Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Dekabr, 2025   |   17 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:11
Quyosh
07:36
Peshin
12:20
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
08 Dekabr, 2025, 17 Jumadul soni, 1447

Islomda lizing amaliyoti

15.06.2022   2194   3 min.
Islomda lizing amaliyoti

Lizing – bu uzoq muddatli ijara bo'lib, shartnoma yakunida ijaraga olingan obektni sotib olish imkoni beriladi yoki to'g'ridan to'g'ri ijaraga olgan shaxs obektning haqiqiy egasiga aylanadi. Bir tomondan oddiy ijaraga o'xshaydi lekin o'rtasida farq kattagina.

Shu bilan birga, lizing – bu xizmatdir. Misol uchun, avtomobilni lizingga olmoqchi bo'lgan kishi ushbu xizmat turini ko'rsatuvchi kompaniyaga tashrif buyuradi. O'z navbatida kompaniya, o'z mablag'lari hisobiga avtomobilni harid qiladi va uni mijozga ma'lum miqdordagi to'lov evaziga muddatli foydalanish uchun topshiradi. Belgilangan ijara muddati yakunlanganidan so'ng esa, avtomobilga egalik qilish huquqi bevosita mijozning nomiga o'tadi.

Hozirgi kunda lizing kompaniyalari yoki banklar tomonidan taklif qilinayotgan an'anaviy lizing shartnomalari bir nechta sabablarga ko’ra shariatning bu sohadagi me’yorlariga muvofiq bo’lmay, ular quyidagilar:

  1. Bir shartnomada ikkita aqd (bitim) bo'lib qolganligidir. Bu ikki aqd bir biriga shart qilib qo'yilgan. Yani, hozir ijaraga beraman, ijara muddati yakunida ijaraga bergan narsamni senga hadya qilaman, desa hadya aqdi qo'shilib qoladi. Yoki muddat yakunida mahsulotni senga sotaman, desa savdo aqdi qo'shilib qoladi. Bu kabi holatlarda yuqorida ta’kidlanganidek, bitta shartnomada ijara va hadya qilish yoki ijara va savdo aqdi jamlanib qoladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda "Rosululloh sollallohu alayhi vassallam bir savdoni ichida ikki savdodan qaytardilar". Termiziy rivoyati.
  2. Barcha ijara hukmlari joriy qilinishi kerak. Yani ijaraga berilgan narsa ijaraga oluvchining aybisiz talofatga uchrasa, ijaraga bergan tomon zomin ya’ni, javobgar bo'lishi kerak. Hozirgi kunda joriy bo'lib turgan an'anaviy lizing shartnomalarida esa, ijaraga olgan tomon javobgar bo'ladi.

3.Agar sug'urta qildirmoqchi bo'lsa, sug'urta harajatlari ijaraga beruvchining zimmasida bo'lishi lozim, shunda islomiy sug'urta qoidalariga muvofiq bo’ladi.

4.Ijaraga olingan obekt buzilib qolib, undan foydalanish imkonsiz bo’lsa, ijaraga oluvchi tomon o'sha foydalana olinmagan muddatga ijara to'lamaslik huquqiga ega bo'lishi kerak.

5.Ijara haqini to'lash mulk ijaraga oluvchiga topshirilgandan keyingina boshlanishi lozim. Hozirgi kunda joriy bo'lib turgan an'anaviy lizing shartnomalarida esa, lizing kompaniyasi mol yetkazib beruvchi (sotuvchi)ga pul o'kazgan paytdan boshlab xaridorning to’lov muddati boshlananadi (huddi bank krediti kabi).

  1. Ijaraga oluvchi tomonidan bitim shartlari buzilmasa, ijara beruchi bitimni bir tomonlama buzish huquqiga ega bo'lmasligi kerak. An'anaviy lizing shartnomalarida esa buning aksini ko’rish mumkin.
  2. O'z vaqtida amalga oshirilmagan to'lov uchun undiriladigan jarima uchinchi tomonga xayriya qilinishi shart. An'anaviy lizing shartnomalarida lizing kampaniyasining hisobiga tushadi.

Lizing amaliyoti to’g’ri joriy bo'ishi uchun yuqoridagi shartlarga amal qilinishi lozim.

Shuningdek, bu bitimdan alohida shaklda, ijara muddati tugagandan keyin ijaraga beruvshi mahsulotni ijaraga oluvchiga hadiya qilishga yoki sotishga va'da berishi to’g’ri bo’ladi, asosiysi savdoning shariatga muvofiq kelishidir.

 

Azizov Nodirxon, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

07.12.2025   5466   5 min.
O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda barcha huquq va erkinliklarimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, birlik va hamjihatlik, ortga qaytmas demokratik islohotlarimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.

Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, yanada keng vakolat va mas’uliyatga ega bo‘lgan milliy parlamentimiz hamda ilk marta mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar boshchilik qilayotgan viloyat Kengashlari, jamiyat boshqaruvida o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan mahalla instituti faoliyati misolida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning amaliy tasdig‘ini ko‘ramiz.

Ayniqsa, yangi parlamentimiz tomonidan joriy yilda sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonunlar hamda yurtimizda do‘stlik, hamjihatlik muhitini mustahkamlash, inklyuziv jamiyat, yoshlar, xotin-qizlar masalalari, kam ta’minlangan insonlar manfaatlarini himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash bo‘yicha ko‘plab muhim qarorlar qabul qilinganini ta’kidlash lozim.

Mahalliy kengashlar ham o‘z hududlaridagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Ular tomonidan o‘tgan davrda 25 mingdan ziyod masala muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingani, mansabdor shaxslarga 14 mingga yaqin deputatlik so‘rovlari yuborilgani ham shundan dalolat beradi.

Vakillik organlarini chinakam xalq minbari, xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizning davomi sifatida 2026 yilning 1 yanvaridan tuman va shaharlarda ham hokim va Kengash raislari vazifalarini alohida ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Bir so‘z bilan aytganda, xalq hokimiyatchiligi, vakillik demokratiyasi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarga bundan buyon ham sodiq qolib, ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimizni yanada qat’iy davom ettiramiz.

Hurmatli do‘stlar!

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri, aholining huquq va manfaatlarini ta’minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan bu yilgi bayram tadbirlari orqali shu yo‘lda erishgan yutuqlarimiz chuqur tahlil qilinib, yangi va dolzarb vazifalar belgilab olinmoqda.

Keyingi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda qo‘lga kiritayotgan natijalarimizga shu nuqtayi nazardan baho berar ekanmiz, ularning zamirida, eng avvalo, insonparvarlik va xalqparvarlik tamoyillari mujassam ekanini va ular o‘z samarasini berayotganini alohida qayd etish o‘rinlidir. Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming 500 dollarni tashkil etgani, maktabgacha ta’limda qamrov 78 foiz, oliy ta’limda esa 42 foizga yetgani, odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan75,1 yoshga uzaygani va boshqa raqamlarni keltirish mumkin.

Konstitutsiyamizga asosan davlat zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish hamda yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1 million nafardan ziyod fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 6,6 foizga tushirildi.

Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash, mustahkam huquqiy tizim va ochiq jamiyat barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda.

Masalan, 2025 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi. Global innovatsiya indeksida yurtimiz Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha kuchli uchlikdan joy oldi. “S&P”, “Fitch” va “Moody's” kabi nufuzli xalqaro agentliklar tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi oshirildi.

Nufuzli xalqaro anjuman – YUNЕSKO Bosh konferensiyasi so‘nggi 40 yil davomida birinchi marta Parijdan tashqarida, ya’ni, Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi kunda biz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalash oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir.

Faqat Konstitutsiya va qonunlarimizga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim va amaliy tajriba asosidagina biz davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchimizni sharaf bilan ado eta olamiz. Shundagina Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi, bunyodkorlik salohiyati amalda yanada yorqin namoyon bo‘ladi.

Barchamiz uchun milliy mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimiz timsoli bo‘lgan Konstitutsiyamiz sharaflanadigan ushbu quvonchli ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklayman.

Siz, aziz yurtdoshlarimga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik va farovonlik tilayman.

Konstitutsiyamiz va barcha yutuqlarimizning ijodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

MAQOLA