— Erim 10 yil oldin xorijga ishlashga ketgan, ammo shuncha vaqtdan beri uning tirik, yo o'lik ekanligi noma'lum. Ro'zg'orda qiyinchiliklar ko'rayotganim, farzandlarim bilan muhtojlikda yashayotganim uchun qarindoshlarim meni bir erkakka turmushga berishmoqchi. Lekin erim talog'imni bermagan, u bilan ajrashmaganman. Bunday holatda nima qilishim kerak?
— Bedarak yo'qolgan kishining ayoli haqida Hanafiy mazhabi ulamolari qattiq shartlar aytishgan. Hozirgi kunda ayrim ulamolar agar er mutlaqo bedarak yo'qolsa va barcha izlash vositalari bilan ham aniqlash imkoni bo'lmasa, orada to'rt yil o'tgan bo'lsa, ikki taraf qarindoshlari, mahalla vakillari va imom ishtirokida ayolning arizasi ko'rilib, nikoh buzilgani e'lon qilinadi. So'ng ayol idda o'tirib, iddasi chiqqandan keyin yangi erga nikohlansa bo'ladi, deyishgan.
— Ayol kishi qachon va qanday holatda eridan taloq so'rashi mumkin? O'zini o'zi ham taloq qilsa bo'ladi, deb eshitdim. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
— Hotin kishi erini yoqtirmasa yoki eri unga yomon munosabatda bo'lsa, eridan taloq qilishini so'rashi mumkin. Bu dinimizda xulu' deyiladi. Hulu' – xotinning eriga pul taklif qilish yoki mahrdan bir qismini qaytarib berish evaziga taloq so'rashidir.
Alloh taoloning: “Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasliklaridan qo'rqsangiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yo'q” (Baqara surasi, 229-oyat), degan so'zi xulu' mumkin ekaniga dalildir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Aytdi: “Sobit ibn Qays ibn Shamosning xotini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldi va: “Yo Rasululloh, men uning xulqi va dinidan nolimayman. Lekin Islomdagi noshukrligini yomon ko'raman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unga bog'ini qaytarib berasanmi?” dedilar. U ayol: “Ha”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Sobitga: “Bog'ni qabul et va uni bir taloq qil”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bunday holatlarda xotin eridan taloq talab qilishi mumkin. Bu Islom dinining adolatini, ayol va erkakka o'z haq-huquqlarini berishdagi qiymatini ko'rsatadi.
Shariat o'lchovida aqlga sig'adigan sabab bo'lmasa, xotinning eridan taloq so'rashiga ruxsat berilmaydi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Biron sababsiz eridan talog'ini so'ragan ayolga jannatning hidi (ham) harom”, degan so'zlari keltirilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Agar er ayoliga “ixtiyoring o'zingda” yoki “talog'ing qo'lingda”, desa, ayol kishi o'zini taloq qilishi mumkin. Buning tafsilotini bu sohada mutaxassis bo'lgan ahli ilmdan bilib olish kerak bo'ladi.
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. 24 may – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 25 may – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va Podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish, begona shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati