Kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasida idora va “Qur'on va tajvidni o'rgatish” bo'limi tashabbusi bilan Ramazon oyidagi xatmi Qur'on tadbirlarida munosib ishtirok etgan xofizi qorilani taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri jome masjidlaridagi xatmi Qur'onlarda munosib ishtirok etib, go'zal tilovati, tajvidi va odob-axloqi bilan namozxonlarning mehri va hurmatini qozongan, “Qur'on va tajvidni o'rgatish” bo'limi tomonidan ma'lum mezonlar asosida saralab olingan 26 nafar qorilar taqdirlandi.
Tadbirda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, birinchi o'rinbosari Homidjon domla Eshmatbekov hamda “Qur'on va tajvidni o'rgatish” bo'limi mudiri Shayx Alijon qori ishtirok etib, yurtimizda yil sayin qorilarimiz safi ham xatmi Qur'onlar o'qilayotgan masjidlarimiz soni ham ko'payib borayotganini e'tirof etishdi.
Shu bilan birga bu yilgi Ramazon xatmi Qur'onlari har yilgidan ko'ra, shukuhli o'tganini, buni Qur'onga muhabbatli xalqimiz ham alohida e'tirof etayotganini ta'kidladilar. Qolaversa, O'zbekiston tarixida ilk bor tashkil etilgan qorilarni taqdirlash marosimi bundan keyin bardavom bo'lishini qayd etdilar.
Tadbir davomida qorilarga Vaqf fondi tomonidan taqdim etilgan pul mukofotlari va qimmatbaho sovg'alar topshirildi.








O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Navoiy viloyati hududida joylashgan qadimgi Hazora qishlog‘idagi me’moriy yodgorlik – Deggaron masjidi VII–IX asrlarda qurilgan bino o‘rniga XI asrda bunyod etilgan.
Bu Navoiy viloyatida topilgan masjidlardan eng qadimgisi. Keyinchalik, masjid, sopol qozon yasovchilar mahallasi guzarida joylashgani uchun «Deggaron masjidi» deb nomlangan. O‘rta asrlarda Hazora o‘rtacha shahar sifatida mashhur edi. Yonida esa bir kanal qazilgani eski arab manbalarida zikr etilgan. Shahar Buxoro vohasining «Ulkan cho‘l» bilan chegarasida qo‘riqlash funksiyalarini bajargan va «Kampir duvol» deb atalmish eski fortifikatsiya tizimiga kirgan.
Masjidning tashqi ko‘rinishi kub shaklida, usti gumbazlar bilan yopilgan, xona ichida pishiq g‘ishtdan to‘rt g‘o‘la (ustun) ishlangan. Qolgan devori xom g‘ishtdan tiklanib, yuzasi pishiq g‘isht bilan qoplangan. To‘rt rukn – ustun (diametri 128 sm) xonaqoh ichini devorsiz to‘qqiz qismga ajratgan. Markaziy qismi nisbatan yirikroq gumbaz bilan yopilgan. Boshqa qismlarga – bir tomonidan devorga, qarshi tomonidan ustunga tayantirib, yana sakkizta kichik gumbaz ishlangan. XX asrda masjidning janubiy va sharqiy devorlariga taqab sinchkor ayvon qurilgan. Ayvon ustunida binoning 1910 yili qayta qurilgani qayd etilgan. Keyinchalik ayvonlari vayron bo‘lgan.
Deggaron masjidi – islomiyat davrining Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan qadimiy sajdagohi sifatida me’moriy o‘ziga xosligi va sodda salobati bilan diqqatga sazovor.
Oyina.uz