Habar berganimizdek, shu kunlarda o'zbekistonlik ziyoratchilar Madinai munavvarada ibodatlarini ado etish bilan birga ushbu shahardagi minglab sahobalar abadiy qo'nim topgan “Baqi” qabristoni, “Qubo” va “Qiblatayn” masjidlari va Uxud tog'ini ham ziyorat qilishmoqda.
Hojilarimiz ziyoratlarni malakali ishchi guruhi va ellikboshilar hamrohligida amalga oshirishib, ushbu muborak joylar haqida batafsil ma'lumotlarga ega bo'lishmoqda.
Ziyorat asnosida muborak joylarni ko'rish nasib qilgani uchun Haq taologa hamdlar aytishib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini so'rab xayrli duolar qilishmoqda.
Hojilarimiz ziyorat qilgan muborak joylar: “Baqi” qabristoni, “Qubo”, “Qiblatayn” masjidlari va Uxud tog'i haqida quyida qisqacha ma'lumot berib o'tamiz:
Baqi' qabristoni Madinai munavvarada joylashgan eng qadimgi va eng mashhur katta qabriston bo'lib, u erga minglab sahobiylar, tobe'inlar va avliyolar dafn etilgan. U Masjidi Nabaviyning janubi-sharq tomonida joylashgan.
Baqi' qabristoni sharafli joy hisoblanib, u dunyodagi qabristonlarning eng afzalidir. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim Madinada vafot eta olsa, shunday qilsin. Chunki men bu erda vafot etgan kishini shafoat qilaman”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati). Ba'zi rivoyatlarga ko'ra, Baqi' qabristoniga dafn etilganlar qabr azobidan eminda bo'ladilar, deb ta'kidlangan.
***
“Qubo” masjidi esa Islomda birinchi qurilgan masjid hisoblanadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga ko'chib o'tayotgan paytlarida Madina yo'lida Qubo deb nomlangan joyga etib, o'sha bir necha kun turganlar. U erda birinchi bo'lib “Qubo” masjidiga asos solganlar va ilk marotaba o'sha masjidda jamoat namozini o'qiganlar. Masjid joylashgan o'rni e'tibori bilan “Qubo” deb nomlangan. U Madinadan taxminan uch mil[1] uzoqlikda joylashgan.
***
“Qiblatayn” masjidi ikki qiblasi bor ma'nosini anglatadi. Madinai munavvaraning g'arb tomonida, Bani Salmo tumanidagi “Baxratu vabra” deb nomlangan tepalikda joylashgan. Mazkur masjid rangi o'ta oqligi bilan mashhur.
Masjid hijratning ikkinchi yilida qurib bitqazilgan. Masjidni Savod bin G'anam bin Ka'b zurriyotlari xurmo shoxlari va barglaridan qurishgan. “Qiblatayn masjidi”ning arab va Islom tarixidagi ahamiyati katta. Payg'ambar alayhissalom davrida musulmonlar masjid al-Aqsoga qarab namoz o'qishayotgan edilar. Jarchi kelib, Rasululloh alayhi salomga vahiy nozil bo'lgani hamda qibla Haramga o'zgargani haqida xabar berdi. Baqara surasining 144-oyati nozil bo'lib, sahobalar tanalari bilan Makkadagi Harami sharifga yuzlandilar. Shundan buyon bu masjid ikki qiblali masjid deb atala boshladi.
***
Uhud tog'i Madinaning shimoliy tarafida joylashgan muborak bir tog'dir. Tog'ning uzunligi 7 kilometr, kengligi 2-3 kilometr, balandligi esa 350 metrga yaqin. Tog' Madinai Munavvaradan taxminan 4-5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uhud tog'ida bir necha g'or va daralar mavjud bo'lib, ba'zi g'orlarning balandligi bir yarim metrni, uzunligi esa o'n metrni tashkil etadi.
Ushbu tog' va uning atrofida ko'plab tarixiy voqealar bo'lib o'tgan. Ana shulardan biri Uhud g'azotidir. Bu g'azot Badr g'azotidan keyin, hijriy 3-yilda, musulmonlar bilan Quraysh qabilasi o'rtasida bo'lib o'tgan. Ushbu jangda ming nafar musulmonlar uch ming sonli Quraysh qo'shiniga qarshi kurashdilar.
Alloh taolo yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilib, ibodatu duolarini ijobat aylab, muborak joylarda duo qilishni barchamizga nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.