Fiqhiy istilohda “raf' ul-yadayn” deb namozda qo'llarni elka barobaricha ko'tarishga aytiladi. O'rta osiyo xalqlari orasida hanafiy mazhabi keng yoyilgani uchun, xalqimiz namozda bir marta – namozni boshlashdagi “takbiri iftitoh” chog'idagina “raf' ul-yadayn” qiladi. Zotan hanafiy mazhabining ta'limoti ham shu.
Ammo ba'zida boshqa mazhablar ta'limotiga mos tarzda “raf' ul-yadayn” qiladigan namozxonlar ham uchrab qoladi. Ular xuddi shu masalada hanafiy mazhabi muassislarini “raf' ul-yadayn” haqidagi hujjat-hadislarni bilmagan, ya'ni ularga etib kelmagan deb o'ylaydilar va shundan kelib chiqib boshqa, xususan shofe'iy mazhabiga muvofiq “raf' ul-yadayn” qiladilar.
Aslida shularning o'zlari “raf' ul-yadayn” borasida hanafiy ulamolar hujjat qilgan dalillarni bilishmaydi. Agar bilganlarida hanafiy mazhabi ulamolariga nisbatan “Hanafiylar “raf' ul-yadayn” borasida sunnatga zid fatvo bergan” demagan bo'lardilar.
Shunga ko'ra, maqolada “raf' ul-yadayn” haqida Islom fuqaholarining necha xil fikri borligi va xusasan hanafiy mazhabi mujtahidlarining hujjatlarini yoritib berishni maqsad qildik. Toki, bu mavzuda hanafiylarning ham hujjatlari borligini bilib olsinlar.
Hullas, bu masalada uch xil mazhab bor:
Birinchi
Hanafiy mazhabi fuqaholari: “Namozxon ikki qo'lini faqat namozni boshlashda takbiri tahrima aytish jarayonidagina ko'taradi xolos, boshqa o'rinlarda ikki qo'l ko'tarilmaydi”, deb aytganlar.
Va yana sahobalardan Ali va Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo ikkovlari namozda faqat takbiri tahrima aytishdagina ikki qo'llarini ko'targan. Boshqa o'rinlarda qo'llarini ko'tarmaganlar.
Shuningdek, salafi solih fuqaholardan Abdurahmon ibn Abu Laylo, Sufyon Savriy va Hasan ibn Hayy rahimahumulloh ham xuddi hanafiylardek fatvo berganlar.
Abu Bakr ibn Ayyosh rahimahulloh shunday degan: “Men o'z davrim faqihlari orasida takbiri tahrimadan boshqa o'rinda qo'llarini ko'taradigan faqihni bilmayman. Men bilgan faqihlarning hammasi faqat takbiri tahrima chog'ida qo'lini ko'tarar edi”.
Ikkinchi
Molikiylar. Imom Molik rahimahulloh esa bu mavzuda: “Namozxon namozning hech bir holatida ikki qo'lini ko'tarmaydi. Bu bu haqida biror ma'lumot borligini bilmayman. Namoz takbirlarida ham, ruku va sajdaga borish yo qaytishda ham. Lekin namozni boshlashda ikki qo'lini salgina ko'tarib qo'ysa bo'ladi” – degan.
Imom Molik rahimahullohning aynan o'zidan “Muvatto”ni rivoyat qilgan roviylardan biri va eng mashhuri Ibn Qosim rahimahulloh: “Imom Molikdan “Namozning falon joyida qo'l ko'tariladi” deb qilingan rivoyatlarning hammasi za'if sust rivoyatlardir” deb aytgan.
Ashhab rahimahulloh esa, imom Molikdan “Ikki qo'l faqat takbiri uvlodagina ko'tariladi” deb rivoyat qilgan. Yana bir rivoyatida esa “Imom rukudan qaytishda “Sami'allohu lima hamidah” degan chog'i ikki qo'lini ko'taradi”, deb aytgan.
Uchinchi
Imom Shofe'iy rahimahulloh: “Namozni boshlashda, rukuga takbir aytganda va rukudan boshini ko'targanda ikki qo'l ko'tariladi. Sajdaga ketishda va undan qiyomga turishda qo'l ko'tarilmaydi” degan. (Shu ergacha barcha ma'lumotlar imom Tahoviy rahimahullohning “Muxtasaru ixtilafil-ulama” nomli asaridan olindi. 1 – J. 199 – B. Masala 133).
