— Erim 10 yil oldin xorijga ishlashga ketgan, ammo shuncha vaqtdan beri uning tirik, yo o'lik ekanligi noma'lum. Ro'zg'orda qiyinchiliklar ko'rayotganim, farzandlarim bilan muhtojlikda yashayotganim uchun qarindoshlarim meni bir erkakka turmushga berishmoqchi. Lekin erim talog'imni bermagan, u bilan ajrashmaganman. Bunday holatda nima qilishim kerak?
— Bedarak yo'qolgan kishining ayoli haqida Hanafiy mazhabi ulamolari qattiq shartlar aytishgan. Hozirgi kunda ayrim ulamolar agar er mutlaqo bedarak yo'qolsa va barcha izlash vositalari bilan ham aniqlash imkoni bo'lmasa, orada to'rt yil o'tgan bo'lsa, ikki taraf qarindoshlari, mahalla vakillari va imom ishtirokida ayolning arizasi ko'rilib, nikoh buzilgani e'lon qilinadi. So'ng ayol idda o'tirib, iddasi chiqqandan keyin yangi erga nikohlansa bo'ladi, deyishgan.
— Ayol kishi qachon va qanday holatda eridan taloq so'rashi mumkin? O'zini o'zi ham taloq qilsa bo'ladi, deb eshitdim. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
— Hotin kishi erini yoqtirmasa yoki eri unga yomon munosabatda bo'lsa, eridan taloq qilishini so'rashi mumkin. Bu dinimizda xulu' deyiladi. Hulu' – xotinning eriga pul taklif qilish yoki mahrdan bir qismini qaytarib berish evaziga taloq so'rashidir.
Alloh taoloning: “Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasliklaridan qo'rqsangiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yo'q” (Baqara surasi, 229-oyat), degan so'zi xulu' mumkin ekaniga dalildir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Aytdi: “Sobit ibn Qays ibn Shamosning xotini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldi va: “Yo Rasululloh, men uning xulqi va dinidan nolimayman. Lekin Islomdagi noshukrligini yomon ko'raman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unga bog'ini qaytarib berasanmi?” dedilar. U ayol: “Ha”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Sobitga: “Bog'ni qabul et va uni bir taloq qil”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bunday holatlarda xotin eridan taloq talab qilishi mumkin. Bu Islom dinining adolatini, ayol va erkakka o'z haq-huquqlarini berishdagi qiymatini ko'rsatadi.
Shariat o'lchovida aqlga sig'adigan sabab bo'lmasa, xotinning eridan taloq so'rashiga ruxsat berilmaydi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Biron sababsiz eridan talog'ini so'ragan ayolga jannatning hidi (ham) harom”, degan so'zlari keltirilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Agar er ayoliga “ixtiyoring o'zingda” yoki “talog'ing qo'lingda”, desa, ayol kishi o'zini taloq qilishi mumkin. Buning tafsilotini bu sohada mutaxassis bo'lgan ahli ilmdan bilib olish kerak bo'ladi.
Ozor bersa zamonning o‘tkir nishlari,
Yagona Zotdan so‘rang Uning yordamin.
Muslima, soliha ayol eri bilan yaxshi yashaydigan, Robbisidan so‘ng eriga itoat etadigan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mana shunday ayolni madh etganlar va uni erkak kishi erishishi lozim bo‘lgan namunaviy ayol ekanini bildirganlar. Eng yaxshi ayol haqida so‘ralganda bunday javob berganlar:
قال: التي تسره إذا نظر، وتطيعه إذا أمر، ولا تخالفه في نفسها ومالها بما يكره
“(Eng yaxshi ayol) eri qarasa xursand qiladigan, buyursa itoat etadigan, o‘z nafsi va molida eri yomon ko‘rgan narsa bilan unga xilof qilmaydiganidir” (Imom Nasoiy rivoyati).
عن ابن عباس قال: لما نزلت الآية (والذين يكنزون الذهب والفضة) فانطلق عمر واتبعه ثوبان فأتى النبي صلى الله عليه وسلم فقال: يا رسول الله، إنه قد كبر على أصحابك هذه الآية. فقال النبي صلى الله عليه وسلم: ألا أخبرك بخير ما يكنزه المرء؟ التي إذا نظر إليها سرته وإذا أمرها أطاعته وإذا غاب عنها حفظته
Alloh taoloning:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّ كَثِيرًا مِنَ الْأَحْبَارِ وَالرُّهْبَانِ لَيَأْكُلُونَ أَمْوَالَ النَّاسِ بِالْبَاطِلِ وَيَصُدُّونَ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ وَالَّذِينَ يَكْنِزُونَ الذَّهَبَ وَالْفِضَّةَ وَلَا يُنْفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَبَشِّرْهُمْ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ﴾
“Oltin va kumushni xazinaga bosadigan, Allohning yo‘lida sarflamaydiganlarga alamli azobning bashoratini beraver” (Tavba surasi, 34-oyat) oyati nozil bo‘lganda Umar va Savbon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga borishdi. Umar roziyallohu anhu: "Yo Rasululloh, bu oyat sahobalaringizga og‘ir keldi", dedilar.
Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey Umar, kishi eng yaxshi xazina qiladigan narsaning xabarini beraymi? Unga qarasa xursand qiladigan, buyursa itoat qiladigan va eri g‘oib vaqtida (moli va obro‘sini) himoya qiladigan soliha ayol (kishining eng yaxshi xazinasidir)” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning jannatga kirishini erining roziligiga bog‘lab qo‘ydilar. U zot aytadilar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: أيما امرأة ماتت وزوجها عنها راض دخلت الجنة
“Qaysi ayol eri undan rozi bo‘lgan holda vafot etsa jannatga kiradi” (Imom Termiziy rivoyati).
Siz ana shu ayol bo‘lishga intiling, shunda haqiqiy baxtga erishasiz.
Shu’la: Oxirat diyorida eng avvalgilar qatorida siz uchun ajratilgan o‘rin bor. Faqatgina siz amallaringizni kundan-kunga mukammal qilib boring.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan