Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2026   |   10 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:33
Quyosh
05:05
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:22
Bismillah
24 Iyul, 2026, 10 Safar, 1448

G'iybatchi, masxaralovchi najot topmas

21.06.2022   2119   6 min.
G'iybatchi, masxaralovchi najot topmas

 

Umayya ibn Halaf quli Bilolning Is­lom­ni qabul qilganidan xabar topgach, o'zini qo'yarga joy topolmadi. Bosim o't­kazish maqsadida: “Menga itoatsizlik qi­lib, Mu­hammadga imon keltirdingmi? Qachondan beri qullar xojasining rux­satisiz iloh tanlashni boshladi? Shunday ekan, Rab­bingga duo qil, senga beradigan azobimdan xalos etsin. Misli ko'rilmagan darajada azob­layman”, dedi. Bilol roziyallohu an­hu unga javoban: “Agar Rabbim imonimni siz beradigan azob bilan sinasa, misli ko'rilmagan darajada sabr qilaman. Siz beradigan azob Allohning azobi oldida hech narsa emas”, dedi.

Umayya qulini misli ko'rilmagan azob ila jazolashga qasam ichdi. Qo'l-oyoqlari­ni bog'lab, sahroda qaynoq qumlarga yot­qizdi. Ustiga xarsangtosh bostirdi. Bu hol ancha davom etdi. Ba'zi-ba'zida Bi­lolning shirk diniga qaytishini umid qilgan holda: “Endi fikring qanday?” deb so'rardi. Bilol roziyallohu anhu “Ahad, Ahad” deyishdan bo'­lak biror so'z aytmasdi.

Alloh taolo mo'min bandalarini yordamsiz qoldirmaydi. Parvardigorning inoya­ti bilan Abu Bakr Siddiq roziyallohu an­hu Bilolni sotib oldi va qul­likdan ozod etdi.

* * *

Umayya nafaqat zaif yoki faqirlarga, hatto Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ham ozor berishga jur'at etardi. Payg'ambarimiz alayhissalomni ko'rishi bilan masxara qilardi. Shu bois Alloh taolo Humaza surasini nozil qildi: “(Kishilar ortidan) g'iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” Ya'ni, insonlarni g'iybat qiluvchi va masxaralovchi (Umayya ibn Halaf)ga xorlik va shiddatli azob bo'lsin. “Qaysiki, u mol-dunyoni yig'ib, uni sanagani-sanagan”. G'iybatchi va masxaralovchi kishi to'plagan va doim sanab turadigan mol-dunyosiga aldanib, o'zini boshqalardan afzal deb bildi. Shu bois insonlarni tahqirladi va mensimadi. “Va moli (boyligi) uni abadiy qoldiradi deb o'ylaydigan kimsadir”. Ya'ni, “Mol-dunyoim menga abadiylikni ta'minlaydi. Doim tirik bo'laman. Hech qachon o'lmayman”, deb o'limdan keyingi hayot haqida o'ylamadi. «Yo'q! Qasamki, albatta, u “Hutama”ga tashlanur!» Aslo unday emas. Ish u g'iybatchi, ayblovchi va mol-dunyo yig'uvchi inson o'ylaganidek emas. Aksincha, yaqinda u yiqqan-tergan moli bilan birgalikda olovga uloqtiriladi. Uning judayam chuqur qa'ri bor. Hutamaning eshiklari uning ahli noumid bo'lishlari uchun hech ochilmaydi. Shu darajada qattiq yopiladiki, undan chiqib ketishga zarracha umid qolmaydi. Uzun-uzun ustunlardan olovning o'chib qolishini tasavvur etib bo'lmaydi. «(Ey inson!) “Hutama” nima ekanini senga ne ham anglatur?! (U) Allohning yoqib qo'yilgan bir olovidir». Jahannamga “Hutama”, ya'ni “Parchalovchi” nom berilishining hikmatlaridan biri – moli bilan kibr­lanib, boshqalardan o'zini ustun qo'ygan, burnini baland ko'targan mutakabbir kishini tanasiga aziyat beradi. Buning ustiga, u Allohning olovidirki, boshqa olovlar kabi emas. Rabbisiga bo'ysunib, hech qachon o'chib qolmaydi. “(U badanlarni teshib o'tib) yuraklarga qadar etur. Albatta, u (olov) ularni qamrab oluvchidir. (O'zlari) uzun ustunlarda (zanjirband) bo'lurlar”. Ya'ni, olov qalblargacha ko'tarilib, yomon axloqli kishini issig'i bilan o'rab oladi va tiriklayin yondirib yuboradi (“Tafsiri Qurtubiy”).

* * *

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu­mo: «...“Shuningdek, qalbini Biz zikrimizdan g'ofil qilib qo'ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo'lgan kimsalarga itoat etmang!” (Kahf surasi, 28) oyati Umayya ibn Halaf Jumahiy haqida nozil bo'lgan», deydi. Bunga sabab, u Nabiy alayhissalomni o'zlari yoqtirmagan ishlariga, faqirlarni atroflaridan yiroqlashtirib, Makka bahodirlarini yaqinlashtirishga chaqirdi. Shundan so'ng Alloh taolo: “Biz zikrimizdan g'ofil qilgan (qalbini tavhiddan muhrlagan) havoyi nafsiga (ya'ni, shirkka) ergashgan kimsaga itoat etmang” oyatini nozil qildi.

Shuningdek, Alloh taoloning: “U kunda taqvodorlardan o'zga do'stlar bir-birlariga dushmandirlar” (Zuxruf surasi, 67) oyati ham Umayya ibn Halaf haqida nozil bo'lgan. Boisi, u Uqba ibn Abu Muit bilan do'st edi. Uqba Nabiy alayhissalom bilan birga o'tirardi. Quraysh: “Uqba ibn Muit ota-bobolari dinidan chiqdi”, dedi. Shunda Umayya ibn Halaf: “Muhammadning yuziga tupurmasang, sendan voz kechaman”, dedi. Uqba Umayya aytganidek qildi. Shundan so'ng ikkisi haqida ushbu oyat nozil bo'ldi.

Hadislardan birida banda gunoh qil­sa, qalbiga bitta dog' tushishini, tavba qil­sa, o'sha dog' o'chirilishi aytilgan. Dunyo­da gunoh qilmaydigan odam yo'q, tavba qil­maydiganlar bor. Banda tavba qilmasdan qayta-qayta gunoh qilaversa, qalbiga dog' tushaverib, qorayib boradi. Keyin bunday qalbga pandu nasihat ta'sir qilmaydigan bo'lib qoladi. Qalbi qorayib ketgan kishiga Allohning kalomini gapirsangiz ham, jannat-do'zaxni gapirsangiz ham, oxirat azobidan ogohlantirsangiz ham, aslo ta'sir qilmaydi. Gunoh qilishda bardavom bo'lgan kishi Allohga yaqinlasha olmaydi.

Umayya ibn Halaf Alloh taoloning hech bir tanbehidan ogohlanmadi. O'zini o'nglab olishga urinmadi. Qilg'iliklari sabab qalbini mog'or bosdi.

“Bas, o'sha kunda Allohning azobiga o'xshash azob-la hech kim azoblamaydi. Va Uning bog'lashiga o'xshash hech kim bog'­lamaydi” (Fajr surasi, 25–26-oyatlar). Ulamolar ushbu oyatni: “Umayya kufri va qaysarligi sabab (do'zaxda) azoblanganchalik hech kim azoblanmaydi. Uning zanjirlarga bog'lanishiga o'xshash hech kim zanjirga bog'lanmaydi”, deb tafsir qilganlar (“Tafsiri Qurtubiy”).

Har bir musulmon bu odamning oqiba­tini yodda tutishi, ogoh bo'lishi, shu bilan birga, Alloh taolo uni Islomga musharraf etgani uchun hamd aytishi lozim.

Manbalar asosida

Jaloliddin HAYDARALI o'g'li

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek hujjatli filmi Al-Azhar orqali xalqaro auditoriyaga taqdim etilmoqda

22.07.2026   8171   1 min.
O‘zbek hujjatli filmi Al-Azhar orqali xalqaro auditoriyaga taqdim etilmoqda
 
 

Bundan biroz oldin Misr Arab Respublikasi Al-Azhar universiteti huzuridagi turli tillarda geoma’naviy tahdidlardan ogoh etuvchi media mahsulotlar tayyorlaydigan observatoriyaning rasmiy va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi qoshidagi “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlangan “Hidoyat libosidagi jaholat” nomli hujjatli film o‘zbek va ingliz tillarida joylashtirilgani haqida xabar bergan edik.

5402384408544745000

E’tiborlisi, “Ziyo” media markazining mazkur hamkorligi davomli tus olmoqda. Gap shundaki, o‘tgan hafta mazkur filmning ikkinchi qismi ham Al-Azhar observatoriyasi platformalariga joylashtirildi.

Film ilm va ma’rifatning ahamiyatini, jaholat va radikallashuvning jamiyatni qanday halokatga olib borishini aniq misollar va ushbu mavzuga ixtisoslashgan teran fikrli ekspertlar ishtirokida ko‘rsatib beradi.

5402384408544745000

Filmda “Al-Azhar” observatoriyasi direktori, islomshunos olima Reyhan Abdulla Salama, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Habibulla Sadibaqosov, Aleksandriya kutubxonasi direktori, professor Ahmad Abdulla Zayed, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori Husniddin Ahmedov ishtirok etgan.

5402384408544745000

Film muallifi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, publitsist, “Ziyo” media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov. Filmga O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zosi, bir qator filmlarni sahnalashtirgan Mikoyil Sulaymonov rejissyorlik qilgan. Mavzu yuzasidan maslahatchi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘tkirbek Hasanboyev. Film jug‘rofiyasi O‘zbekiston, Misr, Turkiya davlatlaridagi ilmiy-tadqiqot markazlari va ularning ekspertlarini qamrab olgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari