Ayrim toifalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadislarni yozishdan qaytarganlariga ushbu hadisni dalil qiladilar: “Mendan (hadis) yozib olmanglar. Kim mendan Qur'ondan boshqani yozsa, uni o'chirib tashlasin!”1
Chindan ham, Nabiy alayhissalom Islom dinining dastlabki davrida hadislarni ko'chirib yozishdan qaytarganlar. Chunki hadisni yozuvchilar ozchilikni tashkil qilib, hadislar xurmo barglari, sopol buyumlar, daraxt po'stloqlari va boshqa narsalarga bitilardi.
Qolaversa, sahobalar hali Qur'oni karimning o'ziga xos uslubini, uning matnini ajrata olmas edilar. Agar hadislar ham yozib olinsa, Qur'on bilan aralashib ketish xavfi bor edi. Ushbu xatarning oldini olish maqsadida Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam hadis yozishdan qaytarganlar.
Biroq keyinchalik hadislarni ham ko'chirib-yozib borishga ijozat berilgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh (631–676): “Hadislarni Qur'on oyatlari bilan birga yozish man etilgan. Qur'on bilan hadis alohida-alohida yozilmaganida, oyatlar va hadislar o'zaro aralashib ketgan bo'lardi”, degan.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh bunday misol keltiradi:
«Oysha onamiz roziyallohu anho o'zlariga ko'chirtirilgan Qur'oni karimning Baqara surasidagiوَالصَّلَاةِ الْوُسْطَى – “al-vusto” oyatidan so'ng “solatul asr” izohini yozdirgan. Aslida, “solatul asr” so'zi Qur'onda yo'q. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam mana shundan qaytarganlar».
Islomning boshlanish davrlarida oyat bilan uning tafsiri birga yozilsa, ularni ajratib olish qiyin bo'lardi. Shuning uchun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tafsir va sharhlarni oyatlar bilan birga yozishdan qaytarganlar2. Qur'oni karimdan tashqari har qanday yozuvni o'chirishni amr qilganlar. Bu borada o'sha zamonlarda yozuv qog'ozi qanchalik taqchil bo'lganini ham unutmaslik kerak. Hatto Qur'on oyatlari ham teri parchalari, daraxt po'stloqlari, hayvon suyaklari va ba'zan toshlarga yozilardi. Ularni kitob holida bir joyda to'plash qiyin edi. Agar hadislar ham ayni shaklda yozilsa edi, Qur'on oyatlari va hadislarni bir-biridan farqlash yanada qiyin bo'lardi.
Bu tartibning barchasi payg'ambarlikning dastlabki yillariga oid edi. Sahobalar Qur'onning uslubiga oshno bo'lganlarida va yozuv qog'oziga ko'chirish imkonlari paydo bo'lganida vaqtinchalik bu ehtiyot chorasi bekor qilindi. Chunki endi Qur'on bilan hadisning aralashib ketish xavfi qolmagandi.
Vaqti kelib, Nabiy alayhissalom sahobalariga hadislarni ko'chirib yozishni shaxsan o'zlari buyurdilar. U zot alayhissalomning bu mavzudagi ta'limotlaridan ba'zilari quyida keltiriladi:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir ansoriy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilarida o'tirib bir qancha hadislarni eshitdi. Ammo ularni yodlab ololmadi. Shunda Nabiy alayhissalomga: “Sizdan juda ajoyib hadislarni eshitdim. Lekin yodimda qolmadi”, dedi. Payg'ambarimiz: “O'ng qo'lingni yordamga chaqir!” deb o'ng qo'l bilan hadisni yozib olishga ishora qildilar»3.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan eshitgan har bir narsani uni saqlab qolish maqsadida yozib olar edim. Bundan meni qurayshliklar qaytardilar. “Eshitgan har bir narsani yozib olaverasanmi?! Axir, inson g'azablanishi, rozi bo'lishi mumkin”, dedilar. Men yozishdan to'xtab qoldim. So'ng bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga so'zlab berdim. U zot barmoqlari bilan og'izlariga ishora qildilar va: “Yozaver, nafsim qo'lida bo'lgan Zot – Allohga qasamki, bu og'izdan faqatgina haqiqat yuzaga chiqadi”, dedilar»4.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ilmni bog'langlar!” dedilar. Men: “Uning bog'lami nima?” dedim. U zot alayhissalom: “Uni ko'chirib yozish”, dedilar»5.
Ushbu hadisga muvofiq bir necha sahobalar roziyallohu anhum hadislarini ko'chirib-yozib borganlar va o'zlarining hadis to'plamlarini tuzganlar. Ular saqlagan, jamlagan hadis to'plamlari keyingi davr muhaddis olimlari uchun ilmiy kashfiyotlar eshigini ochdi va bu asarlar boshqa turdagi hadis to'plamlari negizini tashkil etdi.
Davron NURMUHAMMAD,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
tayanch doktoranti
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati