Ayni damda O'zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Ural, Privoljskiy hamda janubiy okruglarida bo'lib, bu ulkalarda ta'lim olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz holidan xabar olib, ular faoliyat yuritayotgan joylarda yaratib berilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishmoqda. Shu bilan birga har bir hududning rasmiy doiradagi mas'ullari bilan muloqotlar o'tkazib, vatandoshlarimizga etarlicha e'tibor qaratish masalalari muhokama etilmoqda.
Bunday uchrashuvlar diniy-ma'rifiy yo'nalishda ham olib borilayotgani nihoyatda samarali kechmoqda. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov bir qancha diniy boshqarma rahbariyatlari bilan uchrashib, o'zaro aloqalarni mustahkamlash va tajribalar almashish, vatandoshlarimizning emin-erkin ibodat qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish bo'yicha muzokaralar olib bormoqdalar.
Bunday muloqot kuni kecha Tyumen viloyati musulmonlari diniy boshqarmasi raisi Zinnat hazrat Sodiqov hamda Ibrohimjon domla Inomov o'rtasida bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda ikki diniy tashkilot o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, o'zbek diasporasi vakillari bilan olib borilayotgan ma'rifiy ishlarga alohida to'xtalindi.
Shuningdek, shu kuni Ibrohimjon domla Inomov Tyumen sanoat universiteti talabalari, mehnat muhojirlari bilan uchrashib, “O'zaro xalqlar do'stligi", "Milliy qadriyatlarimiz va diniy kadriyatlarimizni unutmaylik!" mavzusidagi madaniy-ma'rifiy tadbirlarda ishtirok etib, manfaatli suhbat qilib berdilar.
O'zbekiston delegatsiyasining amaliy tashrifi davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.