Bugun, 15 iyun' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida “Vatanni sevmoq imondandir” insholar tanlovi respublika bosqichi ishtirokchilari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Tadbir an'anaga ko'ra Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Dastlab O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Halqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov talaba-yoshlarni nufuzli tanlovdagi ishtiroklari bilan qutlab, yurtimizda diniy ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikning asosiy tamoyillari, yoshlarning ma'naviyati, ilmini oshirish bo'yicha qilinayotgan ishlar, sohadagi so'nggi yangiliklar bo'yicha ma'lumot berdi.
Muzaffar Komilov o'z so'zida davom etib, buyuk allomalarimiz Vatanga bo'lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko'plab asarlarini yurt nomi bilan bog'laganlari, buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi va Nodirabegimlar siymosida vatanga muhabbat, uning himoyachisi qanday bo'lishiga yorqin misol ekanliklari, yoshlarimiz ham aziz vatanimizga ana shu ajdodlarga munosib bo'lib, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo'shishlarini ta'kidladi.
Shundan so'ng O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari so'zga chiqib, talaba-yoshlarni nufuzli tanlovda ishtiroki va O'zbekiston musulmonlari idorasiga tashrifi bilan qutlab, yurtimizda juda katta islohotlar bo'layotgani, ayniqsa, diniy sohada kechayotgan o'zgarishlarni har qancha gapirish mumkinligini ta'kidladi.
Muftiy hazratlari nutqlari davomida “Islomda Vatanga bo'lgan muhabbat” mavzusida so'zlab, aslida Vatan ona kabi muqaddas, deb bejiz aytilmagani, har bir mo'min va muslima qaysi sohada bo'lmasin o'zi tug'ilib o'sgan yurti ravnaqiga hissa qo'shishga bel bog'lasa, insha Alloh uning ikki dunyosi obod bo'lishi, Vatanga muhabbati yo'q insondan esa yaxshilik kutib bo'lmasligini alohida qayd etdilar. Shuningdek, Muftiy hazratlari Islom manbalarida Vatanga muhabbat to'g'risida kelgan voqea-hodisalarni so'zlab berdilar.
Uchrashuv davomida Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Davron Maxsudov ham so'zga chiqib, Yangi O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, diniy ta'lim muassasalari haqida gapirdi. Shuningdek, talabalik davrini g'animat bilish, ko'proq o'qib-o'rganib, ustozlardan ilm olish payida bo'lish haqida o'z tavsiyalari bilan o'rtoqlashdi.
Diniy soha rahbarlari bilan uchrashuv davomida talaba-yoshlar ham so'z olib, o'z fikr-mulohazalarini bayon etdi, ana shunday uchrashuvlar tashkil etilgani uchun minnatdorchilik bildirdilar hamda o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
وحدثنا إسحاق بن إبراهيم بن جبلة نا عبيد الله بن موسى أنا إسرائيل، عن سماك أنه سمع موسى بن طلحة يحدث عن أبيه قال: مررت مع النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم في نخل فرأى قوما في رءوس النخل يلقحون النخل فقال: ما يصنع هؤلاء؟ قالوا: يجعلون الذكر في الأنثى قال: ما أظن ذلك يغني شيئا فبلغهم ذلك فتركوه فنزلوا عنها فبلغ ذلك النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: إنما هو ظن ظننته، إن كان يغني شيئا فاصنعوه، فإنما أنا بشر مثلكم وإن الظن يخطئ ولكن ما قلت لكم: قال الله تعالى فلن أكذب على الله عز وجل.
Muso ibn Talha otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bilan birga (Madina) xurmozorlari orasidan o‘tdim. U zot xurmolar ustiga chiqib olib, changlatayotgan odamlarni ko‘rib: “Anavilar nima qilishmoqda?” dedilar.
Odamlar: “(Xurmoning) erkagini urg‘ochisiga qo‘shmoqda”, dedi.
U zot: “Menimcha, undoq qilish biror foyda bermas, deb gumon qilaman”, dedilar.
Haligi odamlarga buning xabari yetib borganda, ular u(changlatish)ni tark qildi va xurmolardan tushdi. Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallamga bu haqda xabar berilganda: “U mening bir gumonim, agar o‘sha narsa ularga manfaat bersa, uni qilaversin! Albatta, men ham sizlar kabi basharman. Albatta, gumon xato qiladi. Lekin sizlarga “Alloh taolo bunday dedi”, deb biror narsa aytsam, zinhor Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on so‘zlamayman”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD