Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Mart, 2026   |   30 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:08
Quyosh
06:27
Peshin
12:36
Asr
16:47
Shom
18:39
Xufton
19:51
Bismillah
20 Mart, 2026, 30 Ramazon, 1447

Vatanni sevmoq, iymondandir!

21.06.2022   1831   6 min.
Vatanni sevmoq, iymondandir!

Oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalari talaba-o'quvchilari o'rtasida shu mavzuda o'tkazilgan insholar tanlovining respublika bosqichi g'oliblari taqdirlandi.

Mazkur tanlov O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston musulmonlari idorasi va Halqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Tantanali taqdirlash marosimida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, akademik Akmal Saidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyev, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Holiqnazarov hamda masofadan turib O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hududiy kengashlari raislari, joylardagi diniy ta'lim muassasalari rahbarlari va yoshlar ishtirok etdi.

O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov “Vatanni sevmoq iymondandir!” mavzusida o'tkazilgan mazkur insholar tanlovidan ko'zlangan maqsad ulkan yangilanishlar mamlakatiga aylangan va butun dunyo e'tirof etayotgan yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulug' niyatdagi ishlarga zeb berish, bebaho qadriyat va an'analarni davom ettiradigan, Vatan taqdiri, yurt manfaatlari uchun jonkuyar yoshlarni tarbiyalashga munosib hissa qo'shishdan iborat ekanini ta'kidladi. Shuningdek, talaba-o'quvchilarda yurtimizdagi islohotlarni teran idrok etish va ular to'g'risida mulohaza yuritish, o'z fikrini ijodkorona etkazib berish, ijodiy, tanqidiy, kreativ fikrlash, yozma nutq, notiqlik ko'nikmalari, Vatanimiz taqdiri, ertangi kuni va istiqboliga daxldorlik tuyg'usini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Ikki bosqichda tashkil etilgan insholar tanlovining birinchi bosqichida o'rta maxsus islom bilim yurtlari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi akademik litsey va Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining 3 mingdan ortiq talabasi ishtirok etdi. Ular orasidan saralab olingan 45 yigit-qiz tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo'lga kiritdi.

Shu paytgacha umumta'lim, Temurbeklar maktablari o'quvchilari, oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida tashkil etib kelingan bunday tanlov diniy ta'lim o'quv muassasalari talabalari o'rtasida birinchi bor o'tkazilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Buyuk allomalar e'tirof etganidek, Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi, najot faqat va faqat bilimdadir! Ayni shu mezonlardan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz bo'ylab o'tkazilgan “Vatanni sevmoq iymondandir!” ijodiy ishlar tanlovi bugungi yoshlar Vatanimiz ravnaqi, istiqboli uchun o'zini daxldor deb bilayotgani, ular har sohada ilg'or ekani, iqtidorli yigit-qizlarimiz timsolida Uchinchi Renessans poydevorini qurishga qodir avlod voyaga etayotganini ko'rsatdi. Bu jihatlar diniy-ma'rifiy yo'nalishdagi oliy va o'rta maxsus bilim yurtlarining talaba va o'quvchilari yozgan ijodiy ishlarda ham o'z aksini topdi.

Tanlovning respublika bosqichi doirasida talaba-o'quvchilarning deputatlar va ziyolilar, siyosatshunoslar, olimlar, yozuvchilar, ilm-fan arboblari bilan uchrashuvlari, shuningdek, zamonaviy bunyodkorlik maskanlari hamda poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishuvlari tashkil etildi.

Insholar imloviy savodxonlik, so'z boyligi va uslubiy mahorat, mavzuning to'laqonli ochib berilgani, mavzuga oid muammolar va ularning echimi bo'yicha takliflar, tarix, bugun va istiqbol haqidagi tasavvur kengligi, kechayotgan islohotlarga nisbatan shaxsiy munosabat va ular bo'yicha xulosaviy fikrlar mavjudligi hamda ularni ifoda etish mahorati kabi mezonlar asosida xolis baholandi.

Respublika bosqichiga etib kelgan barcha talaba va o'quvchilarga Prezident sovg'asi — noutbuk topshirildi.

Baholash natijalariga ko'ra, tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari orasidan g'oliblar va qator nominatsiyalar bo'yicha sovrindorlar aniqlandi. Hususan, 3-o'ringa Toshkent islom instituti 1-kurs talabasi E'zozxon Yigitaliyeva, Qoraqalpog'istondagi Muhammad al-Beruniy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi talabasi Azizbek Atamuratov, Andijon viloyatidagi Sayyid Muhyiddin maxdum o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 1-kurs talabasi Ravshanbek Abdurahimov munosib topildi. Ularga 3-darajali diplom va 10 mil­lion so'mdan pul mukofoti topshirildi.

Ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi 3-kurs talabasi Muhammadamin Mamanov va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi 1-kurs talabasi Asrorbek Teshaboyev 2-darajali diplom va 20 million so'mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tanlovda birinchi o'ringa munosib ko'rilgan Qashqadaryo viloyatidagi Hoja Buxoriy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi Murtazo Musayorov 1-darajali diplom va 30 million so'm pul mukofoti egasi bo'ldi. Shuningdek, tanlov g'olibi va uning ota-onasiga O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Umra ziyoratiga yo'llanma berildi.

Tanlovda “Yosh vatanparvar”, “Eng samimiy dil izhori”, “Istiqbolga sobit ishonch”, “Fidoyilik ruhi”, “Ma'rifat ruhi”, “Chet tilda ravon yozilgan insho”, “Eng yaxshi ijodiy yondashuv”, “Teran talqinlar”, “Eng yaxshi vatanparvarlik g'oyasi”, “Milliy ruh”, “Beg'ubor tuyg'ular”, “Bezovta qalb” nominatsiyalari bo'yicha sovrindorlar ham aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.

Bir so'z bilan aytganda, mazkur insholar tanlovi yangi O'zbekiston yoshlarining o'z Vatanini chin yurakdan sevishini namoyon etishi bilan birga, bugun olayotgan bilim va ko'nikmalarini yanada mustahkamlab, kelgusida mamlakatimiz ravnaqi yo'lida fidokorona xizmat qilish ularning ezgu maqsadi ekanini ko'rsatdi.

Muhabbat O'RMONBYeKOVA,
O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi 2022 yil 21 iyun', 122(644) son
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

19.03.2026   2749   4 min.
Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.

Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.

Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.

Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.

Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.

Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.

Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.

Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.

Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.

Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.

 

Abdulg‘afur domla Razzoqov,

Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar