Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Musohaba

15.06.2022   1191   4 min.
Musohaba

Imom Moturidiy esa tashbeh qo'rquvi va ta'til xavfi bilan harakat qilib, chuqur ketgan har ikki fikrni qabul qilish zarur emas degan qarashda bo'lgan. Unga ko'ra, tavhid ahli bo'la olish uchun Allohning ism va sifatlarini isbot qilish majburiyati bor. Zero, Allohning zotini, Rab ekanini, kamchilik va nuqsonlardan pokligini bilish faqat ism va sifatlari orqaligina mumkindir.

Imom Moturidiy aytadi: «Biz olamning Yaratuvchisi bir va qa­dim ekanini isbot etdik. U hol­da Uning o'xshashi, ziddi va tengi yo'q bo'lishi kerak. Chunki bularning bar­chasi uluhiyat (ilohiylik)­ga zid­dir. Agar Allohga o'xshash bi­ror bor­liq mavjud bo'lganida edi, bu yo qadim (avvali yo'q bo'li­shi kerak), yoki hadis (keyin pay­do bo'lgan) bo'­lardi. Har ikki ji­­hat ham botil bo'lgani sababli Alloh yaratilganlarga o'xshashdan mu­nazzahdir. Huddi shu tarzda Alloh­ning ism va sifatlari ham yaratilganlar­ning ism va sifatlariga o'xsha­masligi lozim.

Allohning barcha ism va sifatlari azaliydir. Faqat sifatlar­ni ifoda etgan kalima va lafzlar hadis bo'lib, bu ilohiy sifatlarning maxluqotlar sifatlariga o'xshamasligini to'­liq ma'noda ochib berishga etarli emas. Shu bilan birga, Alloh haqida boshqa yo'l orqali ma'lumot olish imkoniyatimiz yo'qligi sababli bu lafzlarga murojaat etishga majburmiz. Allohni o'rganishimizda ishlatadigan so'zlar Uning zotini zehnda idrok etishimizga yordam beradigan va zotida mavjud bo'lgan ma'nolarni tushuntiruvchi usullar hi­soblanadi. Garchi bu lafzlar ba'zi hollarda Alloh munazzah bo'lgan ma'nolarni zehnda gavdalantirsa ham, tashbeh­ni o'rtadan olib tashlashda boshqa lafz­larni ishlatish bilan bu xatarni yo'q qilish mumkin. Masalan, “Alloh olimdir, faqat biz bilgan olim­lar kabi emas, Uning ilmi ham bizning ilmimizga o'xshamaydi”, deymiz».

Shuni bilib olish kerak, tavhid aqidasi barcha tashbeh va o'xshatish xavfini yo'q qiladi. Tavhid aqidasi boshlanishida tashbehga o'xshab ko'ringani bilan oxirida tanzihga boradi1.

Bunday toza mantiq ishlatgan Abu Mansur Motu­ri­diy Allohni nasslar (oyatu hadislar)da kelgan ism va sifatlar bilan ta'riflashni zarur deb biladi. Unga ko'ra, sifatlarni isbot etish Allohni har xil nuq­sonlardan pok etish g'oyasiga tayangani bois, xoh zotiy bo'lsin, xoh fe'liy – barcha ilohiy sifatlarning qadim bo'lishi shart. Chunki, agar ular hodis bo'ladigan bo'lsa, u holda Allohning azaldagi komilligi haqqoniy bo'l­may qoladi. Bu esa ilohiylik bilan muvofiq kelmaydi.

Masalan, “Allohning ilmi va qudrati azalda yo'q edi” deyilsa, buning ma'nosi “johil va ojiz edi” degan bo'lib qoladi. Bu qarashning noto'g'riligi ma'lum. Qolaversa, qudrati yo'q bo'lgan holda O'ziga ilm yaratishi, ilmi yo'q bo'lgan holda qudrat yaratishi mumkin bo'lmagani sabab boshqaga muhtoj bo'lishiga to'g'ri keladi. Bu ham ilo­hiylikka ziddir. Shuning uchun ham Allohning barcha sifatlari qadim va zoti bilan qoyyim bo'­lishi shartdir.

Imom Moturidiy ilohiy ismlarning qadim bo'lishi shartligini aqliy va mantiqiy dalillar bilan isbot qilib bo'lgach, bu ismlar ifoda et­gan ma'nolarning Alloh zotida mav­jud bo'lmog'i zarurligi haqida to'xtaladi. Allohning olim ekani ma'nosi ilmi tengsiz, qodirligining ma'nosi qudrati cheksiz deganidir.

Allohning bu sifatlar bilan qan­day vasflanishi masalasiga kelgan­da esa, Imom Moturidiy bu mavzuning bilib bo'lmasligi fik­ridadir. Chunki sifatlarning kayfiyatlarini bilish, Allohga o'xshash boshqa borliqning borligini taqozo ettiradi. Bu esa imkonsizdir.

Imom Moturidiyga ko'ra, Alloh­ning si­fatlari na Uning zotidir va na undan tashqaridadir. Shu sababdan ham mu'taziliy oqimi ilgari surgan taaddudi qudoma (azaliylarning bittadan ko'p bo'lishi; ya'ni bittadan ko'p ilohlarning borligi) muammosi o'rtaga chiqmagani kabi, sifat-mavsuf ikkiligidan ham so'z yuritilmaydi. Chunki ikkita boshqa-boshqa borliqdan gap ochish uchun birini boshqasidan ajratish lozim bo'ladi. Vaholanki, Allohning zoti bilan sifatlarini bir-biridan ajratishning imkoni yo'qdir2.

Muhammadayyubxon HOMIDOV,

O'zbekiston musulmonlari

idorasi bo'lim mudiri

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Umra – 2025/2026” mavsumi uchun nimcha va sumka tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi

14.07.2025   991   2 min.
“Umra – 2025/2026” mavsumi uchun nimcha va sumka tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi

I. Tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
 

  1. Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha xat;
  2. Korxona guvohnomasi va rahbarining pasport nusxasi;
  3. Bankdan K-2 shaklidagi ma’lumotnoma;
  4. Erkak va ayollar uchun bittadan nimcha namunasi;
  5. Tijorat taklifi;
  6. Korxonaning so‘nggi bir yilda bankdagi pul mablag‘lari aylanmasi haqida ma’lumot;
  7. Bog‘lanish uchun telefon raqam.

 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.

 

II. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar nimchasi) uchun qo‘yilgan talablar:

 

  1. Nimcha 50, 52, 54, 56 va 58 o‘lchamlarda tikilishi;
  2. Nimchalarning oldi tugmali bo‘lishi;
  3. Nimchaning orqa tomoni tepasida O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan bo‘lishi;
  4. Nimchaning orqa tomoni (bayroq tepasida) qismida lotin harflarida “UZBEKISTAN” yozuvi bo‘lishi;
  5. Bir dona nimcha og‘irligi 190-220 gramm zichlikda bo‘lishi;
  6. Nimchalar moviy (och ko‘k) rangda bo‘lishi;
  7. Ikki yonida cho‘ntak bo‘lishi;
  8. Old yuqori chap cho‘ntak ustida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazining logotipi bo‘lishi.

 

 III. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar sumkasi) uchun qo‘yilgan talablar:

  1. Yorqin rangda bo‘lishi;
  2. Sumkaning og‘irligi 250-280 gramm zichlikdagi matodan bo‘lishi;
  3. Yon tomonda suv idish uchun cho‘ntak bo‘lishi;
  4. Oldi tomondan O‘zbekiston bayrog‘i va lotin harflarida “UZBEKISTAN” yozuvi bo‘lishi;
  5. Oldi tomonda shaxsiy ma’lumotlar uchun shaffof cho‘ntak bo‘lishi. 

 

Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan korxona va tashkilotlar 2025 yil 1 avgust kuniga qadar yuqoridagi talablar asosida hujjatlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etishlari mumkin.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy. Telefon: 71-240-04-75, 98-140-04-75

O'zbekiston yangiliklari