Yuqorida ko'rsatib o'tilgan har bir fikr egasi mutlaq mujtahidlik maqomiga erishgan, o'z davrining ilm va taqvoda tengsiz olimlari bo'lgan. Har biri shariat nomidan biron fatvo aytar ekan, albatta bu dunyoda ham, Allohning xuzurida javob berish mas'uliyatini to'laqonli his qilganlar. Imom Abu Hanifa ham, imom Molik ham, imom Shofe'iy ham yuqoridagi qarashlarida kuchli dalillarga ega. Birortalari bedalil bu fatvoni bergan emas.
Muqaddimada aytib o'tganimizdek, endi hanafiy mazhabi faqihlarining dalillarini taqdim qilamiz:
1-) Sufyon Osim ibn Kulaybdan, u Abdurahmon ibn Asvaddan, u Alqamadan, u Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan u Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning namozi haqida shunday degan:
انه كان يرفع يديه في اول تكبيرة ثم لا يعود
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo'llarini namoz boshlashdagi takbir chog'ida ko'tarar edilar. Keyin qayta ko'tarmasdilar”. (Hadis rivoyat qilingan manbalar: Imom Tahoviy, Ma'oniy al-asor, 1/224. Abu Dovud, Sunan, 1/192. Termiziy, Sunan, 2/40. Nasaiy, Mujtabo. 2/182, 195).
2-) Hammod Ibrohimdan, u Alqamadan, u Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytgan:
صليت خلف النبى صلى الله عليه و سلم و ابى بكر و عمر رضى الله عنهما فكانوا لا يرفعون ايديهم إلأ عند إفتتاح الصلوة
“Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, Abu Bakr va umar roziyallohu anhumaning ortlarida namoz o'qiganman. Ular ikki qo'lini faqat namozni boshlashdagina ko'tarar edilar”. (Hadis rivoyat qilingan manbalar: Doraqutniy, Sunan 1/295. Bayhaqiy, Kubro, 2/79 va 80).
3-) Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu shunday rivoyat qilganlar:
الا أصلى بكم صلوة رسول الله صلى الله عليه و سلم؟ ٌالوا بلى. و رفع يديه فى التكبيرة الاولى ثم لم يرفع بعد ذلك
“men sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning namozlarini ko'rsatib o'qib beraymi? Sahobalar “Ha, albatta” – dedilar. U kishi shunda birinchi takbir aytishda ikki qo'lini ko'tardilar va keyin boshqa ko'tarmadilar”. (Hadis rivoyat qilingan manbalar: Ibn Abu Shayba, Musannaf, 1/267. Bayhaqiy, Kubro, 2/78. Sharhus sunna. 3/24).
4-) Yazid ibn Abu Ziyod Abdurahmon ibn Abu Laylodan, u Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
كان النبى صلى الله عليه و سلم إذا إفتتح الصلوة رفع يديه حتى يحاذى بهما أذنيه ثم لا يعود
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namoz boshlaganlarida ikki qo'llarini quloqlari ro'parasigacha ko'tarar edilar, keyin bu amalni qaytarmas edilar”. (Hadis rivoyat qilingan manbalar: Doraqutniy, Sunan 1/293. Imom Tahoviy, Ma'oniy al-asor, 1/225. 1/267. Bayhaqiy, Kubro, 2/76).
Aziz o'quvchi, ko'rib turganingizdek “raf' ul-yadayn” haqidagi dalillar, hadislar hanafiy mazhabi fuqaholariga etib borgan. Ular bu mavzudagi barcha hujjatlarni puxta o'rganib, o'zlari sahih va ishonchli deb bilganlarini amalga tatbiq qilganlar. Shunga binoan hanafiy mazhabi fuqaholari ikki qo'lni quloqlar yumshog'igacha faqatgina namoz boshlash chog'ida bir marta ko'tariladi, deb fatvo berganlar. Hanafiylarning bu fatvosi aslo sunnatga zid emas! Balki ayni sunnatning o'zginasidir!
Botirjon TOJIBOYeV
Andijon shahar “G'IShTLIK” jome masjid imomi
Musobaqada soha tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlardan tuzilgan jamoalar ishtirok etib, o‘zaro qiziqarli va murosasiz bellashuvlar namoyish etdilar. Qiziqarli va keskin o‘tgan o‘yinlar yakunida g‘oliblar aniqlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, volleybol musobaqasida O‘zbekiston tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shaxmat turida O‘zbekiston tumani “Imom Ja’far” masjidi imom-noibi Payg‘amov Niyozbek birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Qo‘shtepa tumani “Sulaymonbek hoji” masjidi imom-noibi Mirzarahimov Muhammadyunus esa stol tennisi musobaqasida g‘olib deb topildi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra g‘olib va sovrindorlarga diplomlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati