Mazkur asar muqaddimasida hazrat Navoiy: “Har ko'y va ko'chalarda yuguribmen va olam ahlidin har nav' elga o'zumni etkuribmen va yaxshi-yamonning af'olin bilibmen va yamonu yaxshi xislatlarin tajriba qilibmen”, deb ta'kidlaganlar.
Asar Navoiy bobomiz hayotining oxirgi davri, ya'ni keksalik davrida muayyan hayotiy tajribaga ega bo'lganidan keyin yozilgani e'tiboridan, uni donishmandona kuzatishlar mahsuli deyilsa, xato bo'lmas. “Mahbub ul-qulub”da biror-bir munosabat va holat taqozosiga ko'ra, hammasi bo'lib 127 ta tanbeh keltiriladi.
“Tanbeh” so'zi “uyg'otish”, “ishora qilish”, “ogohlantirish”, “izohlash” kabi bir qancha ma'nolarni anglatadi. Shundan kelib chiqqan holda aytadigan bo'lsak, har bir tanbeh bejiz keltirilmay, ko'proq buyruq va amr ohangida aytiladi. Biror ishni qilish-qilmaslik, uning oqibati tushuntirilgandan keyin o'quvchi bu haqda o'ylanib, o'ziga tegishli xulosani chiqaradi.
Agar bir tanbehda bir amal yaxshi deyilgan bo'lsa, o'quvchida uni qilishga ishtiyoq uyg'otiladi, aksincha, agar bir amal yomon deyilgan bo'lsa, o'quvchida o'ziga etadigan ziyon-zarar haqida o'ylab ko'rishga imkon beriladi. Tanbeh ko'proq o'quvchini ogohlikka, biror yomon xislat yo illatdan xalos bo'lish, unga yaqin bo'lmaslikka chaqiradi.
Alisher Navoiy bobomizning xalqona tilda aytilgan sodda va purma'no tanbehlarining ayrimlari xalqimiz orasida hikmatli so'z yoki maqol tusini olgan: “Bilmaganni so'rab o'rgangan olim, orlanib so'ramagan o'ziga zolim”, “Oz-oz o'rganib dono bo'lur, qatra-qatra yig'ilib daryo bo'lur”, “Har kimki so'zi yolg'on, yolg'oni zohir bo'lg'och uyolg'on”, “Tilga e'tiborsiz – elga e'tiborsiz”, “Sabr bila ko'p bog'lig' ish ochilur, ishda oshuqqon ko'p toyilur, ko'p toyilg'on ko'p yiqilur”.
Navoiy bobomiz “Ko'ngul mahzanining qulfi til va ul mahzanning kalidin so'z bil” deganida, ko'ngilni bir xazinaga o'xshatsa, qulfini til va uni ochadigan kalitni so'z deb keltiradi. Teranroq o'ylab ko'rilsa, insonga yaxshilik ham, yomonlik ham aslida tilidan etadi.
Hususan, mazkur asarning 50-tanbehida:
“Har kimki so'zi yolg'on, yolg'oni zohir bo'lg'och uyolg'on. Yolg'onni chindek aytquvchi suxanvar – kumushni oltun ro'kach qiluvchi zargar. Yolg'on afsonalarda uyqu keltirguvchi, yolg'onchi uyquda takallum surguvchi. Yolg'on aytquvchi g'aflatdadur. So'zning asnofi bag'oyat cho'qdur (ko'pdur), yolg'on yamonroq sinfi yo'qtur”,
deyiladi.
Bu tanbehda yolg'on yomon illatlar qatorida ta'kidlanib, yolg'onchi xuddi kumushni oltin deb ko'rsatadigan kishiga o'xshatiladi. Shuningdek, yolg'on so'zlaguvchi kishi aytayotgan rivoyat yoki naql ham ensani qotirishi va unda hech qanday qadr-qiymat bo'lmasligi ma'lum qilinadi. Bunga sabab esa yolg'onchi har doim g'ofilligi tufayli aytayotgan so'ziga javobgarlik va mas'uliyatni his etmaydi.
Yana bir tanbehda: “Chin so'z yolg'ong'a chulg'ama, chin ayta olur tilni yolg'ong'a bulg'ama. Yolg'onchi kishi emas. Yolg'on aytmoq eran (mard)lar ishi emas”, deyilgan. Bu tanbehda ham yolg'on so'zlaguvchini inson emas, yolg'on so'zlash mardlar ishi emas deyilmoqda. Yolg'on xususida aytilgan tanbeh haqida jiddiyroq o'ylab ko'rilsa, dastlab yolg'on so'z yoqimli, foydali va jozibalidek o'ziga maftun etadi. Chunki muomala qilinayotgan kishini g'aflatda qoldirib, yolg'on bois o'z ishini bitirib olishi mumkin. Biroq bunga odatlanib qolinsa, el nazaridan qolib, unga hech kim ishonmay qo'yadi. Chunki u oltin deb aytayotgan narsa aslida kumush, shu bois bu yolg'oni fosh bo'lgandan keyin faqat o'zi zarar ko'radi, ammo bu yolg'onga inson qanday odatlanadi desak, bu har bir bolaning o'z oilasida oladigan ta'lim-tarbiyasi bilan bog'liq. Agar ota-ona o'zi yolg'ondan qochib, bolasini ham undan qaytarsa, farzand voyaga etganda aslo yolg'on gap-so'zni tiliga olmaydi. Misol uchun, hozirda internet va telefon orqali qancha kishilar yolg'on va uydirmalarni eshitadi, unga ishonadi va bir-biriga xabar berib, qimmatli vaqtini behuda va gunoh ishlarga zoye ketkizadi. Ayrimlar tanishlari qo'ng'iroq qilib qolsa, agar u bilan gaplashishni xohlamasa, bolaga “uyda yo'q” deb aytishni buyuradi. O'zi ham yolg'onchi bo'ladi va bolasini ham yolg'onga o'rgatib, gunohkor qiladi. Mana shu holat bolalar ruhiyati va ma'naviy holatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bora-bora bu yolg'on kattalashib, butun jamiyatga tarqalishi mumkin.
Bobomurod ERALIYeV,
Alisher Navoiy nomidagi
Adabiyot muzeyi tadqiqotchisi
Alisher Navoiyning she'riy va ilmiy-ma'naviy durdonalarida keltirilgan har bir so'z va ibora hikmatli bo'lib, uning mag'zini chaqish va ma'no-mohiyatiga etish oson emas. Axloqiy-ta'limiy qarashlarga bag'ishlangan “Mahbub ul-qulub” asarida ta'lim-tarbiya, odob-axloq va go'zal fe'l-atvorlar qatori insonda uchraydigan yomon xislat va illatlar haqida so'z yuritiladi hamda uning oqibatida hushyor va ogoh bo'lishga da'vat etiladi.
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV