Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Hadislarni ko'chirib yozish qachon boshlangan?

20.06.2022   2234   6 min.
Hadislarni ko'chirib yozish qachon boshlangan?
 

Ayrim toifalar Rasululloh sollallo­hu alayhi va sallam hadislarni yozishdan qaytarganlariga ushbu hadisni dalil qiladilar: “Mendan (hadis) yozib olmang­lar. Kim mendan Qur'ondan boshqani yozsa, uni o'chirib tashlasin!”1

Chindan ham, Nabiy alayhissalom Islom dinining dastlabki davrida hadislarni ko'chirib yozishdan qaytarganlar. Chunki hadisni yozuvchilar ozchilikni tashkil qi­lib, hadislar xurmo barglari, sopol buyumlar, daraxt po'stloqlari va boshqa narsalarga bitilardi.

Qolaversa, sahobalar hali Qur'oni karimning o'ziga xos uslubini, uning matnini ajrata olmas edilar. Agar hadislar ham yozib olinsa, Qur'on bilan aralashib ketish xavfi bor edi. Ushbu xatarning oldini olish maqsadida Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam hadis yozishdan qaytarganlar.

Biroq keyinchalik hadislarni ham ko'chirib-yozib borishga ijozat berilgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh (631–676): “Hadislarni Qur'on oyatlari bilan birga yozish man etilgan. Qur'on bilan hadis alohida-alohida yozilmagani­da, oyatlar va hadislar o'zaro aralashib ket­gan bo'lardi”, degan.

Imom Navaviy rahmatullohi alayh bunday misol keltiradi:

«Oysha onamiz roziyallohu anho o'zla­riga ko'chirtirilgan Qur'oni karimning Baqara surasidagiوَالصَّلَاةِ الْوُسْطَى – “al-vusto” oyati­dan so'ng “solatul asr” izohini yoz­dirgan. Aslida, “solatul asr” so'zi Qur'on­da yo'q. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam mana shundan qaytar­ganlar».

Islomning boshlanish davrlarida oyat bilan uning tafsiri birga yozilsa, ularni ajratib olish qiyin bo'lardi. Shuning uchun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tafsir va sharhlarni oyatlar bilan birga yozishdan qaytarganlar2. Qur'oni karimdan tashqari har qanday yozuvni o'chirishni amr qilganlar. Bu borada o'sha zamonlarda yozuv qog'ozi qanchalik taqchil bo'lganini ham unutmaslik kerak. Hatto Qur'on oyatlari ham teri parchalari, daraxt po'stloqlari, hayvon suyaklari va ba'zan toshlarga yozilardi. Ularni kitob holida bir joyda to'plash qiyin edi. Agar hadislar ham ayni shaklda yozilsa edi, Qur'on oyatlari va hadislarni bir-biridan farqlash yanada qiyin bo'lardi.

Bu tartibning barchasi payg'ambar­lik­ning dastlabki yillariga oid edi. Sa­hobalar Qur'onning uslubiga oshno bo'l­ganlarida va yozuv qog'oziga ko'chirish imkon­lari paydo bo'lganida vaqtinchalik bu ehtiyot chorasi bekor qilindi. Chunki endi Qur'on bilan hadisning aralashib ketish xavfi qolmagandi.

Vaqti kelib, Nabiy alayhissalom sa­ho­bala­riga hadislarni ko'chirib yozishni shaxsan o'zlari buyurdilar. U zot alay­hissalomning bu mavzudagi ta'limotlaridan ba'zilari quyida keltiriladi:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir ansoriy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilarida o'tirib bir qancha hadislarni eshitdi. Ammo ularni yodlab ololmadi. Shunda Nabiy alayhissalomga: “Sizdan juda ajoyib hadislarni eshitdim. Lekin yodimda qolmadi”, dedi. Payg'ambarimiz: “O'ng qo'lingni yordamga chaqir!” deb o'ng qo'l bilan hadisni yozib olishga ishora qildilar»3.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallo­hu anhu rivoyat qiladi: «Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan eshitgan har bir narsani uni saqlab qolish maqsadida yozib olar edim. Bundan meni qurayshliklar qaytardilar. “Eshitgan har bir narsani yozib olaverasanmi?! Axir, inson g'azablanishi, rozi bo'lishi mumkin”, dedilar. Men yozishdan to'xtab qoldim. So'ng bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga so'zlab berdim. U zot barmoqlari bilan og'izlariga ishora qildilar va: “Yozaver, nafsim qo'lida bo'lgan Zot – Al­lohga qasamki, bu og'izdan faqatgina haqiqat yuzaga chiqadi”, dedilar»4.

Abdulloh ibn Amr ibn Os ro­ziy­allo­hu anhu aytadi: «Rasululloh sol­lallohu alay­hi va sallam: “Ilm­ni bog'langlar!” dedilarMen: “Uning bog'lami nima?” dedim. U zot alayhissalom: “Uni ko'chirib yozish”, dedilar»5.

Ushbu hadisga muvofiq bir necha saho­balar roziyallohu anhum hadislarini ko'chirib-yozib borganlar va o'zlarining hadis to'plamlarini tuzganlar. Ular saq­lagan, jamlagan hadis to'plamlari ke­yin­gi davr muhaddis olimlari uchun ilmiy kashfiyotlar eshigini ochdi va bu asarlar boshqa turdagi hadis to'plamlari negizini tashkil etdi.

Davron NURMUHAMMAD,

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi

tayanch doktoranti

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   34853   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari