Allohga behad shukrlar bo'lsinki, ikki yillik tanaffusdan so'ng sabr ila kutilgan, dinimizning beshinchi arkoni bo'lgan Haj ziyorati ham boshlandi. Bundan quvongan o'n minglab yurtdoshlarimiz qalbida quvonch, dillarida shukronalik bilan shu kunlarga etkazgani uchun Allohga hamdlar aytib, muborak safar tomon otlandi.
Bugun erta tongda Toshkent xalqaro aeroportida bo'lg'usi hojilarni Saudiya Arabistoniga kuzatish marosimi ana shunday his-hayajonlarga, dil so'zlariga boy bo'ldi.
Bunday ulug' baxtga erishgan yurtdoshlarimizni kuzatish uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo'lishdi. Yurtdoshlarimizni kuzatish jarayonida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari ishtirok etib, Alloh taoloning bayti sari yo'l olayotgan ziyoratchilar eson-omon muborak qadamjolarni ziyorat qilib kelishlari, ushbu ziyoratni yurtimiz va butun dunyo musulmonlarga bardavom qilishini so'rab xayrli duolar qildilar.
Shu bilan orzulari ro'yobidan his-hayajonga to'lgan “Haj – 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo'nab ketdilar.
Keyingi ziyoratchilar shu yilning 18-30 iyun' kunlari Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina yo'nalishlari bo'yicha haj safariga kuzatiladi va xuddi shu yo'nalishlar bo'yicha 14-31 iyul' kunlari yurtimizga qaytib keladilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilsin, Baytulloh yonida duo qilishni barchamizga nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida Qarshi shahridagi 100 nafar ehtiyojmand oila farzandiga yangi o‘quv qurollari to‘plamlari beg‘araz topshirildi.
Qo‘lida yangi portfel va kitob-daftar tutgan jajji o‘quvchilarning yuzidagi samimiy tabassum va quvonch bu ezgu ishning naqadar qadrli ekanini ko‘rsatdi. Zero, ilm istagan qalbga qanot bo‘lish — eng ulug‘ savoblardandir.
Tadbir yakunida xayriyada hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati