Hanafiy mazhabida namozda fotiha surasidan so'ng “Omin”ni maxfiy aytmoq namozning sunnatlaridan biridir. “Omin”ni maxfiy aytmoq sunnat ekanligi hanafiy mazhabining barcha kitoblarida qayd qilingan. Jumladan Burhoniddin Abul Hasan Ali ibn Abu Bakr Marg'iloniy rahmatulloh alayh “Hidoya” kitobining “Namozning sifati” bobida quydagi matnni keltiradilar:
وَ اذا قَالَ الامامُ: ولا َالضالِّين: قال: آمين، ويقولُها المؤتمُّ ويُخْفونَها
Ya'ni: “Va agar imom “ولا َالضالِّين” desa, “Omin” deydi. “Omin”ni muqtadiy ham aytadi. Va Ular (imom va muqtadiy) “Omin”ni maxfiy qiladi”.
Shuningdek, Muhammad Alouddin al-Haskafiy rahmatulloh alayh “Durrul muxtor” kitobida namozning sunnatlarini bayon qilib, quydagi matnni keltiradi:
وَالثَناءُ والتَعَوَّذُ وَ التَسْمِيَةُ وَ التَأمينُ وَ كَوْنهُنَّ سِرّاً
Ya'ni: “(Namozda) sano o'qish, so'ng ta'avvuz va tasmiya aytish va (“Fotiha” surasidan keyin) “Omin” demoq sunnatdir. Mazkur sunnatlarning hammasi maxfiy holda bo'lmoqligi ham sunnatdir”.
Mazkur ikki matndan “Omin”ni imom va muqtadiy har ikkisi aytmoqligi sunnat ekanligini zikr qilgandan keyin, “Omin”ni maxfiy qilish alohida sunnat ekanligi qayd qilinayapti. Shuningdek, yolg'iz namoz o'quvchi ham “Fotiha” surasidan keyin “Omin” deydi va uni maxfiy qiladi.
“Omin”ni maxfiy aytishning dalillari:
1-dalil:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ « إِذَا قَالَ الإِمَامُ (غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِّينَ) فَقُولُوا « آمِينَ » فَإِنَّهُ مَنْ وَافَقَ قَوْلُهُ قَوْلَ الْمَلَائِكَةِ غَفَرَ اللَّهُ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. رواه البخارى و مسلم.
“Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imom “G'oyril mag'dubi 'alayhim valaddolliyin” deganda “Omin” denglar, chunki kimning so'zi farishtalarning so'ziga to'g'ri kelsa, o'tgan gunohlari mag'firat qilinadi”, dedilar”.
Ushbu hadisi sharif “Fotiha” surasidan so'ng “Omin” aytish sunnat ekanligiga dalil bo'lish bilan bir vaqtda, uni maxfiy aytish sunnat ekanligiga dalolat qiladi. Chunki, hadisi sharifda “Imom “G'oyril mag'dubi 'alayhim valaddolliyin” deganda “Omin” denglar” deyildi. Agar “Omin” jahriy aytilgan bo'lganda, Nabiy sollallohu alayhi va sallam uni avvalo, imomning zimmasiga yuklab, so'ngra “Imom “Omin” deganda “Omin” denglar” – deb aytgan bo'lar edilar. Demak, “Omin” jahriy aytilmagani uchun hadisi sharifda “Imom “G'oyril mag'dubi 'alayhim valaddolliyin” deganda”, deb qayd qilinayapti va “Omin”ni maxfiy aytilishiga dalolat qiladi. Bu rivoyatni hech bir boshqacha ta'vil qilib bo'lmaydi.
Shu o'rinda bizning zikr qilingan bu dalilimizga “Omin”ni jahriy aytish afzal deguvchilar tomonidan imom Termiziy rivoyat qilgan quydagi hadisi sharifni e'tiroz qilib keltirishi mumkin.
عن أبي هريرة أن رسول الله صلى الله عليه و سلم قال :إذا أمن الإمام فأمنوا… (سنن الترمذي)
“Abu Hurayra roziiyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imom “Omin” deganda “Omin” denglar…”
Biz aytamizki, bu rivoyatda “Omin”ni jahriy aytilishini quvvatlaydigan ochiq-oydin, saxih gap yo'q. Buning ma'nosi shuki, “Imom “Omin” deydigan vaqtda sizlar ham “Omin” denglar”, deganidir. U vaqt o'sha “G'oyril mag'dubi 'alayhim valaddolliyin” degandan keyingi vaqtdir. Hulosa shuki, biz bu hadisi sharifni avvalgi hadisi sharifga muvofiqlashtirgan holda ikki rivoyatga amal qilamiz.
2-dalil:
عَنْ شُعْبَةُ عَنْ سَلَمَةَ بْنِ كُهَيْلٍ عَنْ حُجْرٍ أَبِى الْعَنْبَسِ عَنْ عَلْقَمَةَ بْنِ وَائِلٍ عَنْ أَبِيهِ أَنَّ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- قَرَأَ (غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِّينَ) فَقَالَ « آمِينَ ». وَخَفَضَ بِهَا صَوْتَهُ. رواه الترمذى
“Shu'baning Voildan – u esa otasidan – qilgan rivoyatida “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G'oyril mag'dubi 'alayhim valaddolliyin” ni o'qidilar, so'ngra “Omin”, dedilar. Va “Omin” aytishda ovozlarini past qildilar”. Imom Termiziy rivoyat qiladi.
Sho'ba' rahmatulloh alayh tariqi ila naql qilingan ushbu hadisi sharif “Omin”ni maxfiy aytishda asl deb hukm (qaror) qilinadi.
Bu rivoyatning muqobilida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “G'oyril mag'dubi 'alayhim valaddolliyin”ni o'qiganlaridan so'ngra “Omin”ni jahriy qilganligi to'g'risidagi rivoyatlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Namozning ta'limi uchun “Omin”ni jahriy aytganlar” — deb ta'vil qilinadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maxfiy o'qiladigan qiroatni ham ta'lim uchun jahriy qilganlar.
3-dalil:
Yuqorida “Omin”ni maxfiy qilish to'g'risida rivoyat qilingan hadisi shariflar naql qilindi va jahriy qilishga dalolat qiladigan hadislarni ta'vili bayon qilindi. Shunday bo'lsada farazan rivoyat qilingan hadisi sharif matnlari bir-biriga zohiran ta'oruz (bir biriga qarama qarshi) kelyapti desak, usul qoidasiga ko'ra bunday holda ta'omuli sahoba (sahobalarning qilgan amallari) ga qaraladi. Ta'omuli sahoba ham “Omin”ni maxfiy qilishni quvvatlaydi. Imom Tahoviy bu borada quyidagicha qavlni naql qilgan:
قال: «كان عمر وعلي لا يجهران بسم الله الرحمن الرحيم ولابالتعوذ ولا بالتأمين».
Ya'ni: “Umar va Ali roziyallohu anhumolar “Bismillahir rohmanir rohim”ni, “Ta'avvuz”ni va “Omin”ni jahriy qilmas edilar”.
Hazrat Umardan ham bir asar bor ekan:
أربع يخفيهن الامام: التعوذ, وبسم الله الرحمن الرحيم, وأمين, واللهم ربنا ولك الحمد.
Ya'ni: “To'rt narsani imom maxfiy qiladi: “Ta'avvuz”ni, “Bismillahir rohmanir rohim”ni, “Omin”ni va “Ollohumma robbana va lakal hamd”ni”.
Imom Muhammadning o'zlari “Kitobul-osor”da naql qilganlar:
عن ابي حنيفة عن حماد عن ابراهيم: أربع يخافت بهن الإمام: سبحانك اللهم وبحمدك, والتعوذ, وبسم الله الرحمن الحيم, و آمين. وبه نأخذ وهو قول أبي حنيفة.
“Imomi Muhammad ustozlari Abu Hanifadan, Abu Hanifa Hammoddan, Hammod Ibrohimdan naql qiladi: “To'rt narsani imom maxfiy qiladi: “Subhanaka allohumma va bihamdika”ni, Ta'avvuz”ni, “ Bismillahir rohmanir rohim”ni va “Omin”ni”.
Ushbu “Kitobul-osor”da rivoyat qilingan “Zohirur – rivoyadir”. Shuning uchun bizning matnlarimizda ham shunga qaror qilingan. Imom A'zamga shu qavl nisbat berilib, muxtor fatvo ham shungadir.
Sahih sanad bilan sobit bo'lgan rivoyatga ko'ra, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu ham “Omin”ni maxfiy qilishga amal qilar edilar. Hazrat Umar, Ali, Ibn Mas'ud kabi buyuk faqih sahoba roziyallohu anhumolarning “Omin”ni maxfiy qilishga amal qilganlari sobitdir. Hattoki, “Omin”ni jahriy aytish to'g'risida Voil ibn Hujrdan rivoyat qiluvchi Sufyoni Savriy ham “Omin”ni maxfiy aytadi deganlar. Buni xilofiga “Omin”ni jahriy amal qilish biror bir sahobadan naql qilinmagan.
4-dalil:
“Omin”ning ma'nosi “Duomizni ijobat qil”, “Shunday bo'lsin” va “Umidlarimizni so'ndirmagin” degan ma'nolarni o'z ichiga olgan duodir. Burhoniddin Marg'inoniy rahmatulloh alayh “Hidoya” kitobida “Omin”ni maxfiy qilish sunnat ekanligini qayd qilib: “ “Omin” demoq duodir, duo qilish esa maxfiylik asosiga qurilgandir” — deydi”. Zero, Alloh taolo duoni maxfiy qilishga amr qilib Qur'oni karimda shunday deydi:
{ادعوا ربكم تضرعا وخفية} [ الأعراف : 55]
Ya'ni, “Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilinglar!”
Albatta bu oyati karima “Omin”ni maxfiy aytishlikka qat'iy dalil emas, balki zonniy dalil bo'ladi. Chunki qat'iy dalil bo'lganda hech bir ixtilofsiz “Omin”ni maxfiy aytish vojib bo'lar edi.
Ushbu maqolaning avvalida qayd qilinganidek “Omin”ni maxfiy aytmoq sunnat amal, sunnat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan amaldir. Hanafiy mazhab imomlari va ularga ergashgan olimlar sunnat amallarni bayon qilishda va bizgacha etib kelishida ijtihod qildilar. Alloh taolo hammamizni sunnatni bilib, unga ergashmoqlikka tavfiq bersin!
Jaloliddin Holmo'minov
“Ko'kaldosh” o'rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati