Shu kunlarda bir guruh vatandoshlarimiz Rasul alayhissalom shahri – Madinai munavvarada bo'lib, Masjidul Nabaviy, Ravzai sharif, minglab sahobai kromlar abadiy qo'nim topgan “Baqi” qabristoni, Islom tarixidagi ilk masjid “Qubo”, “Qiblatayn” va Uxud tog'ida ziyoratu ibodatda bo'lmoqdalar.
Hamyurtlarimiz amallarni bekamu ko'st va yuqori kayfiyatda bajarish barobarida ushbu safarga yuqori darajada sharoit hozirlashda bosh bo'lgan muhtaram Prezidentimiz, diniy soha rahbarlari, ziyoratchilarga xizmat qilayotgan mutasaddilar, umuman, barcha mo'min-musulmon xalqimiz haqiga tinimsiz duoi xayrlar qilishmoqda.
Shu ma'noda “Haj – 2022” mavsumi qanday o'tayotgani haqida Madinai munavvarada ziyoratida bo'lib turgan hamyurtlarimizning taassurotlari bilan qiziqdik.
Ravzada namoz o'qish va salom yo'llash – katta saodat
– Masjidul Nabaviyda o'qilgan bir namozning savobi boshqa masjidlardagiga nisbatan ming marta ko'p ekanini hadisi shariflardan o'qidik. Madina shahridagi o'zbekistonliklar joylashgan mehmonxona ushbu masjidga yaqinligi bois, besh mahal namoz o'qish va Rasul alayhissalomga ko'p-ko'p salom aytish baxtu saodatiga musharraf bo'lib turibmiz, – deydi poytaxtimizda yashovchi Shuhratilloh ota Abdullayev – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim qabrimni ziyorat qilsa, unga shafoatim vojib bo'ladi», deganlar. Imom Bayhaqiy keltirgan rivoyatda: «Kim meni savob umidida Madinaga kelib ziyorat qilsa, qiyomat kunida mening qo'shnim bo'ladi», deganlar. Payg'ambar alayhissalomga salom va salovotlar aytmoqdamiz. Ushbu xursandchiliklarning barchasi yurtimizda davlatimiz Rahbari boshchiligida olib borilayotgan xayrli ishlar mevasi, diniy soha mutasaddilari tashabbusi va sa'y-harakatlari natijasidir.
Masjudil Nabaviyning yon tomonida minglab sahoba dafn etilgan “Baqi” qabristonida ziyoratlar davomida ulug'larimiz haqiga Qur'oni karim oyatlaridan tilovat qilib, mo'min-musulmon xalqimizni ham duolarda eslamoqdamiz.
Chiroyli sharoitlar va e'tibor ibodatga quvvatdir
– Ayni kunlarda O'zbekistondagi barcha mo'min-musulmonlar juda xursand. Chunki uzoq kutilgan Haj mavsumi 2 yildan keyin yana qaytadan boshlandi. Bunday quvonch Toshkent xalqaro aeroportiga kirib kelganimizda bizni, ayniqsa, hayojonga soldi, – deydi ziyoratchi Hamro ota Yusupov. – Hajning fazilatlari haqida ko'p eshitganmiz, kitoblarda o'qiganmiz, ammo ixlos qilib, bu muqaddas manzillarga kelgandan keyin ruhiyatingizda shunday o'zgarish ro'y berib, qalbingizni o'zgacha tuyg'ular chulg'ab olarkan. Buni so'z bilan ifodalab bo'lmaydi. Bizga shunday imkoniyatni yaratib bergan davlatimiz Rahbariga tashakkur! Qarang, ziyoratchilar uchun hamma sharoit muhayyo qilingan. Tashkiliy ishlar bundan ortiq bo'lmasa kerak. Ziyoratga kelganlar nomidan Prezidentimizga, Haj ziyorati tashkilotchilariga, O'zbekiston musulmonlar idorasi raisi va bizga xizmat qilayotgan mutasaddi vakillarga katta rahmatlar aytaman. Bunday chiroyli sharoit va e'tibordan juda mamnunmiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Abu Hurayra, faroiz (meros) ilmini o‘rganinglar va odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U eng birinchi unutiladigan ilmdir. Ummatim orasidan eng birinchi ko‘tariladigan ilm ham shudir".
Saidjamol domla MASAYITOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamosi.