Umayya ibn Halaf quli Bilolning Islomni qabul qilganidan xabar topgach, o'zini qo'yarga joy topolmadi. Bosim o'tkazish maqsadida: “Menga itoatsizlik qilib, Muhammadga imon keltirdingmi? Qachondan beri qullar xojasining ruxsatisiz iloh tanlashni boshladi? Shunday ekan, Rabbingga duo qil, senga beradigan azobimdan xalos etsin. Misli ko'rilmagan darajada azoblayman”, dedi. Bilol roziyallohu anhu unga javoban: “Agar Rabbim imonimni siz beradigan azob bilan sinasa, misli ko'rilmagan darajada sabr qilaman. Siz beradigan azob Allohning azobi oldida hech narsa emas”, dedi.
Umayya qulini misli ko'rilmagan azob ila jazolashga qasam ichdi. Qo'l-oyoqlarini bog'lab, sahroda qaynoq qumlarga yotqizdi. Ustiga xarsangtosh bostirdi. Bu hol ancha davom etdi. Ba'zi-ba'zida Bilolning shirk diniga qaytishini umid qilgan holda: “Endi fikring qanday?” deb so'rardi. Bilol roziyallohu anhu “Ahad, Ahad” deyishdan bo'lak biror so'z aytmasdi.
Alloh taolo mo'min bandalarini yordamsiz qoldirmaydi. Parvardigorning inoyati bilan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Bilolni sotib oldi va qullikdan ozod etdi.
* * *
Umayya nafaqat zaif yoki faqirlarga, hatto Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ham ozor berishga jur'at etardi. Payg'ambarimiz alayhissalomni ko'rishi bilan masxara qilardi. Shu bois Alloh taolo Humaza surasini nozil qildi: “(Kishilar ortidan) g'iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” Ya'ni, insonlarni g'iybat qiluvchi va masxaralovchi (Umayya ibn Halaf)ga xorlik va shiddatli azob bo'lsin. “Qaysiki, u mol-dunyoni yig'ib, uni sanagani-sanagan”. G'iybatchi va masxaralovchi kishi to'plagan va doim sanab turadigan mol-dunyosiga aldanib, o'zini boshqalardan afzal deb bildi. Shu bois insonlarni tahqirladi va mensimadi. “Va moli (boyligi) uni abadiy qoldiradi deb o'ylaydigan kimsadir”. Ya'ni, “Mol-dunyoim menga abadiylikni ta'minlaydi. Doim tirik bo'laman. Hech qachon o'lmayman”, deb o'limdan keyingi hayot haqida o'ylamadi. «Yo'q! Qasamki, albatta, u “Hutama”ga tashlanur!» Aslo unday emas. Ish u g'iybatchi, ayblovchi va mol-dunyo yig'uvchi inson o'ylaganidek emas. Aksincha, yaqinda u yiqqan-tergan moli bilan birgalikda olovga uloqtiriladi. Uning judayam chuqur qa'ri bor. Hutamaning eshiklari uning ahli noumid bo'lishlari uchun hech ochilmaydi. Shu darajada qattiq yopiladiki, undan chiqib ketishga zarracha umid qolmaydi. Uzun-uzun ustunlardan olovning o'chib qolishini tasavvur etib bo'lmaydi. «(Ey inson!) “Hutama” nima ekanini senga ne ham anglatur?! (U) Allohning yoqib qo'yilgan bir olovidir». Jahannamga “Hutama”, ya'ni “Parchalovchi” nom berilishining hikmatlaridan biri – moli bilan kibrlanib, boshqalardan o'zini ustun qo'ygan, burnini baland ko'targan mutakabbir kishini tanasiga aziyat beradi. Buning ustiga, u Allohning olovidirki, boshqa olovlar kabi emas. Rabbisiga bo'ysunib, hech qachon o'chib qolmaydi. “(U badanlarni teshib o'tib) yuraklarga qadar etur. Albatta, u (olov) ularni qamrab oluvchidir. (O'zlari) uzun ustunlarda (zanjirband) bo'lurlar”. Ya'ni, olov qalblargacha ko'tarilib, yomon axloqli kishini issig'i bilan o'rab oladi va tiriklayin yondirib yuboradi (“Tafsiri Qurtubiy”).
* * *
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo: «...“Shuningdek, qalbini Biz zikrimizdan g'ofil qilib qo'ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo'lgan kimsalarga itoat etmang!” (Kahf surasi, 28) oyati Umayya ibn Halaf Jumahiy haqida nozil bo'lgan», deydi. Bunga sabab, u Nabiy alayhissalomni o'zlari yoqtirmagan ishlariga, faqirlarni atroflaridan yiroqlashtirib, Makka bahodirlarini yaqinlashtirishga chaqirdi. Shundan so'ng Alloh taolo: “Biz zikrimizdan g'ofil qilgan (qalbini tavhiddan muhrlagan) havoyi nafsiga (ya'ni, shirkka) ergashgan kimsaga itoat etmang” oyatini nozil qildi.
Shuningdek, Alloh taoloning: “U kunda taqvodorlardan o'zga do'stlar bir-birlariga dushmandirlar” (Zuxruf surasi, 67) oyati ham Umayya ibn Halaf haqida nozil bo'lgan. Boisi, u Uqba ibn Abu Muit bilan do'st edi. Uqba Nabiy alayhissalom bilan birga o'tirardi. Quraysh: “Uqba ibn Muit ota-bobolari dinidan chiqdi”, dedi. Shunda Umayya ibn Halaf: “Muhammadning yuziga tupurmasang, sendan voz kechaman”, dedi. Uqba Umayya aytganidek qildi. Shundan so'ng ikkisi haqida ushbu oyat nozil bo'ldi.
Hadislardan birida banda gunoh qilsa, qalbiga bitta dog' tushishini, tavba qilsa, o'sha dog' o'chirilishi aytilgan. Dunyoda gunoh qilmaydigan odam yo'q, tavba qilmaydiganlar bor. Banda tavba qilmasdan qayta-qayta gunoh qilaversa, qalbiga dog' tushaverib, qorayib boradi. Keyin bunday qalbga pandu nasihat ta'sir qilmaydigan bo'lib qoladi. Qalbi qorayib ketgan kishiga Allohning kalomini gapirsangiz ham, jannat-do'zaxni gapirsangiz ham, oxirat azobidan ogohlantirsangiz ham, aslo ta'sir qilmaydi. Gunoh qilishda bardavom bo'lgan kishi Allohga yaqinlasha olmaydi.
Umayya ibn Halaf Alloh taoloning hech bir tanbehidan ogohlanmadi. O'zini o'nglab olishga urinmadi. Qilg'iliklari sabab qalbini mog'or bosdi.
“Bas, o'sha kunda Allohning azobiga o'xshash azob-la hech kim azoblamaydi. Va Uning bog'lashiga o'xshash hech kim bog'lamaydi” (Fajr surasi, 25–26-oyatlar). Ulamolar ushbu oyatni: “Umayya kufri va qaysarligi sabab (do'zaxda) azoblanganchalik hech kim azoblanmaydi. Uning zanjirlarga bog'lanishiga o'xshash hech kim zanjirga bog'lanmaydi”, deb tafsir qilganlar (“Tafsiri Qurtubiy”).
Har bir musulmon bu odamning oqibatini yodda tutishi, ogoh bo'lishi, shu bilan birga, Alloh taolo uni Islomga musharraf etgani uchun hamd aytishi lozim.
Manbalar asosida
Jaloliddin HAYDARALI o'g'li
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyo mamlakatlari turli taqvimlarda yil, oy, kun hisobini yuritadi. Eng keng tarqalgani – milodiy deb ataladigan Grigorian taqvimi hisoblanadi. Islom mamlakatlarida hijriy-qamariy va hijriy-shamsiy taqvimlar mavjud.
Ko‘p Islom mamlakatlarida amal qilinadigan hijriy-qamariy taqvim oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Hilol (yangi oy) ko‘ringandan keyingi kun yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Hijriy-qamariy oylar 29 yoki 30 kun bo‘ladi. Shu sababli hijriy-qamariy yil 354-355 kun bo‘lib, milodiy yildan 10-11 kun kam bo‘ladi.
Hijriy-qamariy taqvimning birinchi kuni Muharram oyining birinchi kunidan boshlanadi. Hijriy-qamariy yil bo‘yicha oylar tartibi quyidagichadir: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabiul oxir, Jumodul avval, Jumodul oxir, Rajab, Sha’bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa’da, Zulhijja.
Qur’oni karimdagi Tavba surasining 36-oyatida Alloh taolo oylarni 12 ta qilib belgilagani qayd etilgan. Bu oylar insonga yordamchi bo‘lib, umrini, vaqtini, ishlarini rejalashtirishda, hisoblashda lozim bo‘ladi.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Islom taqvimini joriy qilishga maslahat qilishgan va katta kelishuv bo‘lgan. Hijriy-qamariy taqvimdan foydalanishga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida, ya’ni 16-hijriy yilning Rabiul avval oyida qaror qilingan va 1-Muharram 17-hijriy yilning boshi deb hisoblangan.
Hijriy-qamariy yilning boshlanishiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan sanalari asos qilib olingan. Bu milodiy 622 yilga to‘g‘ri keladi. “Hijriy” degan so‘z “hijrat (ko‘chish)ga tegishli”, “qamariy” esa “oyga tegishli” degan ma’noni bildiradi.
Milodiy sana oylari 28 yoki 29 hamda 30 yo 31 kunlik bo‘lgani kabi hijriy oylar, jumladan, Ramazon oyi ham gohida 29, gohida 30 kunlik bo‘lishi mumkin. Hijriy oyning milodiy oydan farqi shuki, masalan, mart oyi doimiy ravishda 31 kunlik bo‘lsa, hijriy oylar hilolning yangilanishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun qaysi oy necha kunlik bo‘lishi oyning ko‘rinishiga qarab aniqlanadi.
Islom dini ta’limotlarida muborak Ramazon oyi va hayiti kunini belgilashda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflari asos qilib olingan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxiratga rihlat qilgunlariga qadar to‘qqiz yil Ramazon ro‘zasini tutganlar. Shulardan aksarida yigirma to‘qqiz kunlik, ozrog‘ida o‘ttiz kunlik bo‘lgan.
Bu borada Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda zikr qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida 29 kun tutgan ro‘zamiz 30 kun tutganimizdan ko‘proq edi” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, Ramazon oyi necha kun bo‘lsa, shuncha kun ro‘za tutiladi va o‘sha mukammal ro‘za hisoblanadi.
Hijriy oylarning yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kunlik bo‘lishini quyidagi hadisi sharifda ham ko‘rish mumkin.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir oyga xotinlaridan iylo qildilar. Yigirma to‘qqiz kun o‘tgandan so‘ng esa ertalab (yoki kechqurun) kirdilar. Shunda u zotga: “Siz bir oy kirmaslikka qasam ichgan edingiz?” deyildi. U zot: “Oy yigirma to‘qqiz kun (ham) bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shunga ko‘ra, hech kim o‘zicha Ramazon doim o‘ttiz kun bo‘ladi, deb hukm chiqarishi aslo to‘g‘ri emasdir. Bunday deyish sahih hadislar va ulamolar ijmosi (ittifoqi)ga ziddir.
Demak Ramazon oyi 29 kunlik bo‘lib kelgan taqdirda ham biz oyat va hadislarga muvofiq bir oy mukammal ro‘za tutgan bo‘lamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi