Bugun, 19 iyun' kuni Muftiy Nuriddin domla hazratlari Madina shahrida o'z ibodatlarini boshlayotgan o'zbekistonlik hojilar bilan muloqot qildilar.
Uchrashuvda muftiy hazratlari yurtdoshlarimizdan yaratilgan sharoitlar haqida ularning fikr-mulohazalari bilan qiziqdilar.
Ziyoratchilarimiz sharoitlardan mamnunligini bildirib, ayniqsa, mehmonxonaning Harami sharifga yaqinligi, besh mahal namoz va ziyoratlarni ado etishga qulayligini alohida e'tirof etib, bu ishlarga bosh bo'lgan mutasaddilar haqiga duolar qildilar.
Allohga shukrki, ikki yil sabr ila kutilgandan so'ng dinimizning beshinchi arkoni – Haj ziyoratini ado etish uchun borgan bir guruh hamyurtlarimiz Rasul alayhissalom shahri – Madinai munavvarada amallarini imonu ixlos, cheksiz baxt va shukronalik ila ado etishmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.