Allohga behad shukrlar bo'lsinki, ikki yillik tanaffusdan so'ng sabr ila kutilgan, dinimizning beshinchi arkoni bo'lgan Haj ziyorati ham boshlandi. Bundan quvongan o'n minglab yurtdoshlarimiz qalbida quvonch, dillarida shukronalik bilan shu kunlarga etkazgani uchun Allohga hamdlar aytib, muborak safar tomon otlandi.
Bugun erta tongda Toshkent xalqaro aeroportida bo'lg'usi hojilarni Saudiya Arabistoniga kuzatish marosimi ana shunday his-hayajonlarga, dil so'zlariga boy bo'ldi.
Bunday ulug' baxtga erishgan yurtdoshlarimizni kuzatish uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo'lishdi. Yurtdoshlarimizni kuzatish jarayonida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari ishtirok etib, Alloh taoloning bayti sari yo'l olayotgan ziyoratchilar eson-omon muborak qadamjolarni ziyorat qilib kelishlari, ushbu ziyoratni yurtimiz va butun dunyo musulmonlarga bardavom qilishini so'rab xayrli duolar qildilar.
Shu bilan orzulari ro'yobidan his-hayajonga to'lgan “Haj – 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo'nab ketdilar.
Keyingi ziyoratchilar shu yilning 18-30 iyun' kunlari Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina yo'nalishlari bo'yicha haj safariga kuzatiladi va xuddi shu yo'nalishlar bo'yicha 14-31 iyul' kunlari yurtimizga qaytib keladilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilsin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا ابن عفان العامري نا ابن نمير عن الأعمش عن شقيق قال: قال عبد الله قال رسول الله صلى الله عليه وسلم عليكم بالصدق فإن الصدق يهدي إلى البر والبر يهدي إلى الجنة وإن الرجل ليصدق حتى يكتب عند الله صديقا وإياكم والكذب فإن الكذب يهدي إلى الفجور والفجور يهدي إلى النار وإن الرجل ليكذب حتى يكتب عند الله كذابا.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bunday dedilar: “Rostgo‘ylikni lozim tuting. Chunki rostgo‘ylik ezgulikka boshlaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi faqat rost gapiraversa, Allohning huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘ondan saqlaning. Chunki yolg‘on fisq-fujurga boshlaydi, fisq-fujur esa do‘zaxga boshlaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida kazzob deb yozilib qoladi”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi