Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Noyabr, 2025   |   21 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:07
Peshin
12:12
Asr
15:25
Shom
17:10
Xufton
18:25
Bismillah
12 Noyabr, 2025, 21 Jumadul avval, 1447

Vatanni sevmoq, iymondandir!

21.06.2022   1734   6 min.
Vatanni sevmoq, iymondandir!

Oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalari talaba-o'quvchilari o'rtasida shu mavzuda o'tkazilgan insholar tanlovining respublika bosqichi g'oliblari taqdirlandi.

Mazkur tanlov O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston musulmonlari idorasi va Halqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Tantanali taqdirlash marosimida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, akademik Akmal Saidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyev, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Holiqnazarov hamda masofadan turib O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hududiy kengashlari raislari, joylardagi diniy ta'lim muassasalari rahbarlari va yoshlar ishtirok etdi.

O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov “Vatanni sevmoq iymondandir!” mavzusida o'tkazilgan mazkur insholar tanlovidan ko'zlangan maqsad ulkan yangilanishlar mamlakatiga aylangan va butun dunyo e'tirof etayotgan yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulug' niyatdagi ishlarga zeb berish, bebaho qadriyat va an'analarni davom ettiradigan, Vatan taqdiri, yurt manfaatlari uchun jonkuyar yoshlarni tarbiyalashga munosib hissa qo'shishdan iborat ekanini ta'kidladi. Shuningdek, talaba-o'quvchilarda yurtimizdagi islohotlarni teran idrok etish va ular to'g'risida mulohaza yuritish, o'z fikrini ijodkorona etkazib berish, ijodiy, tanqidiy, kreativ fikrlash, yozma nutq, notiqlik ko'nikmalari, Vatanimiz taqdiri, ertangi kuni va istiqboliga daxldorlik tuyg'usini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Ikki bosqichda tashkil etilgan insholar tanlovining birinchi bosqichida o'rta maxsus islom bilim yurtlari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi akademik litsey va Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining 3 mingdan ortiq talabasi ishtirok etdi. Ular orasidan saralab olingan 45 yigit-qiz tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo'lga kiritdi.

Shu paytgacha umumta'lim, Temurbeklar maktablari o'quvchilari, oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida tashkil etib kelingan bunday tanlov diniy ta'lim o'quv muassasalari talabalari o'rtasida birinchi bor o'tkazilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Buyuk allomalar e'tirof etganidek, Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi, najot faqat va faqat bilimdadir! Ayni shu mezonlardan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz bo'ylab o'tkazilgan “Vatanni sevmoq iymondandir!” ijodiy ishlar tanlovi bugungi yoshlar Vatanimiz ravnaqi, istiqboli uchun o'zini daxldor deb bilayotgani, ular har sohada ilg'or ekani, iqtidorli yigit-qizlarimiz timsolida Uchinchi Renessans poydevorini qurishga qodir avlod voyaga etayotganini ko'rsatdi. Bu jihatlar diniy-ma'rifiy yo'nalishdagi oliy va o'rta maxsus bilim yurtlarining talaba va o'quvchilari yozgan ijodiy ishlarda ham o'z aksini topdi.

Tanlovning respublika bosqichi doirasida talaba-o'quvchilarning deputatlar va ziyolilar, siyosatshunoslar, olimlar, yozuvchilar, ilm-fan arboblari bilan uchrashuvlari, shuningdek, zamonaviy bunyodkorlik maskanlari hamda poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishuvlari tashkil etildi.

Insholar imloviy savodxonlik, so'z boyligi va uslubiy mahorat, mavzuning to'laqonli ochib berilgani, mavzuga oid muammolar va ularning echimi bo'yicha takliflar, tarix, bugun va istiqbol haqidagi tasavvur kengligi, kechayotgan islohotlarga nisbatan shaxsiy munosabat va ular bo'yicha xulosaviy fikrlar mavjudligi hamda ularni ifoda etish mahorati kabi mezonlar asosida xolis baholandi.

Respublika bosqichiga etib kelgan barcha talaba va o'quvchilarga Prezident sovg'asi — noutbuk topshirildi.

Baholash natijalariga ko'ra, tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari orasidan g'oliblar va qator nominatsiyalar bo'yicha sovrindorlar aniqlandi. Hususan, 3-o'ringa Toshkent islom instituti 1-kurs talabasi E'zozxon Yigitaliyeva, Qoraqalpog'istondagi Muhammad al-Beruniy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi talabasi Azizbek Atamuratov, Andijon viloyatidagi Sayyid Muhyiddin maxdum o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 1-kurs talabasi Ravshanbek Abdurahimov munosib topildi. Ularga 3-darajali diplom va 10 mil­lion so'mdan pul mukofoti topshirildi.

Ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi 3-kurs talabasi Muhammadamin Mamanov va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi 1-kurs talabasi Asrorbek Teshaboyev 2-darajali diplom va 20 million so'mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tanlovda birinchi o'ringa munosib ko'rilgan Qashqadaryo viloyatidagi Hoja Buxoriy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi Murtazo Musayorov 1-darajali diplom va 30 million so'm pul mukofoti egasi bo'ldi. Shuningdek, tanlov g'olibi va uning ota-onasiga O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Umra ziyoratiga yo'llanma berildi.

