu o'sha davr an'anasiga muvofiq edi.

Bu haqda ulug' shoir “Badoyeul bidoya”da: “Har harf g'azaliyotining avvalg'i g'azali Tengri taolo hamdi bila muvashshah, yo Rasul alayhissalom na'ti bila mufattah, yo mav'iza bila muvazzah”, – deb qayd etadi.

Islomda ko'p tilga olinadigan, har bir niyat, ibodat va amaliy harakatlar oldidan aytiladigan oyat “Bismillahir rohmanir rohim”.

Basmalaning fazilati to'g'risida Rasu­lulloh sollallohu alayhi va sallam ha­dislarining birida bunday marhamat qilganlar: «E'tiborli har bir ish “Bis­millah” bilan boshlanmas ekan, uning oxi­ri kesikdir (barakasi bo'lmaydi, oxi­riga etmaydi)» (Imom Ibn Hibbon ri­voyati).

Alisher Navoiy “Hayratul abror” dos­tonining matlaini bunday satrlar bilan boshlaydi:

Bismillohir rahmonir rahim,

Rishtag'a chekti necha durri yatim...

Ulug' shoir mazkur bobda Basmalaning har bir harfini poetik sharhlaydi. Hu­losada ma'no rishtalarini bir markazga qaratadi:

Yo'l yomonu yaxshisidan ema g'am,

Bismilloh degilu qo'yg'il qadam.

Dostondan o'rin olgan to'rt munojotdagi qarashlar bir-birini takrorlamaydi. Birinchi munojotda Haq taoloning yakkayu yolg'izligi, husnu jamol sohibi ekani, husnini tomosha qilish uchun oyna sifatida olamni yaratgani to'g'risida fikr yuritilsa, ikkinchi munojotda Allohning xoliqiyati, barcha mavjudotlar unga sajda qilishi to'g'risidagi g'oyalar o'z ifodasini topgan.

Uchinchi munojotda esa, Allohning Qahhoru Rahmonligi, insonni mukarram qilib yaratgani, barcha narsani ajoyib muvofiqlik bilan harakatlantiruvchi ekani hamda qiyomat tasviri va u kundagi Muhammad alayhissalom shafoati yuksak ehtiros bilan tarannum etilgan va oxirgi munojotda Alloh taoloning karam egasi va kechirimli zot ekani bayon qilingan.

Atoqli navoiyshunos Abduqodir Ha­yitmetov o'rinli ta'kidlaganidek: «Bun­dan shu xulosa chiqadiki, diniy masalalar va mavzular bilan bog'liq qaysi narsani bayon qilmasin, butun “Hamsa” davomida Navoiy birinchi navbatda Qur'on oyatlariga asoslangan holda qalam tebratgan va ularni shu negizda badiiy talqin etgan».

“Hayratul abror”dagi munojotlarda oyat va hadislarni baytda qisman yoki to'liq qo'llash, oyatlarning to'liq yoki ma'lum bo'lagini tarjima qilib keltirish, oyatlarga ishora qilish yoxud ularning mazmunini ifodalash tarzida istifoda etilganiga guvoh bo'lamiz.

“Hayratul abror” maqolotlarida bayon qilingan fikrlar “Hamsa”ning boshqa dostonlarida keng ko'lamda, obrazlar vositasida badiiy ifodasini topgan.

Abdug'afur Razzoq BUHORIY,

“Mir Arab” oliy madrasasi

mudarrisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

35 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi

14.08.2026   48934   1 min.
35 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli  sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.

Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari