Bugun, 15 iyun' kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2018-2022 yillar oralig'ida ta'lim olgan talabalarning “Hatmona – 2022” bitiruv tadbiri bo'lib o'tdi. Hatmonada O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, bir qator ulamolaru olimlar, diniy soha xodimlari hamda ta'lim muassasasining o'qituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Bitiruvchilarni kuzatishga bag'ishlangan tantanali tadbir Qur'on tilovati bilan boshlandi. So'ngra marosimni institut rektori Uyg'un G'afurov kirish so'zi bilan ochib, tashrif buyurgan mehmonlar va bitiruvchilarni tantana bilan samimiy muborakbod etdi va ularning kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi.
Tadbirda Muftiy Nuriddin domla hazratlari bitiruvchilarni qutlar ekanlar, kelgusida dinimiz rivoji va xalqimizning diniy-ma'rifiy kamoloti yo'lidagi xizmatlariga oq yo'l tilab, xayrli duolar qildilar.
Shuningdek, xatmona tadbirida 2021-2022 o'quv yili yakunlari bo'yicha yuqori ko'rsatkichlarga erishgan bilim yurti talabalariga tashakkurnoma hamda a'lo o'qishi va namunali xulqi, jamoat ishlarida faol ishtirok etgan talabalarga bilim yurtining maqtov yorlig'i va esdalik sovg'alari topshirildi.
Ma'lumot uchun qayd etish joizki, bu yil institutning kunduzgi ta'lim yo'nalishi bo'yicha jami 92 nafar talaba bitirdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati