Shu kunlarda bir guruh o'zbekistonlik ziyoratchilar haj ibodatini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo'nab ketmoqdalar. O'zbekistondan Umra amallarini ado etish niyatida muborak zaminga etib borgan fuqarolarimiz Madinai Munavvaradagi 5 yulduzli Pullman Zamzam va Crown Plaza mehmonxonalariga joylashtirildi.
Joriy yil ham ziyoratchilarimizga Madinai munavvarada zamonaviy va barcha qulayliklarga ega mehmonxona o'zbekistonlik ziyoratchilar xizmatida bo'lmoqda. Ushbu mehmonxona Masjidi Nabaviyning shundoqqina yonginasida joylashgan, ziyoratchilarimiz besh mahal namozlarini ushbu tabarruk masjidda ado etish saodatiga etishmoqdalar. Ayni kunda, ziyoratchilar ibodatlarini chiroyli va mukammal ado etishlari uchun mehmonxonada barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan.
Mehmonxonaning keng zali kishi diqqatini o'ziga tortadi. U erda yangi, qulay o'rindiqlar joylashtirilgan bo'lib, ko'chadan charchab kelgan odam uchun salqinlanib olishga mo'ljallangan.
Ziyoratchi o'z xonasiga ko'tarilmoqchi bo'lsa, bir nechta liftlar ishlamoqda. Har bir xonada ozoda ko'rpa-yu choyshablar to'shab qo'yilgan. Honadagi televizor orqali Ka'bai muazzama yoki Masjidun Nabaviyni to'g'ridan-to'g'ri tomosha qilib o'tirishlari mumkin. Shuningdek, har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich ham hozirlangan.
Ishchi guruhi tomonidan mehmonxonada tibbiyot bo'limi va O'zbekiston Ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo'lib, tibbiyot bo'limi ham kerakli o'rindiq va yotoq mebellari bilan ta'minlangan. Shuningdek, ziyoratchilarimizga laziz va milliy taomlar tortiq qilinmoqda.
Alloh taolo yurtdoshlarimizning hajlarini mabrur aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.