Tanlovda “Yosh vatanparvar”, “Eng samimiy dil izhori”, “Istiqbolga sobit ishonch”, “Fidoyilik ruhi”, “Ma'rifat ruhi”, “Chet tilda ravon yozilgan insho”, “Eng yaxshi ijodiy yondashuv”, “Teran talqinlar”, “Eng yaxshi vatanparvarlik g'oyasi”, “Milliy ruh”, “Beg'ubor tuyg'ular”, “Bezovta qalb” nominatsiyalari bo'yicha sovrindorlar ham aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.

Bir so'z bilan aytganda, mazkur insholar tanlovi yangi O'zbekiston yoshlarining o'z Vatanini chin yurakdan sevishini namoyon etishi bilan birga, bugun olayotgan bilim va ko'nikmalarini yanada mustahkamlab, kelgusida mamlakatimiz ravnaqi yo'lida fidokorona xizmat qilish ularning ezgu maqsadi ekanini ko'rsatdi.

Muhabbat O'RMONBYeKOVA,
O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi 2022 yil 21 iyun', 122(644) son
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bag‘rikenglik – dinlar tarixini o‘rganishda muhim omil

12.11.2025   1214   3 min.
Bag‘rikenglik – dinlar tarixini o‘rganishda muhim omil

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar qaysi dinga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar birgalikda, tinch va osoyishta sharoitda, yurtimiz ravnaqi uchun faoliyat yuritib, butun jahonga namuna bo‘layotgani quvonarli. Bosh Qomusimizda ham mamlakatda yashayotgan barcha millat vakillari millati, tili, e’tiqodi, ijtimoiy xolatidan qat’iy nazar O‘zbekiston halqini tashkil qilishi, ularning huquq va manfaatlari, e’tiqod erkinligi ta’minlangani qayd etilgan. Jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga uyg‘un yashash tamoyili tobora mustahkamlanib borayotgani yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda. 

Insoniyat tarixida kishilar orasidagi teng huquqlikning buzilishiga, o‘zaro ziddiyatlarga, kuchli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan omillardan biri turli din vakillarining boshqa dinga e’tiqod va amal qiluvchilarga diniy ayirmachilik kayfiyatida qarashi, o‘z diniga bo‘lgan tarafkashlik tuyg‘usi, mutaassibligidir.

Muqaddas dinimizning mo‘tabar manbasi bo‘lgan Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Sizlar uchun dindan Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani shariat qilib: “Dinni barpo qilingiz va unda tafriqaga tushmanglar!”, – dedik”.  

Mana shunday ma’nodagi oyatlar dunyo dinlari tarixini mukamal o‘rganish, o‘zaro hamkorlik qilish, bag‘rikenglik tamoyillariga asoslanib faoliyat olib borishga zamin yaratadi. Musulmonlarda boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlik va g‘araz, adovat, nafrat emas, hurmat va bag‘rikenglik, o‘zaro hamkorlik, inoqlik va boshqa ezgu amallar qaror topdi.

Mantiqan olib qaraganda, turli din vakillarining bir jamiyat, bir hudud, bir muassasa a’zolari bo‘lib jamlanishlariga tabiiy hol, deb qarash kerak. Agar ilohiy ko‘rsatmalarni inobatga olmasdan hamda dinning mohiyatini to‘g‘ri tushunmasdan bu borada turli tafriqachilikka yo‘l qo‘yilsa, jamiyat fuqarolari orasida parokandalik yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas. 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilgan paytlarida u yerdagi yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv va jamiyat manfaatlari uchun hamkorlikda yashash asoslarini belgilab, unga amal qilib kelganlar. Jumladan, ularga hadyalar berib, ular tomonidan berilgan hadyalarni qabul qilardilar.  U zotning boshqa din vakillari tomonidan hadya qilingan kiyimlarni kiyib yurganlari bir necha hadislarda zikr etiladi. Bu esa diniy bag‘rikenglikka yorqin misol bo‘ladi.

Bir necha hadislarida ham inson qaysi dinga mansubligidan qat’iy nazar, avvalo, uni insoniylik nuqtayi nazaridan hurmat  qilish lozimligi ta’kidlanadi. Jumladan: Abdurahmon Abu Laylo rivoyat qiladi: “Sahl ibn Nanif va Qays ibn Sa’d Qodisiyada o‘tirishgan edi, yonlaridan bir mayyitning tobutini ko‘tarib o‘tdilar. Shunda ikkovlari o‘rinlaridan turishdi. Buni ko‘rganlar ulardan: “Bu mayyit zimmiylardan-ku?!”–deyishdi. Shunda ular bunday deb javob qildilar: “Bir kuni Rasulullohning yonlaridan bir mayyitning tobutini ko‘tarib o‘tib qoldilar. Shunda u zot o‘rinlaridan turdilar. Keyin uning yahudiy ekanini aytishdi. Rasululloh: “U ruh emasmi?!” – dedilar”.

Islomning bosh manbalarida ta’kidlangan hamda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan qanday amal qilinishi ifoda etilgan ko‘rsatmalar bugungi kunimizga qadar davom etib kelmoqda. Jamiyatimizda turli konfetsiya vakillarning tinch-totuv hayot kechirishi, dinlar orasida hamjihatlik tamoyillarini qo‘llab-quvvatlovchi do‘stona muloqotlar qilinishi qadimiy an’analarimizning doimiy barqarorligiga dalolat qiladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, dinlar tarixini o‘rganishda bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik tamoyillarining hayotimizdagi ahamiyati uning tutgan o‘rni juda muhim.

Isomiddin AHROROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi

 

MAQOLA