Bugun, 16 iyun' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida “Haj – 2022”ning ishchi guruhi, shifokorlar va oshpazlar jamoalari ishtirokida joriy mavsumni har jihatdan namunali o'tkazish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Allohga shukrki, 2022 yil saodatli yil bo'lib, haj ziyoratiga yo'l ochildi. Hatto, ochilganda ham pandemiyadan avvalgiga qaraganda qariyb 4 ming nafar, 52 foizga ko'paydi. Albatta, bunda davlatimiz rahbarining O'zbekiston aholisiga berilgan imkoniyatlarning samarasi bo'ldi. Bu, shubhasiz, millionlab insonlarning qalbiga xursandchilik olib kirdi.
Yig'ilishda Muftiy Nuriddin domla hazratlari haj qiluvchi kishi Alloh taoloning mehmoni ekani, haj amalini bajarayotgan kishiga ko'mak bergan, uning og'irini engil qilgan inson ulug' savob va darajotlarga noil bo'lishini so'zladilar. Har bir ishchi guruhi a'zosi ana shunday ulug' darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O'zi rozi bo'ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishni alohida qayd etdilar. Shuningdek, ishchi guruhi jamoalarining har bir a'zosi mavsum davomida tartibli va xushmuomalali bo'lishini ham alohida ta'kidladilar.
So'zga chiqqan notiqlar ziyoratchilarning ibodatlari mukammal bo'lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida Makka va Madina shaharlaridagi haj ishchi guruhi a'zolari, guruh rahbarlari va shifokorlar belgilangan vazifalarni tartibli va mukammal bajarishlari juda ham zarur ekanini ta'kidladilar.
Avvalo haj safarini ado etish baxtiga muyassar bo'lgan yurtdoshlarimiz muborak zamindagi har bir onlarini mazmunli o'tkazishlari, bu kunlarning har bir soniyasini g'animat bilib, undan foyda olib qolishlari yo'lida bor kuch-g'ayratni sarflashlari darkorligi so'zlandi.
Haqiqatan, yurtimiz hojilari Islomning beshinchi farzini bajarish chog'ida hukumatimizning ko'magini, beqiyos g'amxo'rligini his qilib turadilar. Zotan, taraqqiyotimizning yangi davrida Islom dini arkonlarini ado etish uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Bularning barchasi davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan odamlarni rozi qilish yo'lida olib borilayotgan xayrli ishlar mevasidir. Aholisi rozi yurtga Yaratgan ham ne'matlarini yog'diradi inshaa Alloh.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati